O‘zbekiston | 12:38 / 12.02.2025
3077
2 daqiqa o‘qiladi

“Umra va Haj ziyoratchilaridan meningitga emlanish sertifikati talab qilish bekor qilinmagan” – Sanepidqo‘mita

Umra va Hajga boruvchilardan meningitga qarshi vaksina olganlik haqida hujjat talab qilinishi bekor qilingani yo‘q, deb ma’lum qildi Sanepidqo‘mita. Tartib o‘z kuchida ekanini Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi elchixonasi ham Kun.uz’ga tasdiqladi.

Foto: Kun.uz

Tarmoqlarda Haj va Umra ziyoratlariga borishda meningitga qarshi vaksina sertifikatini so‘rash talabi bekor qilingani haqida xabar tarqalgandi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini, Saudiya Arabistoni Umra va Haj ziyoratlariga boruvchilardan meningitga qarshi emlanganlik hujjati talab qilishni rasman bekor qilmaganini ma’lum qildi. “Mamlakatimizga yuqumli kasalliklarning chetdan kirib kelishini oldini olish va epidemiologik barqarorlikni saqlab qolish maqsadida ziyoratchilarni meningitga qarshi emlash tavsiya etiladi”, – deyiladi qo‘mita xabarida.

Kun.uz muxbiri Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi elchixonasi bilan bog‘lanib, vaziyatga oydinlik kiritdi. Ma’lum qilinishicha, Umra va Haj ziyorati uchun keladiganlarga meningitga qarshi emlanish – Saudiya Arabistoni sog‘liqni saqlash vazirligi talabi va u o‘z kuchida qolmoqda. “Diniy idora tomonidan litsenziya asosida faoliyat yurituvchi turfirmalar ziyoratchilarni Umraga olib borishida emlanganlik haqida sertifikat zarur. Bu ziyoratchilar uchun majburiy talab. Shu bilan birga qirollikka boshqa maqsadlarda, sayyohlik vizalari bilan kirishda vaksina talab qilinmaydi”, – dedi elchixona rasmiysi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil fevral oyi boshidan Umra amallarini bajarish uchun Saudiya Arabistoniga boradigan ziyoratchilardan meningitga qarshi emlanganlik haqidagi hujjat talab etilishi e’lon qilingandi. Bu haqda Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligi hujjat qabul qilgandi.

Mavzuga oid