Jahon | 21:12 / 06.01.2024
10074
2 daqiqa o‘qiladi

Italiya sudi Maradonadan soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik ayblovini olib tashladi

Argentinalik sobiq futbolchi o‘limidan so‘ng sud ta’qibidan «qutuldi».

Foto: REUTERS/Amanda Perobelli

Italiyaning Rim shahri kassatsiya sudi argentinalik futbolchi Diyego Maradonadan soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik ayblovini olib tashladi. Bu haqda marhum futbolchining advokati Anjyelo Pizani Reuters agentligiga xabar berdi.

«Hammasi tugadi va men aniq aytishim mumkinki, Maradona hech qachon soliq to‘lashdan bo‘yin tovlamagan», dedi advokat.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror futbolchi duch kelgan 30 yillik ta’qiblarga yakun yasagan va endi Maradonaning merosxo‘rlari yetkazilgan ma’naviy zarar uchun tovon puli talab qilishi mumkin.

Diyego Maradona ustidan tergov 1990-yillarda boshlangan. Futbolchi 1985 yildan 1990 yilgacha «Napoli» klubidan daromad olishda Lixtenshteyndagi kompaniyalardan foydalanganlikda ayblangan. Unga ayblov qo‘yilib, 37 million yevro to‘lashga hukm qilingan. Shuningdek, ba’zi shaxsiy buyumlari musodara qilingan.

Argentinalik futbolchi bir muddat Italiyaga qaytib kela olmadi, chunki hibsga olinish tahdidi bor edi. 2013 yilda futbolchiga nisbatan ochilgan jinoiy ish to‘xtatildi, biroq soliq idoralari qarzni hisobdan chiqarishdan bosh tortdi. 2021 yilda sud soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash ishi bo‘yicha hech qanday dalil yo‘q degan qarorga keldi.

Diyego Maradona 2020 yil 25 noyabr kuni 61 yoshida vafot etdi. Buning sababi o‘tkir yurak yetishmovchiligi bo‘lib, o‘pka shishiga olib kelgan edi.

Mavzuga oid