O‘zbekiston | 22:40 / 15.02.2025
11074
10 daqiqa o‘qiladi

Killerlarga hukm, gullayotgan korrupsiya va kayfiyati tushayotgan biznes - hafta dayjesti

Komil Allamjonovga suiqasdda ayblangan 10 kishi qamaldi. O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish reytingidagi o‘rni yomonlashdi. Til o‘rganish uchun repetitorga borgan yoshlarning 6 oylik o‘qish pulini davlat to‘lab beradi. Pensiya yoshiga yetgan vatandoshlar avtomatik ravishda pensiya olishni boshlaydi. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa muhim xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Yoshlar uchun yangi imkoniyatlar

Chet tilini o‘rganish uchun repetitorga boradigan yoshlarning yarim yillik o‘qish pulini davlat to‘lab beradi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev juma kuni yoshlar bilan uchrashuvida ma’lum qildi. Prezidentning aytishicha, mehnat bozoriga til biladigan yoshlar kirib kelishini rag‘batlantirish uchun xususiy o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘rganadigan yoshlarga o‘qish xarajatlari “2+6” shaklida qoplab beriladi. Bunda dastlabki 2 oylik o‘qish pulini o‘quvchining o‘zi to‘lashi kerak, qolgan 6 oy uchun to‘lov davlat hisobidan to‘lab beriladi.

Yig‘ilishda chekka hududlarda o‘quv markazlari yo‘qligi masalasi ham ko‘tarildi. Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, endilikda xorijiy tillardan “S1” darajasiga ega yoshlar tashabbus ko‘rsatib, olis va chekka hududlarda chet tillariga ixtisoslashgan o‘quv markazlarini ochsa, ularga 120 million so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi. Umuman, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish, ularning startaplarini moliyalashtirish uchun 400 mln dollar ajratilishi ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, dunyoning top-100 talikka kirgan oliygohlarida ilmiy daraja olgan 35 yoshgacha bo‘lgan yosh olimlarga uy-joy uchun 10 yil muddatga 800 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratiladi. Energetika, transport, urbanizatsiya, zamonaviy arxitektura, tibbiyot yo‘nalishlarida “El-yurt umidi” jamg‘armasi kvotalari ko‘paytiriladi. Nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib va sovrindor bo‘lganlar uchun pul mukofoti miqdori 5 barobarga oshiriladigan bo‘ldi. Shu tariqa, matematika, fizika, kimyo, biologiya va informatikadan xalqaro olimpiadada oltin medal olgan o‘quvchilar salkam 940 mln so‘m, kumush olganlar 560 mln so‘m, bronza sohiblari 375 mln so‘m bilan taqdirlanadi. Ma’lumot uchun, bu olimpiadalarda o‘tgan yili o‘zbekistonlik o‘quvchilar 1 ta oltin, 4 ta kumush va 6 ta bronza medallarini olishgan.

Allamjonovga suiqasd ishida 10 kishi aybdor deb topildi

O‘zbekiston tarixidagi eng shov-shuvli jinoyatlardan biri bo‘yicha huquqiy jarayonlar yakunlandi. 12 fevral kuni O‘zbekiston Harbiy sudida Prezident administratsiyasi sobiq mulozimi Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasdga oid jinoyat ishi doirasida 10 kishiga nisbatan sud yakunlanib, hukm e’lon qilindi. Sudlanuvchilarning barchasi ozodlikdan mahrum etildi.

Jinoyatning to‘rtta figurantiga ancha uzoq muddatlar berildi. Prezident davlat xavfsizlik xizmati O‘z xavfsizligi boshqarmasining sobiq boshlig‘i Shuhrat Rasulov suiqasd buyurtmachisi sifatida, videomurojaat chiqarib aybini bo‘yniga olgan Shohrux Ahmedov va Ismoil Jahongirov suiqasd ijrochilari sifatida 23 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Buyurtmachi va ijrochilar o‘rtasida vositachilik qilgani aytilgan Javlon Yunusov suiqasd tashkilotchisi sifatida 18 yilga qamaldi.

