O‘zbekiston | 08:01 / 25.11.2023
8706
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ovchilarga ovchilik nazorati inspektori maqomi beriladi

Vazirlar Mahkamasining «Jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida ovchilar jamoat birlashmalari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan Ovchilik nazoratining jamoatchi inspektori to‘g‘risidagi namunaviy nizom tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra:

  • jamoatchi inspektorlarning faoliyati adliya organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan ovchilar jamoat birlashmalari tarkibida tashkil etilishi mumkin;
  • inspektorlar soni ovchilar birlashmalari sonidan va ularning joylashuvidan kelib chiqib belgilanadi;
  • inspektorlar o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradilar, ular bilan mehnat shartnomasi rasmiylashtirilmaydi va ish staji hisoblanmaydi;
  • inspektorlar vazifalarni bajarishga faqat ish joyidan bo‘sh vaqtlarida jalb etilishi mumkin;
  • ariza 30 kun ichida ovchilar jamoat birlashmasi rahbarlik organi tomonidan Ekologiya vazirligi O‘rmon xo‘jaligi agentligi hamda ichki ishlar organlarining vakillari ishtirokida ko‘rib chiqiladi;
  • ariza qanoatlantirilganda shaxsga 3 yil muddatga tegishli guvohnoma beriladi.

Jamoatchi inspektorning asosiy vazifalari:

  • tabiatni muhofaza qilishga mas’ul davlat organlarini, shuningdek, ovchilik birlashmalarini, tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar haqida xabardor qilish;
  • sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish va aniqlashga qaratilgan, tabiatni muhofaza qilishga mas’ul inspektorlar tomonidan o‘tkazilayotgan patrullik reydlarida ishtirok etish;
  • huquqni muhofaza qiluvchi organlarni chegaraoldi hududlardagi begona va shubhali shaxslar haqida xabardor qilish.

Quyidagilarni belgilovchi Quroldan xavfsiz foydalanish qoidalariga o‘qitish bo‘yicha qisqa muddatli maxsus o‘quv kurslari to‘g‘risida nizom tasdiqlanmoqda: kursga qabul qilish; o‘quv dasturi hajmini belgilash; tegishli guvohnoma berish; kurslarni tamomlagan shaxslarni reyestrini yuritish tartibini.

Mavzuga oid