Jahon | 21:55 / 13.02.2025
7133
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Xalqaro jinoiy sud bosh prokurori Karim Xonga qarshi sanksiyalar joriy etdi

Ushbu prokuror Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olish uchun order berilishida qatnashgan edi.

Foto: icc-cpi.int

AQSh Moliya vazirligi Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) Xalqaro jinoiy sud (XJS) prokurori Karim Xonni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Donald Tramp AQSh prezidentligi lavozimiga kirishganidan keyin XJSning Vashington hamda uning ittifoqchilari, jumladan, Isroilga qarshi harakatlari uchun sanksiyalar qo‘llash to‘g‘risidagi farmonni imzolangan edi.

Karim Xon — 2021 yil 16 iyundan beri Xalqaro jinoiy sud bosh prokurori lavozimida ishlab kelayotgan britaniyalik yurist. Cheklovga uchraganlarning aktivlari muzlatiladi va ularning AQShga kirishi taqiqlanadi.

Donald Tramp XJS «Amerikaga qarshi noqonuniy harakatlar qilgani» va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hamda sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olish uchun «asossiz orderlar berib, o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilgani»ni aytgan. Xalqaro jinoiy sud ushbu qarorni qoralagan.

Shundan keyin Tramp Xalqaro jinoiy sudga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. 6 fevral kuni imzolangan farmonga ko‘ra, AQSh fuqarolari va ittifoqchilari, shuningdek, ularning oila a’zolariga nisbatan sud tergovlarini qo‘llab-quvvatlovchi XJS rasmiylari AQSh moliyaviy va viza cheklovlariga duchor bo‘ladi.

Amnesty International xalqaro huquqni himoya qilish tashkiloti bosh kotibi Agnes Kallamar Trampning XJSga qarshi sanksiyalar joriy etish to‘g‘risidagi qarorini «xalqaro adolat tizimiga hujum», deb atagan. «Isroil universal huquq tamoyillari va xalqaro adolatdan ustun turadigandek signal yuborish, o‘ylanmay qilingan harakatdir. Bu Tramp Isroil hukumati tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarni ma’qullashi va jazosizlikni qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatmoqda», degan Kallamar.

Xalqaro jinoiy sud (XJS) prokurori Karim Xon Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olish uchun order berilishida asosiy ishtirokchilardan bo‘lgan.

Mavzuga oid