Shuningdek, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining sobiq birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayevga 7 yil berildi. Oliy sud axborotida qolgan beshta sudlanuvchining shaxsi ochiqlanmagan, ular qilmishiga muvofiq turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilingani aytilgan. Sud jarayoni yopiq o‘tgani sabab jinoyatning kengroq tafsilotlari, xususan yuqori martabali siyosatchini o‘ldirish buyurtmachiga nega kerak bo‘lgani rasman noma’lumligicha qoldi.

Korrupsion vaziyat yomonlashmoqda

Dunyo mamlakatlaridagi korrupsiya darajasiga baho beruvchi eng nufuzli indeksda O‘zbekistonning reytingi yomonlashdi. Transparency International xalqaro nodavlat tashkiloti 2024 yil uchun e’lon qilgan hisobotida O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshilik darajasida 100 baldan 32 balga baholagan. Bu – bir yil oldingi ko‘rsatkichdan 1 balga kam.

E’tiborlisi, O‘zbekistonning bu reytingdagi ballari 10 yildan beri faqat yaxshilanib kelayotgan edi. Yangi metodologiyaga o‘tilgan 2012 yilda O‘zbekiston 17 ball bilan eng korrupsiyalashgan 7 ta mamlakatdan biri deb topilgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib eng quyi 50 talikdan chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgandi. 2024 yilgi reytingda O‘zbekiston 180 ta davlat orasida 121-o‘rinda qayd etilgan. Ekvador, Keniya, Shri-Lanka va Togo davlatlari korupsiya darajasi bo‘yicha mamlakatimiz bilan teng ball to‘plagan.

O‘tgan yili O‘zbekistonda korrupsiya bilan bog‘liq ahvol yomonlashganini rasmiylar ham tasdiqlaydi. Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilda jinoyat sodir etgan amaldorlar soni birdaniga 37 foizga ko‘payib, salkam 5 mingga yaqinlashib qolgan. Yil davomida respublika darajasidagi mansabda o‘tirganlarning 70 dan ortig‘i jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Biznesdagi kayfiyat avvalgidek emas

Korrupsiyaning avj olishi nafaqat odamlar, balki biznesdagi kayfiyatga ham ta’sir qilyapti. Shu hafta Markaziy bank e’lon qilgan “Biznes kayfiyati sharhi”da aytilishicha, o‘tgan yilning 4-choragidagi so‘rovda ishtirok etgan tadbirkorlarning 53 foizi joylarda biznes muhiti yaxshilanganini bildirgan. 3-chorakda bunday deb hisoblovchilar ulushi 57 foiz edi. Hisobotga ko‘ra, oxirgi ikki yilda u ko‘rsatkich 52-57 foiz oralig‘ida saqlanib qolyapti.

Korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi pasaygani ham e’tiborli. O‘tgan yili oxirida o‘rta yoki yuqori ishlab chiqarish quvvatlarida ishlagan korxonalarning ulushi 50 foizgacha pasaygan. Markaziy bankning qayd etishicha, bu – oxirgi 1,5 yildagi eng past ko‘rsatkich. To‘liq quvvatda ishlamayotgan korxonalar asosan Namangan, Jizzax va Toshkent viloyatlarida joylashgan.

Korxonangiz nega to‘liq quvvatda ishlamayapti, degan savolga javoban tadbirkorlarning aytishicha, bunga gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlar, avtomobil yonilg‘isi narxining oshishi va soliq tizimidagi qiyinchiliklarni sabab bo‘lyapti. Keyingi 3 yilda iqtisodiyotdagi vaziyat va biznesdagi muhit yaxshilanadi deb hisoblovchi biznesmenlarning ulushi 62 foizdan 56 foizgacha kamaygan.

