G‘azoda sulh kuchga kirdi

Dawoud Abu Alkas / Reuters / Scanpix / LETA
G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish rejimi belgilanganidan bir necha soat kechikib amal qila boshladi. Isroil 19 yanvar kuni ozod etiladigan asirlar ro‘yxatini to‘liq olganini tasdiqladi. Bungacha Isroil rasmiylari G‘azo bo‘ylab zarbalar yo‘llashni to‘xtatishdan bosh tortib, Hamas ozod etiladiganlar ro‘yxatini taqdim etmayotgani uchun o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kechikayotganini ma’lum qilgandi. Hamasdagilar buni «texnik muammo» bilan izohlagan.
Keyinroq Hamas 19 yanvar kuni ozod etilishi kerak bo‘lgan yana uch kishini e’lon qildi.
Garovdagi uch ayol mahalliy vaqt bilan 16:00 dan (Toshkent vaqti bilan 19:00) ozod etilishi kerak.
Yakshanba kuni kimlar ozod etiladi?

Yakshanba kuni Romi Gonen, Emili Damari va Doron Shteynbreher uylariga qaytadi.
Doron Shteynbreher 31 yoshda bo‘lib, veterinariya klinikasida hamshira bo‘lib ishlagan. Hamas hujumi vaqtida Kfar-Aza kibutsidagi o‘z kvartirasida edi va qo‘lidan yaralangan.
Emili Damari (fotoda), 28 yosh, Isroil va Britaniya fuqarosi. U ham Kfar-Aza kibutsidan o‘g‘irlab ketilgan. O‘tgan yil noyabrida garovdan qaytarilganlar asirlik chog‘ida Emili bilan gaplashishganini aytib berishgandi.
Romi Gonen, 24 yoshda, Supernova festivaliga hujum vaqtida o‘g‘irlab ketilgan.
Yana to‘rt ayol 7 kun o‘tganidan keyin ozod etiladi. O‘t ochishni to‘xtatish rejimining 6 hafta davom etadigan birinchi fazasida Isroil 33 kishisini qaytarib olishi ko‘zda tutilgan.
Sulh o‘z vaqtida boshlanmadi
Isroil mudofaasi armiyasi matbuot kotibi Daniel Hagari yakshanba kuni tongda, mahalliy vaqt bilan soat 8:30 da boshlanishi kerak bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi Isroil Hamasdan birinchi bosqich doirasida ozod etiladiganlarning to‘liq ro‘yxatini qabul qilmagunicha kechiktirilishini aytgandi.
Hagari o‘shanda Hamas sulh boshlanishi shartlarini bajarmayotganini bildirgandi.
«Bugun tongdagi holatga ko‘ra Hamas o‘z majburiyatlarini bajarmadi va kelishuvga zid ravishda Isroilga [sulhning ilk kunida] uyga qaytishi kutilayotgan garovdagi ayollarning ismlarini taqdim etmadi», — degandi Daniel Hagari.
BBC muxbiri Joel Ganter xabar berishicha, Isroil 19 yanvar kuni soat 8:30 gacha Hamasdan 42 kun davom etadigan birinchi bosqich doirasida ozod etiladigan 33 kishidan uch nafari haqida ma’lumot olmagandi.
O‘shanda Hamasdagilar ozod etiladigan asirlarning to‘liq ro‘yxati yaqin vaqtlar ichida Isroilga yuborilishiga ishontirishgandi. Shu bilan birga, Hamas vakiliga ko‘ra, kechikish Isroil G‘azoni bombardimon qilishda davom etayotgani bilan bog‘liqligi, shu tufayli ularda ro‘yxat bo‘yicha ishlarni yakunlash uchun texnik imkoniyatlar bo‘lmaganini bildirishgan.
Mahalliy vaqt bilan soat 10:30 atrofida OAV Isroil va Hamas o‘rtasidagi muzokaralarda ishtirok etayotgan vositachilar Isroilga Hamasdan 19 yanvar kuni ozod etiladigan asirlarning to‘liq ro‘yxatini olgani haqida xabar tarqatdi. Ammo Reuters o‘z manbasiga asoslanib, Isroil hukumatidagilarga bu vaqtda hali ro‘yxat kelib tushmaganini ma’lum qildi.
Bu vaqtda Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir Hamas bilan sulh tuzilgani tufayli iste’foga chiqishini e’lon qildi.
O‘ta o‘ng partiya «Otsma Yyexudit» yetakchisi bo‘lgan Ben-Gvir avvalroq o‘zi va boshqa partiyadoshlari G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilarni almashtirish bo‘yicha kelishuv kuchga kirganidan keyin iste’foga chiqishini ma’lum qilgandi.
Bosh vazir Binyamin Netanyahu shanba kuni kechqurun Hamas yaqin olti hafta ichida ozod etishni va’da qilgan 33 kishi ismlari keltirilgan ro‘yxatni bermagunicha Isroil kelishuvni amalga oshirish bo‘yicha hech qanday harakat qilish niyatida emasligini aytdi.
Isroil matbuotiga ko‘ra, bu vaqtda bosh vazir ofisiiga faqat 30 kishi ro‘yxati berilgandi — shu bilan birga, kelishuv shartiga ko‘ra, to‘liq ro‘yxat sulh boshlanishidan kamida 24 soat oldin taqdim etilishi lozim edi.
Isroil va Hamas o‘rtasida, Qatar, Misr va AQSh vositachiligida tuzilgan kelishuv shartlariga ko‘ra, 19 yanvar kuni 2023 yil 7 oktyabrda asir qilib olib ketilgan isroilliklarni Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinliklarga almashish jarayoni boshlanishi belgilangan.
Garovdagi 33 fuqarosi evaziga Isroil qamoqxonalardan 700 dan ortiq falastinlikni qo‘yib yuborishga rozi bo‘lgan. Hamas asirligidagi isroilliklarning jami soni 98 nafarni tashkil etadi.
Yangi qurbonlar
19 yanvar tongida Isroil mudofaa armiyasi Hamas o‘z majburiyatlarini bajarmagunicha G‘azodagi harbiy amaliyot davom ettirilishini ma’lum qildi.
Yakshanbaga o‘tar kechasi — rejadagi sulh boshlanishiga bir necha soat qolganida — Isroil armiyasi G‘azo sektori shimoli bo‘ylab zarbalar yo‘llagan.
Mahalliy vaqt bilan soat 9:00 atrofida G‘azoning shimoliy-sharqiy chekkasida tutun ustuni ko‘tarilgan. Isroillik harbiylar «G‘azoning shimoliy va markaziy qismlarida terrorchilik nishonlari bo‘ylab» zarbalar yo‘llanganini ma’lum qilgan.
O‘t ochishni to‘xtatish rejimi boshlanishi kerak bo‘lgan soatlarda Isroilning G‘azo bo‘ylab navbatdagi zarbalari oqibatida 10 kishi halok bo‘ldi, deb xabar beradi hududda ishlovchi gumanitar tashkilot.
Olti kishi G‘azo shahrida, yana uch kishi G‘azo sektori shimolida, bir kishi Rafahda halok bo‘ldi, deb xabar qilgan G‘azo fuqarolik mudofaasi boshqarmasi rasmiy vakili Mahmud Basal.
Mavzuga oid

12:25 / 10.03.2025
Isroil G‘azoga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatdi

21:58 / 09.03.2025
Isroil G‘azo bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish uchun Dohaga delegatsiya yuboradi

18:20 / 07.03.2025
HAMAS Isroil harbiy harakatlar boshlasa, garovga olinganlarni o‘ldirish bilan tahdid qildi

12:50 / 06.03.2025