Jahon | 13:50 / 25.02.2025
4817
9 daqiqa o‘qiladi

Muzokaralarni to‘xtatgan HAMAS, Kiyevga yig‘ilgan yetakchilar va Ukrainani qo‘llayotgan Turkiya - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

HAMAS muzokaralarni to‘xtatdi

HAMAS Isroil bilan sulh bo‘yicha keyingi qadamlarni muhokama qilmasligini ma’lum qildi. Harakat Isroil o‘z majburiyatlarini bajarib, 620 falastinlik mahbusni ozod etmaguncha, muzokaralar davom etmasligini ta’kidladi.

22 fevral kuni Isroil rejalashtirilgan mahbuslar almashinuvini kechiktirdi va HAMAS avval o‘z shartlarini bajarishi lozimligini bildirdi. Binyamin Netanyahu idorasi isroillik garovga olinganlarning kafolatli ozod qilinishigacha mahbuslar ozod etilmasligini e’lon qildi.

Vashington Tel-Avivning qarorini qo‘llab-quvvatlab, HAMASning harakatlarini tanqid qildi. AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili Brayan Hyuz Tramp ma’muriyati Isroilning HAMASga qarshi har qanday qarorini qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

HAMAS buni kelishuv buzilishi deb baholadi va vositachilarni Isroilni shartnomaga amal qilishga majburlashga chaqirdi.

G‘azodagi qurbonlar 48 mingdan oshdi

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi sulhga qaramay, G‘azo sektorida qurbonlar soni oshib bormoqda. Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 7 oktyabrdan buyon halok bo‘lgan falastinliklar soni 48 ming 346 nafarga yetdi, jarohatlanganlar esa 111 ming 759 kishini tashkil etmoqda.

So‘nggi 24 soat ichida isroillik harbiylar tomonidan o‘ldirilgan ikki falastinlik jasadi va vayronalar ostida qolgan besh nafar kishining jasadi kasalxonalarga yetkazilgan.

19 yanvardagi sulh kelishuviga qaramay, Isroil harbiylari vaqt-vaqti bilan G‘azo sektoridagi hujumlarini davom ettirmoqda. Falastin manbalariga ko‘ra, otashkesim kelishuvi kuchga kirganidan beri 92 falastinlik halok bo‘lgan.

Suriyaga qarshi sanksiyalar vaqtincha yumshatildi

Yevroittifoq tashqi ishlar vazirlari Suriya iqtisodiyotini tiklashga yordam berish maqsadida bir qator sanksiyalarni bekor qildi. Qarorga muvofiq, beshta bank, jumladan, Sanoat banki va Suriya arab havo yo‘llari cheklovlar ro‘yxatidan chiqarildi. Shuningdek, Yevropa va Suriya banklari o‘rtasidagi humanitar to‘lovlar va Markaziy bank bilan moliyaviy operatsiyalarga ruxsat etildi.

Yevropa Ittifoqi neft, gaz, energetika va transport sohalaridagi cheklovlarni ham vaqtincha bekor qildi. Biroq qurol-yarog‘, kimyoviy moddalar va noqonuniy giyohvand moddalar savdosiga bo‘lgan sanksiyalar o‘z kuchida qoldi.

YeI tashqi ishlar rahbari Kaya Kallas sanksiyalar vaqtincha bekor qilinganini ta’kidlab, zarurat tug‘ilsa, ular qayta joriy etilishi mumkinligini bildirdi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Suriyada aholining 90 foizi qashshoqlik chegarasidan pastda yashaydi, 16,5 million kishi esa humanitar yordamga muhtoj.

Turkiya Ukrainaning NATOga a’zoligiga qarshi emas

Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan mamlakat rasmiylarining rasmiy pozitsiyasi Ukraina NATOga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlash ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Anqara bu masalada pragmatik va realistik yondashuv zarurligini ta’kidlaydi.

Fidan 24 fevral kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan muzokara o‘tkazib, Ukraina va ikki tomonlama hamkorlikni muhokama qildi. Uning ta’kidlashicha, Turkiya Rossiya va AQSh o‘rtasidagi Ar-Riyoddagi muzokaralar haqida yaxshi xabardor va tinchlik o‘rnatishga qaratilgan har qanday tashabbusni qo‘llab-quvvatlaydi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Ukraina, Rossiya va AQSh o‘rtasidagi muzokaralar uchun Anqarani ideal platforma sifatida ko‘rishini bildirgan. Shu bilan birga, u 2024 yilda Ukraina NATOga tezda qabul qilinishi ehtimoli juda past ekanini ta’kidlagan.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Ukraina hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidladi. U Qrim platformasi sammitiga yuborgan videomurojaatida Ukraina bilan birdamligini bildirib, Rossiyaning Qrimni 2014 yilda noqonuniy anneksiya qilishiga qarshi chiqishini esga oldi.

Turkiya rahbari 2025 yil urush emas, tinchlik yili bo‘lishiga umid bildirdi. U barcha taraflarni diplomatik harakatlarni kuchaytirishga chaqirar ekan, Ramazon butun dunyoga tinchlik olib kelishini tiladi.

Ukrainaga armiya va moliyaviy yordam kerak

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakat xavfsizligini ta’minlash uchun kamida 800 minglik armiyani saqlab qolish zarurligini ta’kidladi. «Bu yo‘lda Kiyev tashqi moliyaviy yordamga muhtoj, ammo bu tinchlik va himoya uchun to‘lanadigan baho», dedi u.

