Jahon | 21:24 / 16.02.2025
10015
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina delegatsiyasi Saudiya Arabistoniga bordi. U yerda tinchlik muzokaralari o‘tkazilishi mumkin

G‘arb OAV ma’lumotlariga ko‘ra, keyingi hafta Saudiya Arabistoniga AQSh va Rossiya vakillari tashrif buyurib, Donald Tramp va Vladimir Putinning bo‘lajak uchrashuvini muhokama qiladi.

Foto: Facebook \ Yuliya Sviridenko

Ukraina hukumati delegatsiyasi ishchi tashrif bilan Saudiya Arabistoniga bordi. Bu haqda mamlakat iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ukrainalik amaldorlar allaqachon mahalliy tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazib, energetika, qishloq xo‘jaligi va infratuzilma bo‘yicha loyihalarini taqdim etgan.

«Keyingi kunlar davomida prezident Volodimir Zelenskiyning Saudiya Arabistoniga tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish uchun o‘nlab uchrashuvlar o‘tkaziladi. Xususan, mintaqa davlatlari bilan muhim iqtisodiy shartnomalarni imzolashga tayyorlanyapmiz», — deydi Svidirenko.

G‘arb OAV ma’lumotlariga ko‘ra, keyingi hafta Saudiya Arabistoniga AQSh va Rossiya vakillari tashrif buyurib, Donald Tramp va Vladimir Putinning bo‘lajak uchrashuvini muhokama qiladi. Taxminlarga ko‘ra, mazkur muzokaralarga Ukraina vakillari ham qo‘shilishi mumkin. Trampning Putin bilan uchrashuvi fevral oxirlarida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, Ukraina prezidenti ofisining rahbari Andrey Yermak RF vakillari bilan uchrashuv bo‘lmagani va urushni yakunlash bo‘yicha reja tayyorlanmagunga qadar bo‘lmasligini ma’lum qildi.

BBC Ukraina hukumatidagi yuqori martabali manbasiga tayanib yozishicha, Kiyev delegatsiyasi taklif qilinmagan va Saudiya Arabistonida rejalashtirilgan tinchlik muzokaralariga jamoasini yubormayapti.

Donald Tramp 12 fevral kuni Vladimir Putin va Volodimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qilib, Rossiya—Ukraina urushini to‘xtatish to‘g‘risidagi muzokaralarni boshlashga kelishib olganini e’lon qildi. Zelenskiy bir necha bor Ukraina ishtirokisiz hech qanaqa tinchlik muzokaralarni bo‘lmasligini ta’kidlagan.

Mavzuga oid