Ilon Maskdan yangi SI, “arzon” iPhone 16 va aktyor robot - hafta texnodayjesti
Ilon Mask Grok 3ni taqdim etib, uni “dunyodagi eng aqlli sun’iy intellekt” deb atadi. iPhone 16ning 599 dollarlik versiyasi sotuvga chiqish arafasida. Aqlli robotlar spektakllarda bosh rol ijro etishni ham boshlab yubordi. Tunni bedor o‘tkazib, kunduzi uxlashga joy izlab yuradiganlar uchun – yaponlardan maxsus ixtiro. So‘nggi bir haftada texnologiyalar olamida kuzatilgan yangiliklar – Kun.uz texnodayjestida.
Sun’iy intellektdagi yangi davr
Dunyoning eng boy odami Ilon Mask o‘ziga tegishli Grok nomli neyrotarmoqning 3-versiyasini taqdim etdi. xAI tomonidan ishlab chiqilgan bu chatbotni Ilon Mask “Yer yuzidagi eng aqlli sun’iy idrok” deb ta’riflayapti.
Mualliflarning aytishicha, Grok-3’ning kuchli tomoni – u murakkab savollarga aniqroq javob berish uchun ilg‘or fikrlash imkoniga ega. Sun’iy intellekt savollarga javob berishdan oldin ularni kichik vazifalarga bo‘lib, o‘z javoblarini tekshirib ko‘rish orqali aniqroq va ishonchli natija taqdim etishi aytilyapti. Bunday “yuqori darajada fikrlashga asoslangan” modellar OpenAI, Google va Deep Seek kabi kompaniyalar tomonidan ishlab chiqilgan neyrotarmoqlarni ortga qoldirishi da’vo qilinmoqda.
Ilon Mask Grok-3ʼni “maksimal darajada haqiqatni izlovchi sun’iy intellekt” deb atadi. Unga ko‘ra, bu model ba’zan ijtimoiy va siyosiy jihatdan noqulay bo‘lsa ham, haqiqatni aytishga harakat qiladi. Eslatib o‘tamiz, xAI ilgari Grok chatbotining oldingi versiyalari saylovlarga aloqador ayrim mavzular bo‘yicha noto‘g‘ri ma’lumot tarqatgani va tasvir yaratish funksiyasida nazorat sustligi uchun tanqidga uchragandi. Hozirda OpenAI va boshqa kompaniyalar sun’iy intellektning “haqiqatni izlash” jarayonini nazorat ostida ushlab turish muhimligini ta’kidlamoqda.
Grok-3ʼdan foydalanish hozircha bepul. Grok.com saytiga kirib, ro‘yxatdan o‘tmasdan ham chatbotni ishlatish mumkin. Shunday qilib, mashhur chatbotlar soni yana bittaga ko‘paydi: Chatgpt, Claude, Gemini, Copilot, Deep Seek… Siz qaysi chatbotlarni ishlatyapsiz?
“Arzon” iPhone 16
Apple kompaniyasi iPhone menga qimmatlik qiladi deydiganlar uchun nisbatan hamyonbop narxdagi modelini taqdim etdi. iPhone 16ye deb nom berilgan ixcham smartfonning narxi 599 dollardan boshlanadi. Gadjet 2022 yilda chiqarilgan boshqa bir “hamyonbop” iPhone SE’ning o‘rnini egallaydi. Qurilma takomillashtirilib, “uy” tugmasi olib tashlandi va FaceID’li kattaroq ekran qo‘shildi. Yangi model boshqa iPhone 16ʼlar kabi tez ishlaydigan A18 chipiga ega va Apple Intellegence sun’iy intellektini qo‘llab-quvvatlaydi. Orqa panelda esa bitta kamera bor: 48 megapiksel va 2x yaqinlashtirish funksiyasiga ega kamerada 4K sifatidagi video olish mumkin.
Bundan tashqari, Yangi iPhone 16ye so‘nggi premium modellar kabi sozlanadigan Action tugmasi, oflayn rejimda SMS yuborish va favqulodda xizmatlarga kirish uchun sun’iy yo‘ldosh tarmoqlariga ulanish imkoniyatiga ham ega.
Appleʼning aytishicha, yangi gadjetning batareya quvvati barcha avlod iPhone SE’lariga qaraganda 12 soatgacha uzoqroq ishlaydi. Yangi qurilma 128, 256 va 512 gigabaytli oq va qora rangli versiyalarda taqdim etiladi. Yangilanish doirasida iPhone SE va iPhone 14 modellarining ishlab chiqarilishi to‘xtatildi.Nima deb o‘ylaysiz, arzonroq narxga yap-yangi iPhone 16 olgan yaxshimi yoki uning puliga, masalan, ishlatilgan iPhone 14 Pro Max olgan bo‘larmidingiz?
