Jahon | 16:46 / 13.02.2025
6902
4 daqiqa o‘qiladi

Myunxenda namoyishchilarni avtomobil bosib ketdi

Myunxenda Mini Cooper rusumli avtomobil ish tashlagan bir guruh ishchilarni urib yubordi. Kamida 28 kishi jabrlangan. Bavariya bosh vaziriga ko‘ra, bu maqsadli hujum bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

Foto: AFP/Getty Images

Juma kuni Bavariya poytaxtida xavfsizlik bo‘yicha konferensiya boshlanadi, 10 kundan keyin esa butun Germaniya bo‘ylab parlament saylovlari o‘tkaziladi.

«Ayni vaqtda 20 kishi jarohatlangan, ulardan bir necha nafarining ahvoli og‘ir, ba’zilari esa hayot uchun xavfli holatda», — degan AFP muxbiriga o‘t o‘chirish xizmati vakili Bernxard Peshke.

Mahalliy nashrlar xabariga ko‘ra, Mini Cooper rusumli avtomobil Verdi kasaba-uyushmalaridan bo‘lgan va shu kuni ish tashlashga chiqqan ishchilar ustiga yurib ketgan, voqea joyiga zudlik bilan tez yordam mashinalari yetib kelgan.

Verdi mitingi Kyonigsplats maydonida o‘tkazilishi rejalashtirilgandi. Namoyish ishtirokchilari maoshlari oyiga kamida 350 yevroga oshirilishini talab qilmoqda. Shu bois ko‘plab muassasalar, jumladan, munitsipal shifoxona ham faoliyatini to‘xtatgan. Hozirda 450 ta munitsipal bog‘chalardan taxminan 253 tasi to‘liq yopilgan, 33 tasi qisman faoliyat yuritmoqda.

Bavariya vaziri Markus Zyoder Myunxenda avtomobil bilan bo‘lgan hodisa, katta ehtimol bilan qasddan amalga oshirilgan hujum bo‘lganini aytgan.

Myunxen politsiya boshqarmasi X ijtimoiy tarmog‘ida «avtomobil haydovchisi qo‘lga olingani va xavf tug‘dirmayotgani» haqida xabar berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u 24 yoshli afg‘onistonlik. Rasmiylarga ko‘ra, gumonlanuvchi politsiyaga o‘g‘irlik va giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha ma’lum bo‘lgan.

Myunxen politsiyasi vakili Kristian Huber hujumdan oldin va keyin nimalar bo‘lgani haqida aytib bergan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kasaba uyushmalari marshi ortidan politsiya mashinasi ham ketayotgan bo‘lgan.

«Politsiya mashinasi orqasidan kelayotgan avtomobil yaqinlashib kelayotgan edi. Keyin u quvib o‘tib, tezlikni oshirdi va namoyishchilar kolonnasiga yetib oldi... Politsiya haydovchini qo‘lga oldi. Avtomobilga qarata bitta o‘q uzilgan. Hujum qilgan shaxs hibsga olingan. Bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, hozirda kamida 28 kishi jabrlangan, ularning ba’zilari og‘ir ahvolda».

Huberning so‘zlariga ko‘ra, jabrlanganlar soniga aniqlik kiritilmoqda. Mashina haydovchisi boshpana so‘rovchi maqomida bo‘lgan.

Hodisa guvohlari Bild nashriga ma’lum qilishicha, mashina odamlar ustiga kelib urilgan vaqtda unda ikki kishi bo‘lgan. Ulardan biri politsiya tomonidan yaralangan va voqea joyidan olib ketilgan.

Myunxen politsiyasining X ijtimoiy tarmog‘idagi navbatdagi postida haydovchi «qo‘lga olingani» aytilgan, ammo YTHda yana bir ishtirokchi bo‘lgani haqidagi ma’lumot tasdiqlanmagan.

Hodisa shaharda xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasi boshlanishi arafasida sodir bo‘ldi.

Ikki kunlik yig‘ilish qatnashchilari orasida AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham bo‘lishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 20 dekabr kuni Magdeburgdagi rojdestvo bozoriga tashrif buyuruvchilarni mashina urib ketishi oqibatida ikki kishi, jumladan, bir bola halok bo‘lgan, kamida 60 kishi jarohatlangan edi.

Mavzuga oid