Jahon | 20:00 / 31.12.2024
21133
6 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Ukraina bo‘ylab yopirilma zarba yo‘lladi, Ukraina javob qaytardi

Kavkaz shaharlaridagi aeroportlar yana dronlar hujumi tufayli vaqtincha yopildi. Ukraina tarixda ilk bor dengiz dronidan uchirilgan raketa bilan Rossiya vertolyotini urib tushirganini ma’lum qildi.

Foto: Videodan kadr

RF qurolli kuchlari 31 dekabrga o‘tar kechasi Ukraina bo‘ylab yopirilma zarbalar yo‘lladi. Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, 30 dekabr kuni kechqurun hujum boshlagan Rossiya armiyasi turli tipdagi 21 raketa va «Shaheed» rusumidagi va imitator dronlardan iborat jami 40 ta uchuvchisiz uchar qurilmalarni uchirgan. Ukraina tomoniga ko‘ra, Rossiya kuchlari quyidagilardan foydalangan:

  • «Iskander-M» kompleksidan uchirilgan oltita ballistik raketa;
  • MiG-31K qiruvchisidan uchirilgan X-47M2 «Kinjal» rusumli bitta aeroballistik raketa;
  • taktik aviatsiya samolyotlaridan uchirilgan X-69 rusumli oltita boshqariluvchi aviatsiya raketasi;
  • Tu-22M3 samolyotlaridan uchirilgan X-22 rusumli sakkizta qanotli raketa.

Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat havo hujumidan mudofaa kuchlari «Kinjal» raketasi va X-69 rusumli raketalardan beshtasini urib tushirgan. Bundan tashqari, «Shaheed» rusumli 16 ta zarbdor dronning barchasi urib tushirilgan, 24 ta imitator dronlar (soxta dronlar) hech qanday zarar yetkazmasdan qulab tushgan.

Ukraina qurolli kuchlari Rossiya hujumi oqibatida Sumi va Kiyev oblastlaridagi nishonlarga ballistik raketalar kelib tushganini tasdiqlagan.

Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, Sumi oblastida Rossiya qo‘shini Shostkinskiy obshchinasi infratuzilmasiga raketa zarbasi yo‘llagan. RF qurolli kuchlari Shostka shahri bo‘ylab zarba berish uchun jami 13 raketa qo‘llagan, deb xabar qilgan oblast harbiy ma’muriyati rahbari Volodimir Artyux. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchta qozonxona shikastlanishi oqibatida 43 ta uy issiqliksiz qolgan. Shostkinskiy obshchinasi rahbari Mikola Noga aniqlik kiritishicha, 12 ta ko‘p qavatli uy, ikkita ta’lim muassasasi, poliklinika, yotoqxona va ijtimoiy sohadagi boshqa obektlar zarar ko‘rgan.

Kiyev oblastida Vasilkov shahri hududida portlash ro‘y bergan, deb xabar qiladi «Ukrainskaya pravda». Kiyev oblasti harbiy ma’muriyatiga ko‘ra, regionda raketalar va dronlar urib tushirilgan — ularning parchalari tushishi oqibatida xususiy uy shikastlanib, mahalliy aholi vakili bo‘lgan ayol yaralangan.

Kiyevda ham havo hujumidan mudofaa kuchlari Rossiya qo‘shini hujumlarini qaytargan. Shaharning Darnitskiy rayonida uchta xususiy bino va ikki avtomobil shikastlangan, jarohatlanganlar yo‘q.

RF mudofaa vazirligi rossiyalik harbiylar Ukrainada «harbiy aerodrom va Ukraina qurolli kuchlari ehtiyojlari uchun poroxli zaryadlar ishlab chiqariladigan harbiy-sanoat kompleksi korxonalari bo‘ylab guruhli zarbalar yo‘llangani» haqida xabar bergan. Vazirlik zarbalardan maqsadga erishilgani, barcha obektlar aniq nishonga olinganiga ishontirgan.

Javob zarbalari

Ukrainaning havodagi va dengiz dronlari ham 31 dekabrga o‘tar kechasi Rossiya regionlari, shuningdek, anneksiya qilingan Qrimga hujum qilgan. RF mudofaa vazirligi Rossiya havo hujumidan mudofaa vositalari ukrainlarning 68 ta uchuvchisiz uchar apparatlarini urib tushirganini ma’lum qilgan, jumladan, Bryansk oblastida 25 ta, Qrimda 17, Krasnodar o‘lkasida 11, Smolensk oblastida 10, Tversk oblastida ikkita amda Rostov, Kursk va Kaluga oblastlarida bittadan. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, Qora dengiz floti kuchlari ukrainlarning ekipajsiz sakkizta katerini ham yo‘q qilgan.

Smolensk oblastining Yarsev rayonda havo hujumidan mudofaa kuchlari bir necha dronni urib tushirdi, deb xabar qilgan gubernator Vasiliy Anoxin. Uning so‘zlariga ko‘ra, dronlardan birining parchalari neft baza hududiga tushgan. «Natijada yonilg‘i to‘kilishi va yonuvchi moddalar olovlanishi kuzatildi», — deb xabar bergan region rahbari. U turar joylarga xavf yo‘qligini qo‘shimcha qilgan.

Shimoliy Osetiyada havo hujumidan mudofaa kuchlari Shalxi poligoni uzra bir dronni urib tushirdi, deb xabar qilgan region rahbari Sergey Menyaylo. Uning so‘zlariga ko‘ra, jabrlanganlar va vayrongarchiliklar yo‘q. Hujumlar tufayli Vladikavkaz aeroporti samolyotlarni qabul qilish va yuborishni to‘xtatgan. Shuningdek, Grozniy va Mahachqal’a aeroportlarida ham reyslarni yuborish va qabul qilishda vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgan. Bundan tashqari, rasmiylar Qozon aeroporti faoliyatini cheklagan. Rosaviatsiya bir necha soat o‘tib barcha cheklovlar olib tashlangani haqida xabar berdi.

Rossiya monitoring pabliklari Qora dengiz sohilidagi Tuapse va Novorossiysk shaharlari hududlarida, shuningdek Azov dengizi sohilidagi Yeyskda ro‘y bergan portlashlar haqida xabar tarqatgan.

Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi raketalar bilan jihozlangan Magura V5 rusumli dengiz droni tarixda ilk bor havodagi nishonga aniq zarba berganini ma’lum qildi. Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, dengiz droni Qora dengizda, Qrim g‘arbidagi Tarxankut burni hududidagi jangda Rossiyaning Mi-8 vertolyotini urib tushirgan.

Ukraina razvedkasidagilar dron vertolyotga R-73 «SeaDragon» raketalari bilan hujum qilganini tasdiqlagan. Razvedkadagilar jang vaqtida Rossiyaning yana bir vertolyoti «shikastlangani va aerodromga yetib olishga muvaffaq bo‘lgani»ni qo‘shimcha qilgan. Razvedka Mi-8 vertolyotiga hujum aks etgan videoni namoyish etgan.

Mavzuga oid