Aktyor robot
Dunyoda ilk bor robot it teatrda bosh rolni ijro etdi. Nyu York teatrlarining birida sun’iy intellekt yordamida yaratilgan Unitree Go2 nomli robot it “Robot, josus va sun’iy intellektning muhabbati” nomli spektaklda to‘rt oyoqli olapar obrazida debyut qildi. Spektakl syujyeti ilmiy fantastikani komediya tarzida namoyish etishga mo‘ljallangan.
Unitree Go2 Pro roboti Xitoyning Unitree kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, uning narxi 1600 dollardan boshlanadi. Korpusi alyuminiy va muhandislik plastigidan tayyorlangan. Robotning og‘irligi taxminan 15 kg bo‘lib, 3D lidar, keng burchakli kamera, Wi-fi 6, Bluetooth 5.2 va 8000 mA/s sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan.
Spektaklda debyut tabiiy chiqishi uchun operator robot harakatlarini maxsus ilova orqali boshqaradi va 90 foiz harakatlar qo‘lda amalga oshiriladi. Robotning sakrashi va panjalar harakati kabi murakkab elementlar esa avvaldan dasturlashtiriladi. Ko‘ppakka real vaqt rejimida aktyor ovoz berib turadi. Go2 Pro’ning kuchuklarga xos harakatlardan tashqari, salto qilish va raqsga tushish kabi hunarlari ham bor.
Robot itning spektakldagi debyuti – texnologiyaning borgan sari teatrlarni ham butkul o‘zgartirib yuborishidan darak berayotgandek. Hali kelajakda ssenariysini sun’iy idrok yozgan, aktyorlar tarkibi to‘liq robotlardan iborat spektakllar ham bizni kutayotgan bo‘lsa kerak. Siz bunaqa spektaklga tushgan bo‘larmidingiz?
Uyqu kurtkasi
Yaponiyaning ZZZN kompaniyasi istalgan sharoitda uxlash imkoniyatini beruvchi “Sehrli” kurtkani taqdim etdi. Sleep Apparel System nomli yangi innovatsion paxmoq kurtka bilan endi duch kelgan joyda uxlab ketaverish mumkin. Masalan, uyquchi talabalar o‘qishida, tunni rils ko‘rib o‘tkazgan xodimlar ish joyida, arzon chipta olib uyqusiz yuradigan sayohatchilar esa aeroportda qulay tarzda mizg‘ib olishi mumkin.
Kurtka issiqlik va yumshoqlikdan tashqari, odamning biometrik ma’lumotlarini kuzatish, ovoz tizimi, yoritish tizimi va turli sharoitlarga moslashuvchanlik kabi funksiyalarni ham bajaradi.
Masalan, kurtka komplekti ichida “aqlli” uzuk bo‘lib, u foydalanuvchining barqaror uyqu holati, stress darajasi va yurak urish tezligini kuzatib turadi. Ovoz tizimi esa bosh qismiga o‘rnatilgan quloqchinlar yordamida tez va chuqur uyquga ketishni ta’minlab beradi. Va uyqu paytida odamni tashqi ovozlardan izolyatsiya qiladi. Eng qizig‘i, kurtkaning bosh va kapuchon qismi ketma-ket yopiladi va hatto o‘tirgan holatda ham uxlash imkonini beradi.
Sleep Apparel System kurtkasi 2025 yilda 13 apreldan 13 oktyabrgacha Osaka shahrida bo‘lib o‘tadigan Expo ko‘rgazmasida namoyish etilishi rejalashtirilyapti. Qachon va qancha narxda sotuvga chiqishi – noma’lum. Siz bunaqa kurtkani qancha narxga sotib olgan bo‘lardingiz?
Gavhar Ziyodullayeva tayyorladi.
Mavzuga oid

19:09 / 10.03.2025
Apple eng kutilgan yangi mahsulotini chiqarishni kechiktirdi

22:28 / 09.03.2025
Yil boshidan beri Ilon Maskning boyligi 100 mlrd dollarga kamaydi

16:11 / 09.03.2025
Ilon Mask ukrainalik 10 nafar oligarxga qarshi sanksiyalar joriy etish taklifini berdi

20:30 / 08.03.2025