Jahon | 22:53 / 21.02.2025
14682
5 daqiqa o‘qiladi

500 milliard dollarlik nafrat: Tramp nega Zelenskiyni yomon ko‘rib qoldi?

Oxirgi vaqtlarda AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni juda yomon ko‘rib qoldi va unga nafratini sochib charchamayapti. Trampning chiqishlari shunchalik radikal tus oldiki, Amerika nashrlariga ko‘ra bundan Kremldagilar ham hayron qolgan. Ular hatto Tramp Rossiyani tuzoqqa tushirish uchun shunday qilmayaptimikin deb o‘ylay boshlabdi.

Qazilma boyliklar mashmashasi

Trampning Zelenskiyga bosim va tahdidi fonida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda yana bir mavzu muhokama qilinmoqda: Ukrainadagi qazilma boyliklarini bo‘lishish masalasi. Ma’lum bo‘lishicha, amerikaliklar Myunxen konferensiyasiga Ukraina qanday miqdorda va tartibda o‘z qazilma boyliklarini AQShga berishi kerakligi haqida shartnoma ko‘tarib borishgan. Zelenskiy esa bu kelishuvni imzolash amalda Ukrainani sotish ekanini aytib, taklifni rad etgan.

Bundan Trampning qattiq jahli chiqqan. Aynan shu kelishuv imzolanmagani, yetmaganiga Zelenskiy uni ommaviy tarzda rad etganidan keyin Tramp Ukraina prezidentiga zahrini socha boshladi. Bo‘lmasa, prezidentlikka kirishganidan keyin Tramp birinchi bo‘lib aynan Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilgan, u bilan yomon munosabatda bo‘lmayotgandi.

Shu kunlarda qator jiddiy nashrlarda Zelenskiy Ukrainadagi qazilma boyliklarini AQSh bilan bo‘lishish taklif qilinayotgan ikkinchi, biroz yumshatilgan kelishuvni imzolasa, Tramp bilan munosabatlarini yaxshilashi haqida gaplar paydo bo‘ldi. Politico nashrining Oq uydagi manbalariga ko‘ra, Trampning Zelenskiyga bosimi AQShning Rossiya bo‘yicha munosabati o‘zgarganidan dalolat bermaydi. Ularning aytishicha, Tramp Zelenskiy kelishuvni imzolamagani uchun uni yomon ko‘rib qolgan.

Agar bu gap rost bo‘lsa, Trampning Zelenskiyga nisbatan qilayotgan tahdidli ritorikasi uni Ukraina foydali qazilma boyliklarini bo‘lishish bo‘yicha kelishuvni imzolashga undash uchun qilingan bosim bo‘lib chiqadi. Ya’ni Tramp Zelenskiyni Ukraina mustaqilligi tahdid ostida qolishi bilan qo‘rqitsam, u qazilma boyliklarini bo‘lishishga ko‘nadi deb o‘ylayotgan bo‘lishi mumkin.

Tramp nima so‘rayapti o‘zi?

Shu o‘rinda Tramp o‘zi qanday kelishuv taklif qilayotgani haqida ikki og‘iz. AQSh yangi prezidenti mamlakat Ukrainaga Bayden ma’muriyati vaqtida yetkazib berilgan qurol-yarog‘ pulini qoplash uchun Kiyevga barcha qazilma boyliklari savdosidan tushadigan daromadning 50 foizini olishni istamoqda. Xususan, Ukrainada mavjud bo‘lgan nodir metallar savdosidan ham. Yetmaganiga Tramp Ukrainadagi neft, gaz va hatto savdo portlari ustidan to‘liq nazoratni qo‘lga kiritishni istayapti. Tramp talab qilayotgan kelishuv miqdori 500 milliard dollar ekani aytiladi.

Avvalroq Tramp AQSh Ukrainaga urush davomida 350 milliard dollar berganini aytgandi. Zelenskiy esa barchasi hisoblab borilgani, Vashington 67 milliard dollarlik qurol bergani, yana 31,5 milliard dollar budjet xarajatlari uchun ajratilganini aytgan. Ukraina budjeti uchun berilgan pullarning katta qismi o‘qituvchi, shifokor, harbiylar va boshqa budjet tashkilotlari xodimlarining maoshlari uchun to‘lab berilgan.

Tahlilchilar Trampning Ukrainaga qo‘yayotgan shartlari Ikkinchi jahon urushini boshlagan Germaniyaga g‘olib tomonlar qo‘ygan talablardan ham jiddiyroq ekanini qayd etishgan.

Zelenskiy bu kelishuvni imzolamasligini ochiq e’lon qilgach, Amerika nashrlariga ko‘ra, Vashington ikkinchi, Ukraina prezidentining e’tirozlari inobatga olingan kelishuv taklif qilgan. Kiyevdagilar bu kelishuvni ancha real deb baholashgan. Zelenskiyning maslahatchilari uni imzolash Tramp bilan munosabatlarni tiklash uchun yagona chora ekanini aytib, prezidentni rozi bo‘lishga chorlagan.

23 fevral kuni Zelenskiy ishtirokida matbuot anjumani o‘tkaziladi. Unda Ukraina prezidenti Trampning tahdidlari va qazilma boyliklarini bo‘lishish bo‘yicha taklif haqida savollarga javob berishi kutilmoqda.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid