Jamiyat | 16:20 / 26.05.2025
18218
2 daqiqa o‘qiladi

«Samolyotga chiqishi bilan uyquga ketgan va uyg‘onmagan» – Madinada vafot etgan o‘zbekistonlik imom haqida ma’lumot berildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasining ma’lum qilishicha, Rakat masjidi imomi Rabbimqul Muhammadiyev 23 may kuni Toshkent–Madina yo‘nalishidagi samolyotda hushini yo‘qotgan va shu holda o‘ziga kelmagan. Unga bosh miya qon aylanishi o‘tkir buzilishi tashxisi qo‘yilgan va Madina shahrida operatsiya ham o‘tkazilgan. Shunga qaramay, imom 26 may kuni erta tongda vafot etdi.

Rabbimqul Muhammadiyev

Avvalroq o‘zbekistonlik ziyoratchilarga ellikboshi sifatida yuborilgan Rakat jome masjidi imom-xatibi Rabbimqul Muhammadiyev vafot etgani haqida xabar berilgan edi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahridagi Rakat jome masjidi imom-xatibi Rabbimqul domla Muhammadiyevning vafoti yuzasidan ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2025 yil 23 may kuni Rabbimqul domla Muhammadiyev Toshkent–Madina yo‘nalishida poytaxtning 38-guruh ziyoratchilari rahbari sifatida yo‘lga chiqqan va samolyotda hushini yo‘qotgan.

— Shu kuni safarga chiqishlari bilan domla parvoz davomida uyquga ketgan va shu holatda uyg‘onmagan. Bemor Madina xalqaro aeroporti shifokorlari tomonidan ko‘rilganda ahvoli o‘ta og‘ir, behush, savollarga javob bermagan. Shundan so‘ng Madina shahridagi Muovasat klinikasiga joylashtirilgan. Shifokorlar tomonidan bosh miya qon aylanishi o‘tkir buzilishi, miya o‘zagi strukturalari o‘zgarishlari, bosh miya shishishi tashxisi qo‘yilgan.

Malakali shifokorlar tomonidan og‘ir holatdagi bemor neyroxirurg ko‘rigidan so‘ng bosh miya shishini kamaytirish maqsadida 2025 yil 24 may kuni operatsiya o‘tkazildi. Shundan keyin ham bemorning ahvoli og‘irligicha saqlanib, 2025 yil 26 may kuni erta tongda vafot etdi, — deyiladi Diniy idora bayonotida.

Bugun, 26 may kuni Madinadagi Masjidun Nabaviyda o‘zbekistonlik marhum imomga janoza namozi o‘qilishi va Baqi qabristoniga dafn etilishi rejalashtirilmoqda.

Rabbimqul domla Muhammadiyev 1997 yildan buyon imom-xatib lavozimida faoliyat yuritib kelgan. Bu yillar davomida Toshkent shahridagi Oq tunukali, Ibrohim ota, Imom Termiziy hamda Rakat jome masjidlarida xizmat olib borgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi marhumning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildirdi.

Mavzuga oid

E`lonlar