“Sovuq urush” davrining eng zo‘r josusi – Polsha armiyasi polkovnigi G‘arbga qanday qochib ketgandi?
1981 yilda Polsha armiyasi zobiti bo‘lgan shaxs KGBni dog‘da qoldirib Amerikaga qochib ketadi. Polkovnik unvoniga ega bo‘lgan bu odam NATOga qarshi tuzilgan Varshava shartnomasi tashkilotida ishlab kelgan va g‘arbliklarga maxfiy rejalarini yuborish bilan shug‘ullangan. Keyinchalik KGB bir necha marta uni Amerikada o‘ldirishga urinadi, biroq buning iloji bo‘lmaydi.
O‘tgan asrning ikkinchi yarmida G‘arb maxfiy xizmatlari bilan hamkorlik qilganlar faqat KGB va SSSR tashqi razvedka xizmati hamda armiyasi zobitlari emasdi.
Ular orasida sotsialistik lagerga kiruvchi davlatlar harbiylari va maxfiy xizmat xodimlari ham bor edi. Polsha armiyasi zobiti Rishard Kuklinskiy ana shulardan biri bo‘lgan.
U Moskva tomonidan NATOga qarshi tuzilgan Varshava shartnomasi tashkiloti safida xizmat qilgan va qariyb 10 yil davomida tashkilotga tegishli maxfiy hujjatlarni Amerikaning Markaziy razvedka boshqarmasiga uzatib kelgan.
Bugun Rossiyada zo‘ravon tuzum bo‘lgan sovetlarning maxfiy hujjatlarini MRB yoki Britaniyaning MI tashkilotiga berib kelganlarni sotqin deb atashadi. Biroq boshqalar haqida bunday deb bo‘lmaydi.
Sovetlar tomonidan majburan tiqishtirilgan sotsialistik tuzumda yashagan Polsha bugun Rossiyadan farqli ravishda Kuklinskiyni millat qahramoni deb ataydi. Polshaliklarga ko‘ra, u jonini xatarga qo‘yib zo‘ravon sovet tuzumiga qarshi kurashgan.
Kuklinskiy kim edi?
1930 yilda Varshavada ishchilar oilasida tug‘ilgan Rishard Kuklinskiy Germaniya va SSSR tomonidan Polsha bosib olinganda 9 yoshda bo‘lgan. Ana shu hodisa Ikkinchi jahon urushining boshlanishiga sabab bo‘lgandi.
Rishardning otasi bosqinchi nemislar va sovetlarga nafrat bilan qarardi. O‘shanda sovetlar Brest qal’asidan naryoqqa o‘tmagan va Varshavani nemislar bosib olgandi.
Ikkinchi jahon urushida Rishardning otasi Polsha xalq armiyasi safiga qo‘shiladi va partizan sifatida nemislarga qarshi kurashadi. Ko‘p o‘tmay u qo‘lga tushadi va Germaniyadagi konslagerlarning birida vafot etadi.
Polsha sovet armiyasi tomonidan ozod qilinganda polyaklar avvaliga SSSRdan xursand bo‘lishadi. Urush Germaniya hududiga o‘tgach sovetlarning Polshani qo‘yib yubormasligi va sotsialistik tuzum o‘rnatib, o‘ziga vassal davlatga aylantirishi oydinlashadi.
Shundan so‘ng polyaklar bir necha marta sovetlarga qarshi qo‘zg‘olon uyushtirishadi, biroq yengilishadi. Ana shunday qo‘zg‘olonlarning eng yirigi 1944 yil 1 avgustdan 2 oktyabrgacha Varshavada o‘tkaziladi.
Qo‘zg‘olon sovet armiyasi tomonidan ayovsiz bostiriladi. Shundan so‘ng SSSRga qarshi bo‘lgan barcha qatag‘on qilinadi. Varshava qo‘zg‘oloni paytida 14 yoshda bo‘lgan Rishard Kuklinskiy sovetlarning hech kimni ayamaydigan qattiqqo‘l siyosatini ko‘rib, bilib turgandi.

