Fan-texnika | 22:28 / 19.02.2025
13397
3 daqiqa o‘qiladi

Apple yangi «hamyonbop» iPhone 16E smartfonini taqdim qildi

Gadjet 2022 yilda chiqarilgan yana bir «hamyonbop» iPhone SE 3 modeli o‘rnini egallaydi.

Apple kompaniyasi eng hamyonbop to‘rtinchi avlod iPhone 16E smartfonini taqdim qildi. Kompaniya 9 yil oldin chiqarilgan SE modelidan voz kechdi va endi iPhone 16 seriyasining to‘laqonli vakili sifatida yangi gadjet nomini o‘zgartirdi. Qurilma sezilarli darajada o‘zgargan dizayn, unumdor chip, shuningdek, sun’iy intellektga asoslangan funksiyalarni oldi.

Yangi mahsulot 2022 yilda chiqarilgan o‘zidan oldingi iPhone SE 3 smartfonidan sezilarli farq qiladi. Shunday qilib, iPhone 16E Touch ID barmoq izlari skaneri bilan markaziy Home tugmasidan ayrildi. Apple endi nihoyat o‘z smartfonlarida undan voz kechishga qaror qildi. Eski identifikatsiya sensori Face ID sensori bilan almashtirildi.

Bundan tashqari, yon tomonda yangi «Harakat tugmasi» (Action Button) paydo bo‘ldi, bu foydalanuvchiga o‘z xohishiga ko‘ra unga turli funksiyalarni «bog‘lash» imkonini beradi – chirog‘ini yoqishdan tortib, kamerani ochishgacha. Bundan tashqari, Apple, boshqa yangi gadjetlarda bo‘lgani kabi, mobil elektronika uchun quvvat interfeysini birlashtirish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi talablariga muvofiq USB-C standartiga mos quvvatlantirish ulagichi bilan jihozladi.

Yana bir muhim o‘zgarish diagonali 4,7 dan 6,1 dyuymgacha o‘sgan kattaroq OLED displey bo‘ldi. Apple akkumulyator sig‘imi haqida ma’lumot bermadi, biroq 6,1 dyuymli ekranga ega bo‘lgan eng uzoq xizmat qiluvchi iPhone ekanini ta’kidlamoqda. Belgilangan texnik xususiyatlarga ko‘ra, u iPhone 11 modelidan 6 soat ko‘proq ishlashi mumkin va batareya quvvati bo‘yicha har qanday iPhone SE modellaridan 12 soat oldinda.

iPhone 16E amaldagi iPhone 16 va iPhone 16 Plus modellarida qo‘llanayotgan A18 chipini oldi. Operativ xotira miqdori esa 4 Gb dan 8 Gb gacha ko‘tarildi. Natijada kuchli apparat Apple Intelligence sun’iy intellekt platformasiga ega bo‘ldi.

Shunday qilib, nisbatan arzon smartfon egalari takomillashtirilgan Siri ovozli yordamchisidan, shuningdek, matnlar, fotosuratlar, videolar va moslashtirilgan tavsiyalar bilan ishlash uchun ko‘plab SI vositalaridan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Avvalgidek, gadjet bitta asosiy kamera bilan jihozlangan, biroq u 12 MP dan 48 MP gacha ko‘tarilgan. Telefoto linzalari 2x optik zumni qo‘llab-quvvatlaydi. Selfi va videoqo‘ng‘iroqlar uchun 12 megapikselli sensor mavjud.

iPhone 16E ichki xotirasi 128 Gb, 256 Gb va 512 Gb konfiguratsiyalarda taqdim etiladi. Smartfonlarga oldindan buyurtmalar 21 fevral kuni, global sotuvlar bir haftadan so‘ng, 28 fevralda boshlanadi. Gadjet narxi 599 dollardan boshlanadi.

Mavzuga oid