Jahon | 14:57 / 19.01.2025
4091
5 daqiqa o‘qiladi

Shartnoma shartlari tinchlikka bo‘lgan umidlarni yo‘qqa chiqarishi mumkin - ekspert Isroil-Hamas sulhi haqida

Isroil g‘alabani e’lon qilishi mumkinmi? Hamas-chi? Muzokaralar keyingi bosqichga o‘tadimi? Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti Shavkat Ikromov Kun.uz'ning jonli efirdagi «Geosiyosat» hafta tahlilida shu savollar yuzasida fikr bildirdi.

Isroil-Hamas muzokaralarining keyingi bosqichi bundan ham qiyin bo‘ladi deyish mumkinmi?

— Biz hozir 1-bosqichda ma’lum bir natijalarga erishilganini aytyapmiz, biroq aslida, 1-bosqich muvaffaqiyatli yakunlangani yo‘q, chunki bu yerda qo‘yilayotgan shartlar har ikki tomonda ham manfaatlarga mos keladigan shartlar emas. Xalqaro kuzatuvchilar birinchi bosqichning o‘zidayoq yetarlicha muammolar vujudga kelishi va natijada ikkinchi yoki undan keyingi bosqichlar bo‘lmasligi to‘g‘risida aytyapti.

Real vaziyat shuni ko‘rsatyaptiki, tomonlar mojaroning bu nuqtada yakunlanishiga juda kuchli xayrixohlik bildirmayapti. Kelishuvning birinchi bosqichidagi shartlarga ko‘ra, Isroil o‘z harbiylarini G‘azoning Misr bilan chegaradosh hududlaridagi, o‘tish yo‘laklaridan va mintaqaning shimol va janubidagi bufer zonalaridan bosqichma-bosqich olib chiqishi kerak. Isroilning mazkur shartga qarshi tomoni harbiylarni bu hududlardan olib chiqib ketishni Hamasga qayta birlashish va yangi hujumlar uchun kuch to‘plashiga imkon berish sifatida baholamoqda.

Isroil muxolifatidagi kuchlar va Isroildagi o‘ta o‘ng kuchlar shartnomaning mazkur bandiga doimiy ravishda qarshiligini bildirib kelmoqda va bu erishilgan g‘alabani yo‘q qilish bilan teng degan da’voni bildirmoqda. Mazkur urushda kim g‘alaba qildi? Ayni paytda har ikki tomon ham g‘alabani nishonlash uchun yetarli asoslarga ega emas.

Isroil g‘alabani e’lon qilishi mumkinmi? Agar Binyamin Netanyahuning dastlabki retorikasiga e’tibor qaratilsa, avval boshida aytilgan gaplar, ya’ni G‘azo mintaqasini to‘liq Hamas kuchlaridan tozalash, G‘azo mintaqasida to‘liq nazoratni amalga oshirish va asirlarni ozod qilishdan tashqari aytilgan gaplar hozirgacha amalga oshmadi. Isroil G‘azoni to‘liq nazorat qilayotgani yo‘q, shuningdek, Hamas tashkiloti ham guruh sifatida tugatilgani yo‘q. Avval boshida ko‘zlangan maqsadlar amalga oshmagan.

Hamas g‘alabani e’lon qila oladimi? Hamas ham g‘alabani e’lon qilish uchun hech qanday asoslarga ega emas. Hamas eng boshida mazkur urushni boshlashdan ko‘zlagan ustuvor maqsadlaridan biri – mazkur urush harakatlarini mintaqaviy darajaga olib chiqish va shu orqali Isroilga qarshi kurashishni rejalashtirgandi va u cheklangan darajada bu maqsadiga erishdi. Urush ko‘lami G‘azo mintaqasidan chiqdi, Livanda, Suriyada urush harakatlari bo‘ldi. Lekin natija Isroil foydasiga hal bo‘ldi. Livanda «Hizbulloh» mutlaqo kuchsizlantirildi va oxirgi bir necha yil davomida Livanda muvaffaqiyatli saylovlar o‘tkazilib, mamlakatga rahbar tayyorlash masalasiga «Hizbulloh» doimiy qarshilik qilib kelayotgandi, endi esa Livanda yangi rahbariyat tayinlandi, ya’ni Livanda «Hizbulloh»ning asosiy faoliyati tugatildi.

Suriyada esa muvaffaqiyatli inqilob amalga oshirilib, yangi kuchlar hokimiyatga keldi. Bu hukumat Eron bilan emas, balki Isroil bilan hamkorlik qilish haqida gapirmoqda. Demak, bu yerda ham manfaatlar boy berildi, ya’ni Yaqin Sharqda harakatlanayotgan Eronning qarshilik o‘qi zaiflashtirildi.

Muzokaralar keyingi bosqichga o‘tadimi? Birinchi bosqichda asirlarni ozod qilish amalga oshadi, buni Qo‘shma Shtatlar va xalqaro jamoatchilik qattiq nazorat qiladi, shu bilan birga arab davlatlari tomonidan ham bosim o‘tkaziladi. Bu amalga oshgan taqdirda ham, keyingi bosqichlar ikki tomondan ham shubha ostiga olinmoqda. Chunki keyingi bosqichlarda G‘azoda bir necha kuchlarning teng ravishda shakllanishi va ish olib borishiga imkon berish masalasi ko‘tarilishi kerak.

Hamasning g‘oyalaridan kelib chiqsak, u G‘azodagi boshqaruvni boshqa kuchlar bilan bo‘lishishni istamaydi. Bundan tashqari, Isroil ham falastinlik asirlarni ozod qilishi kerak, bunday amaliyot ilgari ham bo‘lgan va ozod qilinganlar orasidan Hamas yetakchilari yetishib chiqqan, shuningdek, hozir ham asirlar orasida keyinchalik g‘oyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlovchilar bor. Shuning uchun ham Isroil hozircha asirlarni ozod qilishga rozi bo‘lishi, keyinchalik esa buni rad etishi ham mumkin. Hozirgi kunda butun dunyo G‘azoda tinchlik bo‘lishini istaydi, ammo taklif qilinayotgan shartnoma shartlari bizning umidlarimizni yo‘qqa chiqarishi mumkin.

Mavzuga oid