Zelenskiy NATOga a’zo bo‘lmagunicha Ukraina o‘z armiyasini mustaqil moliyalashtirishi lozimligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Yevropaning ayrim mamlakatlari Kiyevga aniq xavfsizlik kafolatlari berishga tayyor emas.

Ukraina prezidenti 24 fevral kuni Kiyevda 13 davlat yetakchilari ishtirokida xavfsizlik masalalarini muhokama qildi. Unda AQSh vakillari qatnashmadi.

Ularning maqsadi – Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini muhokama qilish va ehtimoliy muzokaralar strategiyasini belgilash.

Yevropa Ittifoqi yetakchilari Ukraina taqdiri butun Yevropa uchun muhimligini ta’kidladi. Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Kiyevda «Ukraina – Yevropa» ekanligini eslatdi.

Kiyevga Ispaniya, Kanada, Latviya, Litva, Estoniya, Finlandiya, Daniya, Norvegiya, Islandiya va Shvetsiya yetakchilari keldi. Boris Jonson ham tashrif buyurganini ma’lum qildi.

Ukrainaning G‘arbdagi ittifoqchilari Kiyevga yangi yirik yordam paketlarini e’lon qildi.

Yevropa Ittifoqi mart oyida Ukrainaga 3,5 mlrd yevro ajratadi. Buyuk Britaniya 4,5 mlrd funt-sterling miqdorida harbiy yordam yo‘llaydi. Kanada esa zamonaviy qurol va o‘q-dorilar bilan birga, muzlatilgan rus aktivlaridan 5 mlrd dollar ajratadi.

Ispaniya Ukrainaga 1 mlrd yevrolik harbiy yordam tayyorlayotgani ma’lum qilindi. Shvetsiya havo hujumidan mudofaa tizimini kuchaytirish uchun 113 mln yevro ajratadi. Norvegiya Ukrainaga 3,5 mlrd yevro yo‘naltiradi, Daniya esa 270 mln yevrolik o‘q-dori va harbiy tayyorgarlik uchun mablag‘ ajratadi. Finlandiya esa Ukraina infratuzilmasini tiklash uchun 4,5 mln yevro yo‘naltirishini ma’lum qildi.

AQSh Ukrainaga qarshi ovoz berdi

BMT Bosh assambleyasi Ukraina va Yevropa davlatlari tomonidan taklif qilingan rezolyutsiyani qabul qildi. Hujjat Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lib, AQSh tomonidan rad etildi. Bu Vashington tashqi siyosatining keskin o‘zgarganini ko‘rsatdi. AQShga taassub qilib, Isroil va Vengriya ham rezolyutsiyaga qarshi ovoz berdi.

Rezolyutsiyani 93 davlat qo‘llab-quvvatladi. AQSh va Rossiya qarshi ovoz berdi, Xitoy esa betaraf qoldi.

Hujjat mualliflari orasida Yevropa Ittifoqi va Ukraina bor. Unda Rossiya agressor davlat, deb belgilanib, Moskvaga o‘z qo‘shinlarini Ukraina hududidan olib chiqish talabi qo‘yilgan.

Dastlab AQSh neytral pozitsiyani taklif qilgan, ammo Yevropa tomonidan Rossiya tajovuzini keskin tanqid qiluvchi tuzatishlar kiritilganidan so‘ng, Vashington butunlay qarshi chiqdi. Rossiya ham o‘z takliflarini bergan, lekin ular qabul qilinmadi.

Bu ovoz berish Ukrainadagi urushning uch yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan bo‘lib, AQSh va Yevropa o‘rtasidagi tobora kuchayib borayotgan kelishmovchilikni yaqqol namoyon qildi.

Zelenskiy Vashingtonga boradi

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiyni Oq uyda kutib olishi mumkin. Unga ko‘ra, Zelenskiy shu hafta yoki kelgusi hafta Vashingtonga tashrif buyurib, qimmatbaho metallar bo‘yicha kelishuvni imzolashi kutilmoqda.

Tramp bu haqda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashuvi davomida ma’lum qildi. U Ukraina va Rossiya bilan tinchlik muzokaralari olib borilayotganini ta’kidlab, Kiyev bilan nodir metallar kelishuvi bo‘yicha kelishuv deyarli tayyor ekanini aytdi.

«Men prezident Zelenskiy bilan uchrashaman. U Vashingtonga kelishga tayyorlanmoqda. Bu kelishuv AQSh va Ukraina iqtisodiyoti uchun katta ahamiyatga ega bo‘ladi», — dedi Tramp.

Donald Tramp Ukraina okkupatsiya qilingan hududlarning bir qismini qaytarishi mumkinligini bildirdi. Uning aytishicha, bu masala faqat muzokaralar jarayonida hal etilishi mumkin.

Trampning Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashuvida jurnalistlar undan Ukraina Rossiya egallab olgan hududlarni qaytarishi mumkinmi, deb so‘raganida, u bu juda qiyin jarayon bo‘lishini ta’kidladi.

«Bu oson ish emas, to‘g‘rimi? Bir qismi qaytarib olinar, ehtimol, men shundan umid qilaman. Lekin bu juda murakkab jarayon», – dedi Tramp.

Mavzuga oid