Urush tugagandan so‘ng o‘tkazilgan Podstam konferensiyasida AQSh prezidenti va Britaniya bosh vazirining Stalindan “Polshani tinch qo‘yish” haqidagi talabi naf bermaydi. Oxir-oqibat Polsha Moskvaning ta’sir doirasiga tushib qoladi.
Qachon bo‘lsa ham sovetlardan va kommunistik partiyadan o‘ch olishni niyat qilgan Rishard Kuklinskiy Polsha ishchilar partiyasiga a’zo bo‘lib kiradi. Bu davlatda kommunistik partiya shunday deb nomlangan.
O‘sha paytda harbiy kadrlar yetishmasdi. Shu sababli Kuklinskiyni tez orada harbiy xizmatga chaqirishadi va rota komandiri vazifasiga tayinlashadi. Shundan so‘ng uning lavozimi juda tez ko‘tarilib boradi.
1955 yilda SSSR NATOga qarshi kuch sifatida Varshava shartnomasi tashkilotini tuzadi. Bu tashkilotga asosan Sharqiy Yevropadagi sotsialistik lagerga kiruvchi davlatlar a’zo bo‘lgandi.
Ko‘p o‘tmay unvoni va lavozimi oshgan Kuklinskiy Polsha tomonidan Varshava shartnomasi tashkilotiga yuboriladi. Kuklinskiy muhim tashkilotda ishlar ekan, sovetlardan o‘ch olish uchun payt poylardi. Tez orada shunday kunlar keladi va u amerikaliklar bilan aloqa o‘rnatadi.

Amerikaliklar bilan hamkorlik
Kuklinskiyning amerikaliklar bilan hamkorlikni qachondan boshlagani haqida bir nechta taxmin bor. Ularning biriga ko‘ra, polshalik zobit Vetnamga borganida MRB xodimlari bilan uchrashib, hamkorlikka rozi bo‘lgan.
Ma’lumki, 1965-1975 yillarda Vetnamda Shimol va Janub o‘rtasida urush bo‘lib o‘tdi. “Vetnam urushi” deb nom olgan bu urushda shimolliklarni SSSR boshchiligidagi sotsialistik davlatlar, janubliklarni esa AQSh qo‘llaydi.
Janglar ayni qizigan 1967 yilda Kuklinskiy Varshava shartnomasi tashkiloti tomonidan Vetnamga yuboriladi. U bu yerda qariyb 2 yil xizmat qiladi va 1968 yil oxirroqlarida Polshaga qaytadi. Kuklinskiy Vetnamda ekanida MRB xodimlari bilan aloqa o‘rnatadi va ularning foydasiga ishlashga rozi bo‘ladi.
Kuklinskiyning o‘zi hamkorlik boshqacha tarzda boshlanganini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, 1972 yilda u AQShning Shveytsariyadagi elchixonasiga hamkorlik qilishi haqida yozib yuboradi.
Hamkorlikning sabablari haqida gapirganda u bir nechta sababni keltirgan. Jumladan, azaldan kommunistik tuzumni yomon ko‘rgani, so‘ng 1968 yilda Chexoslovakiya sotsialistik tuzumdan voz kechishini e’lon qilganda sovet armiyasi Pragani ayovsiz tarzda qonga botirganining guvohi bo‘lganini aytgan.
Pragada to‘kilgan qonlar qattiq ta’sir qilgan Kuklinskiy sovet armiyasi Polshani ham o‘shanday qonga botirmasligi uchun harakat qilishga ahd qiladi.
Bundan tashqari, 1970-yillar boshlarida Polshada bir necha marta ishchilar namoyishi bo‘lib o‘tadi va ular ham kuch bilan bostiriladi. Kuklinskiy bularning barchasini ko‘rib turardi.
Kuklinskiy amerikaliklar bilan qariyb 10 yil hamkorlik qiladi va bu davr ichida Varshava shartnomasi tashkiloti hamda sovetlarga tegishli bo‘lgan 40 mingga yaqin maxfiy hujjatlarni ularga beradi.
Sovet josuslari va harbiylaridan farqli o‘laroq, Kuklinskiy “o‘z xizmatlari” evaziga amerikaliklardan bir sent ham pul olmagan. Buni uning o‘zi ham aytgan, keyinchalik MRB rahbarlari ham tasdiqlagan.

