Jahon | 09:04 / 21.01.2025
5673
2 daqiqa o‘qiladi

Smolenskka dronlar hujumi: ko‘p qavatli uy va aviazavod yonmoqda

Mahalliy aholining xabar berishicha, 10 ta kuchli portlash sodir bo‘lgan. UUA nishonlari Yarsevo neftni qayta ishlash zavodi yoki Smolensk aviatsiya zavodi bo‘lishi mumkin. Qurbonlar yo‘q, dedi oblast gubernatori.

Foto: Videodan kadr

21 yanvar, seshanbaga o‘tar kechasi Smolensk oblasti Ukraina uchuvchisiz uchoqlari tomonidan ommaviy hujumga uchradi. Telegram kanallari xabariga ko‘ra, UUAdan biri Smolenskning Zadneprovskiy rayonidagi klinik shifoxona yaqiniga qulagan, yana bir dron qoldiqlari ko‘p qavatli uyning tomida yong‘in keltirib chiqargan.

Mahalliy aholining aytishicha, 10 ga yaqin kuchli portlashlar eshitilgan. Taxminlarga ko‘ra, dronlarning nishonlari Yarsevodagi mahalliy neftni qayta ishlash zavodi yoki X-55 va X-59 raketalari, shuningdek, rossiyalik uchuvchilarni o‘qitish uchun mo‘ljallangan samolyotlar ishlab chiqariladigan Smolensk aviatsiya zavodi bo‘lishi mumkin. Zavod AQSh, Kanada, Ukraina, Yaponiya, Shveytsariya va Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. ASTRA nashri ma’lumotlariga ko‘ra, uchuvchisiz uchoq hujumidan keyin aviazavodda yong‘in chiqqan.

Smolensk oblasti gubernatori Vasiliy Anoxin, o‘z navbatida, ijtimoiy tarmoqlarda havo hujumidan mudofaa kuchlari hujumni qaytargani, «alohida binolar» tomlariga uchuvchisiz uchoqlar parchalari qulashi va turar joy binolari derazalarining shikastlanishi natijasida yuzaga kelgan yong‘inlar haqida xabar berdi. Anoxin «inshootlar va turar joy binolariga to‘g‘ridan to‘g‘ri uchuvchisiz uchoqlar reydlari» aks etgan videoni «axborot urushi» doirasida «vahima qo‘zg‘ash va vaziyatni beqarorlashtirish» uchun «feyk ma’lumot» deb atadi. Mintaqa rahbarining so‘zlariga ko‘ra, qurbonlar yo‘q.

Mavzuga oid