Jahon | 13:32 / 09.02.2025
7852
8 daqiqa o‘qiladi

Rossiya va Xitoy Arktikada ustunlikni qo‘lga kiritmoqda, AQSh esa ortda qolmoqda - WSJ

Rossiya Arktikada o‘z ta’sirni kuchaytirmoqda, jumladan, bu borada Xitoy bilan harbiy va savdo sohalaridagi hamkorlik muhim o‘rin tutmoqda. Ikki davlat birgalikda patrul tadbirlarini o‘tkazmoqda, ularda harbiy kemalar va bombardimonchi samolyotlar ishtirok etmoqda. NATO esa javob tariqasida harbiy mashg‘ulotlarni kuchaytirmoqda.

Foto: Atomflot

Vashingtondagilar Rossiyaning Arktikadagi ishtirokini kengaytirish salohiyati AQShnikidan yuqori ekanini tan olishga majbur. AQSh va Kanada Rossiyadan ortda qolmaslik uchun ushbu mintaqaga ajratilayotgan harbiy xarajatlarni ko‘paytirmoqda. Ikkala davlat ham Arktikadagi qimmatbaho resurslar uchun da’vo qilmoqda hamda dengiz yo‘llarini rivojlantirishni ko‘zlamoqda. Lekin Rossiya bu sohada AQShdan ancha oldinda ekani ta’kidlanmoqda, deb yozmoqda The Wall Street Journal.

Ushbu maqolaning qisqacha mazmuni bilan tanishtiramiz.

* * *

Sovet Ittifoqi va AQSh sovuq urush davridan beri Arktikada o‘zining eng ilg‘or qurol-aslahalari va kuzatuv tizimlarini joylashtirgan. BBC xabariga ko‘ra, o‘sha paytda bu SSSR va NATO o‘rtasidagi yagona bevosita chegara bo‘lgan va Arktika potensial qarama-qarshilik hududi sifatida ko‘rilgan.

Sovet ittifoqi parchalanganidan so‘ng, AQSh Arktikadagi harbiy ishtirokini keskin kamaytirdi, Rossiya armiyasi esa pasayish yo‘liga o‘tdi. 1996 yilda Arktika Kengashi tashkil etildi, unga Rossiya va AQShdan tashqari Daniya, Islandiya, Kanada, Norvegiya, Finlandiya va Shvetsiya ham qo‘shildi. Ushbu davlatlar madaniyat, fan va ekologik himoya sohalarida hamkorlik qilishga kelishib oldi.

Biroq, 2022 yil mart oyida, Ukrainaga bostirib kirishi munosabati bilan, Kengash a’zolari Rossiya bilan aloqalarni muzlatdi. 2024 yil fevralida esa Rossiya Kengashga a’zolik badallarini to‘lashni to‘xtatganini ma’lum qildi. Shunga qaramay, avgust oyiga kelib Rossiyani kengashning qo‘shma yig‘ilishlarida ishtirok etishga qayta jalb qilish boshlandi.

Ammo Arktikadagi nufuz uchun kurash 2000-yillar boshidayoq kuchaygan edi. 2010-yillarda Rossiya yangi harbiy bazalar va aerodromlar qurishni boshladi. Biroq, Arktikadagi davlatlar faqat harbiy masalalar bilangina cheklanib qolmayapti.

Iqlim o‘zgarishi tufayli Arktika muzliklari tez eriy boshladi. Olimlarning ta’kidlashicha, Arktika qolgan dunyoga nisbatan to‘rt barobar tezroq isib bormoqda. 1979 yilda Arktika dengiz muzlari 6,99 mln km kvadrat maydonni egallagan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich 4,4 mln km kvadratgacha kamaydi. Yarim asr ichida erib ketgan muzliklar maydoni qariyb Argentina hududi bilan teng.

Muzlar eriy boshlashi bilan Rossiya Shimoliy dengiz yo‘li (ShDY) orqali savdo yo‘llarini rivojlantirdi. Bu yo‘l Osiyo va Yevropani Suvaysh kanaliga qaraganda deyarli ikki barobar tezroq bog‘laydi, ammo xavfliroq. 2011 yildan 2024 yilgacha ShDY orqali yuk tashish hajmi 12 karra o‘sib, 37,9 mln tonnaga yetdi. Lekin bu hali ham jahon savdo oqimining 0,5 foizidan kam. Rossiya 2035 yilgacha ShDY infratuzilmasiga 1,8 trln rubl sarmoya kiritib, yuk tashish hajmini 238 mln tonnaga yetkazishni rejalashtirmoqda.

Arktika muzliklari osti energetik resurslarga ham boy. WSJ xabariga ko‘ra, Rossiya ularni o‘zlashtirish sohasida ham peshqadam. Rossiya Arktikasiga allaqachon YaIMning 10 foizi to‘g‘ri kelmoqda, jumladan, bu neft qazib olishning 17 foizi, gaz ishlab chiqarishning 80 foizi va baliqchilikning uchdan bir qismini o‘z ichiga oladi. Solishtirish uchun, AQSh Alyaskasi 2023 yilda YaIMning 0,2 foizini bergan, Kanada shimoliy hududlari esa 1 foizdan kamroq ulushga ega edi.

