Jahon | 13:11 / 11.01.2024
1825
3 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissar Breton: YeI bahorda Kiyevga 1 mln snaryad yetkazib beradi

2024 yil bahorida Kiyevga va’da qilingan 1 million artilleriya snaryadlarini yetkazib berish uchun Yevropa Ittifoqidan uchinchi davlatlarga qurol eksportini kamaytirish va mudofaa kompaniyalariga bosim o‘tkazish kerak, dedi Terri Breton.

Foto: Diego H. Carcedo/Anadolu/picture alliance

Yevropa Ittifoqi o‘z va’dasini bajaradi va shu yilning mart yoki aprel oylarida Ukrainaga 1 million artilleriya snaryadlari yetkazib beradi, dedi Yevroparlamentning «Yevropani yangilash» liberal fraksiyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda chiqish qilgan ichki bozor bo‘yicha Yevropa komissari Terri Breton. Bu haqda 9 yanvar kuni Politico nashri xabar berdi.

«Biz bu va’dada turibmiz, uning bajarilishi «mutlaqo realdir», dedi Breton. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu maqsadga erishish uchun Yevropa Ittifoqi davlatlari uchinchi davlatlarga qurol eksportini kamaytirishi, shuningdek, milliy hukumatlar ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun mudofaa kompaniyalariga bosim o‘tkazishini ta’minlashi kerak. Terri Breton, shuningdek, Yevropa Ittifoqi qurol ishlab chiqarishni ko‘paytirishga va bir yarim-ikki yil ichida bu ko‘rsatkich bo‘yicha Rossiya bilan tenglashishga qodirligini ta’kidladi. 

Bir yil oldin YeI Ukrainaga bir mln snaryad va’da qilgandi 

O‘tgan mart oyida Yevropa Ittifoqi Ukrainaga bir yil ichida 1 million artilleriya snaryadini yetkazib berishni va’da qilgan edi. Biroq, Yevropa qurol ishlab chiqaruvchilari ishlab chiqarish hajmini oshirishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. O‘tgan yilning noyabr oyida Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorus va’da qilingan o‘q-dorilarni o‘z vaqtida yetkazib berishda qiyinchiliklar borligini aytgandi. 

Yevropa mudofaa fondini tuzishni rejalashtirmoqda 

Anjumanda Terri Breton 100 milliard yevro miqdorida EDIP Yevropa mudofaa fondini tuzish rejalarini e’lon qildi, u Yevropa mamlakatlariga qurolni birgalikda sotib olish, mudofaa kompaniyalariga ishlab chiqarishni kengaytirish imkonini beradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mavzu fevral oyi boshida bo‘ladigan sammitda Yevropa Ittifoqi davlat va hukumat rahbarlari tomonidan muhokama qilinadi. Yevropa komissari 27 fevral kuni fond loyihasini taqdim etish niyatida. 

Mavzuga oid