Tadbirkorlarni qiynayotgan energetikadagi muammolar so‘nggi kunlarda ham ayniqsa dolzarb bo‘lib turibdi. Rasmiylarga ko‘ra, havo sovigani sabab 9 fevraldan boshlab metan-shoxobchalarga gaz uzatish vaqtincha qisqartirilgan. Bu orada Buxoro viloyatida magistral gaz quvuri yorilib, yong‘in sodir bo‘lgani qo‘shimcha muammolarni keltirib chiqardi. Metan-shoxobchalar eng uzoq vaqt yopiq qolgan hudud vodiy viloyatlari bo‘ldi: Farg‘ona, Andijon va Namanganda ko‘plab shoxobchalar qatorasiga bir necha kun ochilgani yo‘q. 14 fevralga kelibgina “Hududgaz Andijon” filiali viloyatdagi 5 ta metan-shoxobcha kuniga 4-6 soat ishlash uchun ochilishini e’lon qildi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Samarqanddan Toshkentga ketayotgan avtobus Jomboy tumanida halokatga uchradi. Cobalt bilan to‘qnashgan turistik avtobus ag‘darilib ketishi oqibatida bir kishi halok bo‘lib, 22 nafar ayol jarohatlandi. Jarohat olganlarning 2 nafari og‘ir ahvolda jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Shuningdek, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida piyodani urib yuborgan haydovchilarning qochib ketgani kuzatildi. Namangan shahrida qora Gentra haydovchisi bir kishini, Toshloq tumanida mast holdagi Damas haydovchisi ikki kishini urib ketib, ularning o‘limiga sabab bo‘lgan va voqea joyidan qochib ketgan.

“O‘zsuvta’minot” kompaniyasi aholidan naqd pulda to‘lov undirib yurgan firibgarlardan ogohlantirdi. O‘tgan yili 1 dekabrdan boshlab suvdan qarzdorlik haqida qog‘oz tarqatish va to‘lovlarni naqd pulda yig‘ish to‘xtatilgan, to‘lovlarni faqat elektron shaklda qabul qilish yo‘lga qo‘yilgan. Kimda kim o‘zini suv ta’minoti xodimi deb tanishtirib, to‘lovni naqd shaklda amalga oshirishni so‘rayotgan bo‘lsa, u firibgar bo‘ladi. Bu holatda naqd to‘langan pullar bazada qayd etilmaydi. Rasmiylar suv uchun naqd to‘lov qilishni so‘ragan shaxslar haqida 1255 ishonch telefoni haqida xabar berishni so‘rayapti.

O‘zbekistonda ish beruvchilarga xodimni homiladorligi sababli ishdan bo‘shatish taqiqlandi. Mehnat kodeksiga kiritilgan o‘zgarishga binoan, endilikda xodimni homilador ekani yoki farzandi borligi sababli ishdan bo‘shatish mumkin emas. Eslatib o‘tamiz, xodimlar bunday vaqtda homiladorlik va tug‘ish ta’tilini olish huquqiga ega. Ular bu ta’tildan oldin yoki keyin yillik mehnat ta’tilini ham qo‘shib olishlari mumkin. Homilador ayollarning tug‘ruqqacha bo‘lgan davrda qo‘shimcha bo‘sh kunlar olish huquqi ham belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekistonda pensiya yoshiga yetgan fuqarolar avtomatik ravishda pensiya olishni boshlaydi. Qonunchilik palatasi birinchi o‘qishda qabul qilgan qonunga ko‘ra, pensiyani haqdorning arizasisiz, proaktiv tarzda tayinlash tizimiga o‘tiladi. Bu orqali yiliga o‘rtacha 250 ming vatandosh Pensiya jamg‘armasi yoki davlat xizmatlari markaziga borib o‘tirish zaruratidan xalos bo‘ladi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda pensiya yoshi erkaklar uchun 60 yosh, ayollar uchun 55 yosh etib belgilangan.

Mavzuga oid