O‘z qo‘limiz bilan muammo yaratmaylik
Hukumat tayyorlagan yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish dasturi loyihasida ijobiy takliflar bilan birga, ertaga tadbirkorlarni, oddiy odamlarni qiynashga zamin yaratadigan choralar ham ko‘zda tutilgan. Bloger Qobil Xidirov Soliq qo‘mitasiga qo‘shimcha vakolat berishda yetti o‘lchab bir kesishga chaqirdi.

Google Photos
Hukumat tomonidan ishlab chiqilgan yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish choralari (hozircha loyiha ko‘rinishida) ijobiy takliflar bilan bir qatorda, bahstalab, Soliq qo‘mitasiga yana mutlaq va nazoratsiz vakolatlarni taqdim etish xavfini oshirgan. Eng yomoni, ushbu idora imkon bo‘ldiki, o‘ziga qo‘shimcha vakolat va instrument olishga intilyapti. Ertaga kech bo‘ladi, bugun o‘ylash kerak.
Bitta narsani unutmaslik kerakki, hozirgi budjet taqchilligini yuzaga keltirganlar odamlar, kichik va o‘rta tadbirkorlar emas, balki hisobdorligini unutgan hukumatning palapartish sarf-xarajati, monopoliya, yirik biznes olayotgan imtiyoz7u subsidiyalar oqibatidir (mabodo muammo shunda bo‘lsa). Shuning uchun ham ikki oyoq bir etikka tiqilgan payt qora xalqning cho‘ntagiga qo‘l tiqishga urinish adolatsizlikdan boshqa narsa emas.
Jismoniy shaxslar o‘rtasida P2P pul o‘tkazmalari ustidan nazorat o‘rnatishga urinish yana kun tartibiga chiqayotgani xavotirlidir. Vaholanki, xuddi shunday urinish o‘tgan yili yangi Konstitutsiyaning “41, 65–67-moddalari talablaridan kelib chiqib, shuningdek, mulkiy huquqlarning ishonchli himoyasini ta’minlash, ushbu huquqlarni cheklayotgan omillarni bartaraf etish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida” bekor qilingan edi. Ëki Prezident tadbirkorlar bilan uchrashuvda “Tax Gap” degan baloni bekor qilgan holatni eslashning o‘zi kifoya.
Hukumat tayyorlagan yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish dasturida ham yana shunday kazuslarni yaratadigan choralar ilgari surilyaptiki, ertaga tadbirkorlarni, oddiy odamlarni qiynashga zamin yaratilishi mumkin. Nazoratsiz, tadbirkorni, oddiy odamlarni “yamlab yutishga” tayyor turgan kontoraga qo‘shimcha vakolat berib, afsuslanib yurgandan ko‘ra hoziroq yetti marta o‘ylab, bir marta kesgan yaxshi. Energetika va kommunal xizmatlar narxlari oshib, shundoq ham stressda turgan tadbirkorlarni, odamlarni, qo‘pol o‘xshatish bo‘lsa ham, qatag‘on qilish noto‘g‘ri qadam va noto‘g‘ri signaldir. O‘z qo‘limiz bilan muammo yaratmaylik.
Qobil Xidirov,
bloger
Mavzuga oid

20:43 / 30.04.2025
Kartadan kartaga katta miqdorda pul o‘tkazishda qo‘shimcha himoya choralari kiritiladi

19:54 / 15.02.2025
Banklar yangi antifrod qoidalari doirasida 3 oyda salkam 350 mlrd so‘m mablag‘ni qaytarib oldi

13:41 / 08.10.2024
Fuqarolarni onlayn kredit firibgarligidan saqlovchi choralar belgilandi. Yangi mexanizm qanday ishlaydi?

21:53 / 26.09.2024