Namangan viloyat sudi raisi o‘rinbosarining qilmishi yashirilmoqda: yopig‘lik qozon yopig‘ligicha qoladimi?
Fuqaroning uyini soxta hujjatlar bilan o‘z nomiga o‘tkazib, sotib yuborgani aytilgan Namangan viloyati sudi raisi o‘rinbosari Abdurahmon Safayev intizomiy javobgarlikka tortish masalasi ko‘rilishi oldidan mehnat ta’tiliga chiqib ketgandi. Kun.uz manbasiga ko‘ra, u ishga qaytgan. Biroq Sudyalar Oliy kengashi ham, Oliy sud ham tekshiruv natijasi va Safayevga qanday chora ko‘rilganini ochiqlamayapti.
Namangan viloyati sudi raisi o‘rinbosari – fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Abdurahmon Safayev mehnat ta’tilidan qaytib, ish faoliyatini davom ettirmoqda. Buni Kun.uz manbasi tasdiqladi.

Abdurahmon Safayev Namangan shahri Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan ko‘pqavatli uylardan biridagi o‘zganing egaligida bo‘lgan xonadonni soxta hujjatlar bilan o‘z nomiga rasmiylashtirib, boshqa bir odamga sotib yuborgani aytilgandi. Sudyalar Oliy kengashi matbuot kotibi Tursunali Akbarov Kun.uz so‘roviga javoban Abdurahmon Safayevga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilganini bildirgan.

“Namangan viloyat sudi raisining o‘rinbosari – fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi A.Safayevning xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazildi. Xizmat tekshiruvi xulosasi muhokama qilinib, tegishli qaror qabul qilish uchun Sudyalar oliy malaka hay’atiga yuborilgan”, deyiladi kengash izohida.
Xizmat tekshiruvida shikoyatchining vajlari tasdig‘ini topgani yoki topmagani, sud raisi o‘rinbosari aynan qanday hujjatlarni soxtalashtirgani hamda bu ishga yana kimlar aralashgani hozircha ma’lum emas. Negaki, xizmat tekshiruvi xulosasi ham Safayev mehnat ta’tiliga chiqib ketgani bois muhokama qilinmay qolgandi.
Kun.uz Sudyalar oliy malaka hay’ati Abdurahmon Safayevga nisbatan xizmat tekshiruvi natijasi bo‘yicha qanday qaror qabul qilganini aniqlashtirish maqsadida Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov bilan bog‘landi. Biroq mahkama matbuot kotibi tahririyat so‘rovini javobsiz qoldirdi.
Kun.uz Abdurahmon Safayev tomonidan soxta hujjatlar asosida o‘z nomiga o‘tkazilib, sotib yuborilgani aytilgan uyning haqiqiy egasi bilan ham suhbatlashgandi.
“Bu ehtiyojimizdan ortiqcha bo‘lgan uy edi. Doimiy yashamasak-da, yo‘limiz tushganida bir kun-yarim kun turib ketardik. Usta tushirib, ta’mirlayotgandik, boshqa odam “dokument” ko‘tarib keldi. Shunda bilib qoldik. Ushbu ishga aralashgan insonlarning hammasi javobgarlikka tortilyapti”, degandi uy egasi.
Eslatib o‘tamiz, sudyaning intizomiy javobgarligi masalasini Sudyalar oliy malaka hay’ati ko‘rib chiqadi. Ayni paytda Sudyalarning oliy malaka hay’atiga Shuhrat Polvonov raislik qiladi.

Mavzuga oid

09:10 / 17.05.2025
Namangandagi qabristonda yong‘in sodir bo‘ldi

14:18 / 15.05.2025
Shavkat Mirziyoyev Kun.uz tanqid qilgan masala bo‘yicha qonun loyihasi tayyorlashni buyurdi

12:03 / 12.05.2025
Jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod shahar sudi raisi 30 ming dollar bilan ushlandi

18:58 / 18.04.2025