Jahon | 20:10 / 28.12.2024
2675
2 daqiqa o‘qiladi

Putin «Tolibon»ni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarish imkonini beradigan qonunni imzoladi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2003 yilda terrorchi tashkilot deb tan olingan «Tolibon» harakatini taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarishga ruxsat beruvchi qonunni imzoladi.

Foto: Anadolu agency

Rossiya prezidenti Vladimir Putin tashkilotlarni terrorchilar ro‘yxatidan chiqarishga ruxsat beruvchi qonunni imzoladi. Hujjat huquqiy axborot rasmiy portalida e’lon qilindi.

Hujjatga muvofiq, Rossiyada terrorchi deb e’lon qilingan tashkilot faoliyatiga qo‘yilgan taqiqni bosh prokuror yoki uning o‘rinbosarining da’vosi asosida sud qarori bilan bekor qilish taklif etilmoqda.

Bu kabi qaror qabul qilish uchun «ro‘yxatga kiritilgan tashkilot terrorizmni targ‘ib qilish, oqlash va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan faoliyatni amalga oshirishni to‘xtatgani to‘g‘risidagi faktik ma’lumotlar» bo‘lishi kerak.

Oktyabrda Rossiya Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov MDH mamlakatlari xavfsizlik idoralari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashining yig‘ilishida Rossiyada «Tolibon» harakatini ushbu ro‘yxatdan chiqarib tashlash bo‘yicha ishlar yakunlanayotganini ma’lum qilgandi.

Qonun loyihasi noyabr oyi oxirida Rossiya Davlat Dumasiga kiritilgan, 10 dekabrda birinchi o‘qishda, 17 dekabrda esa birdaniga ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilingan edi. Qonun 2021 yilda Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga kelgan «Tolibon» harakatini terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarish maqsadida qabul qilingani taxmin qilinmoqda.

Rossiya hukumati so‘nggi yillarda «Tolibon»ni terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarish rejalari haqida bir necha bor gapirgan. Xususan, 2021 yil oktyabr oyida — AQSh Afg‘onistondan chiqib ketganidan va mamlakatda hokimiyat toliblar tomonidan egallab olinganidan so‘ng — Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya «Tolibon»ni terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarish bo‘yicha qaror qabul qilishga yaqinlashayotganini, ammo buni birinchi navbatda BMT Xavfsizlik Kengashi qilishi kerakligini aytgan.

Rossiyada «Tolibon» 2003 yilda terrorchi tashkilot deb tan olingan.

Mavzuga oid