Kuklinskiy amerikaliklarga bergan maxfiy hujjatlar orasida quyidagilar bo‘lgan:
· Sovet strategik yadroviy kuchlardan foydalanish rejalari va shartlari haqidagi hujjatlar;
· yangi qurollar – T-72 tanki va Strela-1 zenit-raketa tizimi bo‘yicha taktik va texnik hujjatlar;
· Polsha va GDRdagi havo hujumidan mudofaa bazalarining joylashuvi nuqtalari. Unda dushmanni chalg‘ituvchi soxta obektlar va qurollarni joylashtirish orqali sun’iy yo‘ldosh kuzatuvini chalg‘itish haqidagi maxfiy ma’lumotlar bo‘lgan;
· NATO qo‘shinlariga qarshi urush paytida SSSRga tegishli qurolli kuchlarni strategik joylashtirish bo‘yicha rejalar;
· keng miqyosdagi mojaro yuzaga kelgan taqdirda Varshava shartnomasi tashkilotiga a’zo davlatlar armiyalarini nazorat qilish mexanizmi;
· Albatros loyihasi. Ya’ni Polsha, SSSR va Bolgariya hududida qurilgan, global mojarolar yuz berganda armiya guruhlarini boshqarish va aloqa qilish uchun qo‘mondonlik hamda boshqaruv markazlarini joylashtirish uchun mo‘ljallangan uchta tasniflangan yerosti bunkerlari haqida ma’lumotlar;
· Yana bir necha o‘nlab boshqa zamonaviy sovet qurol tizimlari va elektron urush qo‘llanmalari haqida ma’lumotlar.
O‘shanda MRB Varshava shartnomasi tashkilotiga a’zo davlatlarning milliy armiyalari SSSR Qurolli kuchlari bosh shtabiga bevosita bo‘ysunishi haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘ladi.
Masalan, Moskva Polsha qo‘mondonligining vakolatlarini sovet generallarining buyruqlarini bajaruvchi ofitserlar maqomiga tushirib qo‘ygandi.
Umuman olganda Kuklinskiy taqdim etgan hujjatlar tufayli G‘arb Varshava shartnomasi tashkilotiga a’zo davlatlarning harbiy sohadagi ko‘plab maxfiy ma’lumotlariga ega bo‘ladi.
Amerikaga qochish
Kuklinskiy amerikaliklar bilan hamkorlik qilar ekan, xavf tug‘ilganda uni okean ortiga qochirib yuborish rejasi ham avvaldan tayyorlab qo‘yilgandi.
1980-yillar boshlarida KGB va SSSR Mudofaa vazirligi Varshava shartnomasi tashkilotiga tegishli bo‘lgan maxfiy ma’lumotlar MRBga oshkor bo‘layotgani vajidan yashirincha taftish o‘tkaza boshlaydi.
Shundan so‘ng Kuklinskiy amerikaliklarga o‘zi va oilasini okean ortiga olib ketish lozimligini, aks holda fosh bo‘lishi mumkinligini bildiradi.
1981 yil oxirroqlarida MRB maxsus operatsiya o‘tkazadi va Kuklinskiy hamda uning oila a’zolarini Amerikaga olib ketadi. Shundan so‘ng KGB “sotqin” kim ekanini biladi.
Amerikaliklar Kuklinskiyning “xizmat”larini yuksak baholaydi. Jumladan, 1982 yilda MRB rahbari Uilyam Keysi prezident Ronald Reyganga yozgan maktubida “So‘nggi 40 yilda hech kim kommunizmga ushbu polyakchalik katta ziyon yetkazmagan”, degandi.
Kuklinskiyga Amerikada “Yuksak josuslik xizmatlari uchun” medalini berishgan. U Amerika tarixida bu mukofotni qo‘lga kiritgan yagona xorijlik hisoblanadi.
Sud, sirtdan o‘lim jazosi va milliy qahramon
Kuklinskiy Amerikaga qochib ketgani oshkor bo‘lgach Varshavada darhol unga jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. So‘ng u bilan birga ishlagan barchani so‘roq qilishadi. Biroq hech kim uning amerikaliklar bilan hamkorlik qilganini bilmasdi.
1984 yil may oyida sud bo‘lib o‘tadi. Sudya Kuklinskiyni davlatga xiyonat qilganlikda aybdor deb topadi va unga sirtdan oliy jazo – o‘lim hukmi beriladi.
1989 yilda Gorbachyov boshlagan siyosiy va iqtisodiy islohotlar tufayli nafaqat SSSRdagi, balki Sharqiy Yevropa davlatlari, jumladan, Polshadagi vaziyat biroz yumshaydi.
Shunda Kuklinskiyning ishi qayta ko‘rib chiqiladi va unga berilgan o‘lim jazosi 25 yilg qamoq jazosiga almashtiriladi.
1991 yilda SSSR parchalanib ketgandan so‘ng Polshada tuzum batamom almashadi. Kommunistik tuzum yiqitilib, o‘rniga Yevropa oilasiga qo‘shilishni reja qilgan boshqa tuzum keladi.
Shundan so‘ng sovetlar davrida qatag‘on bo‘lgan polyaklar qahramon, SSSRga xizmat qilganlar esa sotqinlar deb atala boshlanadi.
Jumladan, Kuklinskiyga ham munosabat tubdan o‘zgaradi. 1995 yil Varshava sudi undan barcha ayblovlarni olib tashlaydi va Kuklinskiyni butunlay oqlaydi.
Sudning Kuklinskiyni oqlash haqidagi qarorida “Sovuq urush” davrida polyak polkovnigi o‘z mamlakati foydasi uchun ishlagani ta’kidlanadi. Shu tariqa Kuklinskiy sotqindan milliy qahramonga aylanadi.
Keyingi hayoti va o‘limi
Kuklinskiy oilasi bilan Amerikada yashar ekan, ikki o‘g‘lidan ayriladi. 1993 yilda kichik o‘g‘li Bogdan dengizda sayr qilib yurganida yaxta ag‘darilib ketadi va u halok bo‘ladi. 1994 yilda katta o‘g‘li Valdemarni raqamsiz yuk mashinasi universitet hovlisida urib ketadi. Oqibatda u ham nobud bo‘ladi.
Kuklinskiy bir necha marta har ikki holat ham qotillik ekanini, KGB undan o‘ch olish uchun o‘g‘illariga suiqasd uyushtirganini aytadi.

