Jahon | 18:42 / 16.02.2025
8030
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp ma’muriyati Ukrainani qo‘llashni to‘xtatishi mumkinmi?

AQShning global yetakchiligini zaiflashtirish yoki kuchaytirish borasida ekspertlar turlicha fikrda, biroq Trampning harakatlari Yevropa, Rossiya va Xitoy bilan munosabatlarda muhim o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi aniq. «Geosiyosat» loyihasida mehmon bo‘lgan siyosatshunoslar mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

— Shuhrat Rasulov: Agar Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘yindan chiqishga qaror qilsa, hozirgi kunda undan buni kutish mumkin, bunday vaziyatda Yevropa Ittifoqi Ukraina bo‘yicha tashabbusni o‘z qo‘liga olishi savol ostida qoladi. Chunki Yevroittifoqda qaror qabul qilish borasida muammolar bor, bunda ittifoq a’zolarining barchasi ovoz berishi kerak va bitta mamlakat qarshi ovoz bersa ham qaror qabul qilish qiyinlashadi.

Bunday qarshi ovoz berishi mumkin bo‘lgan davlat Vengriya va u hozirda yolg‘iz emas, chunki Slovakiya ham bu borada uni qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Katta davlatlar budjetdan tashqari mablag‘lar evaziga Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishi mumkin.

Yaqinda Germaniya kansleri Olaf Shols aynan shu masalada taklif kiritgan edi. Buni Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Polsha kabi davlatlar amalga oshirishi mumkin, ammo Portugaliya, Slovakiya yoki Vengriya kabi davlatlarning mazkur kampaniyaga qo‘shilishi so‘roq ostida.

Agar yordam berilishi shart bo‘lsa, Yevropa davlatlari birlashgan holatda ittifoq nomidan emas, balki har bir davlat o‘z nomidan Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishi mumkin. Bryussel muammoni hal qilishni uddalay olmasa va Rossiya qo‘shinlari Ukraina frontini yorib o‘tib, Dniproga yaqinlashsa, Yevropa mamlakatlari baribir alohida bo‘lsa ham o‘z qo‘shinlarini urushga jalb etishiga to‘g‘ri keladi, bu esa ularga Ukrainaga ayni paytda harbiy yordam berishdan ko‘ra qimmatroqqa tushadi.

Mavzuga oid