O‘zbekiston | 13:17 / 29.01.2024
8698
2 daqiqa o‘qiladi

Tajriba tariqasida 5 ta shaharda suv ta’minotiga xususiy sheriklar jalb qilinadi

Prezident ichimlik suvi iste’molchilarning 30 foizida haligacha suv hisoblagichi o‘rnatilmaganini, tizimda o‘g‘irliklar davom etayotganini tanqid qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident yig‘ilishida qayd etilishicha, bugungi kunda ichimlik suvi inshootlarining ayrimlari talabga javob bermaydi. Shu munosabat bilan suv sifati standartlarini to‘liq yangilab, ularni barcha suv inshootlarida joriy qilishi shartligi ta’kidlandi.

Mutasaddilarga kamida 4 ta laboratoriyani jihozlab, ularda ichimlik suvi sifatini to‘liq tahlil qilishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Shu bilan birga, ichimlik suvi ta’minoti tizimida ichimlik suvi yo‘qotilayotgani, iste’molchilarning 30 foizida haligacha suv hisoblagichi o‘rnatilmagani, tizimda o‘g‘irliklar davom etayotgani tanqid qilindi.

Ta’kidlanishicha, “O‘zsuvta’minot” shu kunga qadar birorta yirik xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirmagan, ichimlik suvi yetkazib berish tannarxini kamaytirish bo‘yicha bosh qotirmagan.

Yig‘ilishda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashni kengaytirish maqsadida tizim rahbarlariga qator vazifalar belgilab berildi.

Jumladan, tajriba tariqasida 5 ta shaharda – Kogon, Shirin, Yangiyer, Bekobod va Yangiyo‘l shaharlarida suv ta’minotiga xususiy sheriklar jalb qilinadi. Shuningdek, viloyat hokimlariga eskirgan nasoslarni yangilash ishlarini boshlab, bu yil kamida mingta nasosni energiya tejamkoriga almashtirish topshirig‘i berildi.

Mavzuga oid