Garchi yo‘llar ochilgan bo‘lsa-da Kuklinskiy vatani Polshaga ilk bor 1998 yilda kela oladi. U 2004 yilda yurak xurujiga uchrab Floridadagi uyida vafot etadi. O‘shanda Kuklinskiy 73 yoshda edi.
Uning jasadi bir necha oydan so‘ng Polshaga keltiriladi va Varshavadagi harbiylar qabristoniga dafn etiladi. Shundan so‘ng Polshadagi siyosiy harakatlar prezidentga murojaat qilib, Kuklinskiyga o‘limidan so‘ng general unvonini berishni so‘rashadi.
Bu ish 2016 yilda amalga oshadi. Prezident Anjyey Duda davrida Polsha mudofaa vaziri Kuklinskiyga Brigada generali unvonini berish haqidagi buyruqqa imzo chekadi.
2014 yilda Kuklinskiyning hayoti haqida polshalik kinoijodkorlar tomonidan “Jyek Strong” nomli film suratga olinadi. Jyek Strong – bu Kuklinskiy amerikaliklar bilan hamkorlik qilgan davrda uning maxfiy nomi bo‘lgan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid

22:44 / 07.03.2025
Polshada barcha erkaklar harbiy yig‘inlardan o‘tishi majburiy bo‘ladi

17:23 / 01.03.2025
Urush nega boshlangandi: Putin NATOdan qo‘rqyaptimi yoki SSSRni tiklash harakatidami?

17:29 / 28.02.2025
Amir Temur haqida risola yozib Sovet tuzumi tazyiqi ostida qolgan o‘zbek olimi – Ibrohim Mo‘minov

10:51 / 28.02.2025