AQSh Arktikada logistika va infratuzilma borasida ham Rossiyadan ancha ortda qolmoqda. Mamlakatda Arktikadagi yirik konteyner kemalarini qabul qila oladigan chuqur suvli portlar yo‘q, holbuki, Rossiya bu sohada Sabetta va Murmansk portlariga ega. Shuningdek, Alyaskada avtomobil va temiryo‘l tarmog‘i juda cheklangan, bu esa Qutb mintaqasiga kirish imkoniyatlarini qiyinlashtiradi.

Arktikada mustaqil harakatlanish uchun muzyorar kemalar zarur, bu borada ham AQSh qiyinchilikka duch kelmoqda. WSJ xabariga ko‘ra, AQSh Arktikada faqat uchta muzyorar kemaga ega, Rossiyaniki esa uch yuzdan oshadi. AQSh kemalaridan biri 50 yillik, ikkinchisi esa o‘tgan yili yong‘in sababli foydalanishdan chiqarilgan. Bundan tashqari, Xitoy ham muzyorar kemalar sotib olishni boshlagan va 2024 yilda Arktikaga uchta shunday kema yuborgan.

Shu bilan birga, Rossiya Shimoliy muz okeani tubidagi Lomonosov tizmasida joylashgan hali o‘rganilmagan resurslarga da’vo qilmoqda. Bu hudud neft va gazga boy bo‘lishi mumkin. Rossiya bu yer uchun Kanada va Daniya bilan raqobatlashmoqda.

2024 yilning iyun oyida Rossiya Barens dengizida atom suvosti kemalari bilan qanotli raketalar uchirish mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Iyul oyida esa Rossiya va Xitoy bombardimonchilari Alyaska yaqinidagi xalqaro havo hududida uchib o‘tdi. Bu nafaqat Rossiya va Xitoy aviatsiyasining birinchi qo‘shma parvozi, balki Xitoy harbiy samolyotlarining Arktikadagi ilk ishtiroki bo‘ldi. AQSh senatori Liza Murkovski buni «misli ko‘rilmagan provokatsiya» deya baholadi. Oktyabr oyida esa Rossiya va Xitoy Arktikada qo‘shma harbiy dengiz patruli o‘tkazdi. Noyabrda NATO Finlandiya Arktikasida keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi, ular desant operatsiyalarini ham o‘z ichiga olgan.

2023 yilda AQShning Ichki xavfsizlik vazirligi Rossiyaning Arktikadagi harbiy qudrati Vashingtonning imkoniyatlaridan ustun ekanligini tan oldi. O‘z navbatida AQSh va Kanadaning XX asr o‘rtalarida qurila boshlangan harbiy infratuzilmasi allaqachon eskira boshlagan. Rossiya va Xitoy Arktikada joylashtirayotgan hipertovushli raketalar tovush tezligidan 5 barobar tez uchish qobiliyatiga ega va eski radar tizimlarini «qiynab» qo‘ya oladi. WSJ bu raketalarning aniq modellari haqida ma’lumot bermagan.

AQSh va Kanada o‘z mudofaa salohiyatini faol modernizatsiya qilmoqda. Mudofaa uchun xarajatlar masalasida NATO a’zolarining aksariyatidan ortda bo‘lgan Kanada yaqinda AQShdan 88 ta F-35 qiruvchi samolyoti sotib oldi va ularni Arktika aerodromlariga joylashtirishni rejalashtirmoqda. Rossiya ham Arktikani ehtimoliy kelajak mojarolari hududi sifatida ko‘rayotgani haqida 2024 yil dekabrida Rossiya harbiy-dengiz floti qo‘mondoni Aleksandr Moiseyev ma’lum qilgan.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan xalqaro izolyatsiyaga tushishi Xitoy bilan savdo va harbiy sohadagi hamkorligini kuchaytirdi. Rossiya armiyani mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan qo‘shmaqsadli tovarlar yetkazilishi evaziga Xitoyga Arktika hududlariga yo‘l ochib bermoqda, deb yozadi The Wall Street Journal. Xitoy Rossiyadagi «Yamal STG» va «Arktik-2 STG» suyultirilgan tabiiy gaz loyihalariga investitsiya kiritmoqda, Moskva esa «yashirin floti» orqali Xitoyga resurslar yetkazib bermoqda.

2018 yilda Xitoy o‘zini «Arktikaga yaqin davlat» deb e’lon qildi, garchi uning eng shimoliy nuqtasi bilan Qutb doirasi orasida 1,5 ming km masofa bo‘lsa-da. Xitoy o‘sha yili Grenlandiyada aeroportlar tarmog‘i qurilishini moliyalashtirishga harakat qildi, lekin Vashington bu kelishuvni barbod qilishga muvaffaq bo‘ldi.

Donald Tramp Daniyadan Grenlandiyani sotib olish niyatida ekanini ma’lum qilgan, buni milliy xavfsizlik masalasi va Arktikada Rossiya va Xitoyning harbiy-dengiz kuchlari harakatini tiyib turish va nazorat qilish sifatida baholagan. Orol nafaqat strategik muhim geografik joylashuvga ega, balki smartfonlardan tortib qiruvchi samolyotlargacha ishlab chiqarishda zarur bo‘ladigan nodir metallarga ham boy.

Mavzuga oid