HAMAS - Moskvada. Falastin delegatsiyasi nega Rossiyaga keldi?

Foto: T.ME/HAMASPS
HAMAS delegatsiyasi 26 oktyabr kuni Moskva shahriga tashrif buyurdi. Bundan qanday maqsad ko‘zlangani to‘liq aniq emas. Rossiya TIV G‘azo sektoridagi xorijliklarni, jumladan rossiyaliklarni garovdan ozod etishni talab qilgan, HAMAS Vladimir Putinga diplomatiya uchun minnatdorchilik bildirgan, ammo garovdagilar haqida to‘xtalmagan. Isroil Moskvani tanqid qilib, HAMASni taklif etishni «nomunosib qadam» deb atagan.
Tashrif oldindan anons qilinmagandi va ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘ldi. HAMAS delegatsiyasi tashrifi haqida birinchi bo‘lib «RIA Novosti» manbasi xabar berdi. Ko‘p o‘tmay buni Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova tasdiqladi va quyidagi ibora bilan cheklandi: «Falastinning tegishli harakati vakillari Moskvada tashrif bilan bo‘lib turibdi».
Kun oxirida TIV HAMAS Moskvada nima qilayotgani haqida o‘z izohini taqdim etdi. Rasmiy formulirovkaga ko‘ra, G‘azo sektorida asirlikda bo‘lib turgan «xorijliklarni zudlik bilan ozod etish bo‘yicha Rossiya liniyasini davom ettirishda kontaktlar amalga oshirilgan». Bundan tashqari, rossiyaliklar va boshqa mamlakat fuqarolarini anklavdan evakuatsiya qilish masalasi muhokama etilgan.
Delegatsiyaga HAMAS siyosiy byurosi a’zosi Abu Marzuq boshchilik qilgan, u bilan muzokaralarda Rossiya tomonidan tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari hamda RF prezidenti maxsus vakili Mixail Bogdanov qatnashgan. Lekin Rossiya TIV xabarida Bogdanov familiyasi tilga olinmagan — HAMAS press-relizidagi uchrashuvdan olingan suratda esa uni ko‘rish mumkin.
HAMAS talqiniga ko‘ra, Abu Marzuq Moskvada «G‘azoga qarshi tajovuz»ni muhokama etib, falastinliklar «sionist okkupatsiyasiga barcha mavjud vositalar bilan qarshilik ko‘rsatish»ga haqli ekanini ta’kidlagan. «Harakat delegatsiyasi Rossiya prezidenti Vladimir Putinning pozitsiyasi va faol rus diplomatiyasi sa’y-harakatlarini yuqori baholaydi», — deyilgan press-relizda.
HAMAS bayonotida garovdagilar haqida hech narsa deyilmagan. Ammo o‘t ochishni to‘xtatish, nazorat-o‘tkazish punktlarini ochish va insonparvarlik yordamlari yetkazib berishga chaqiriqlar yangragan. Shuningdek, XAMAS Falastin xalqi huquqlarini tilga olgan, Rossiya TIV esa — poytaxti Sharqiy Quddusda bo‘luvchi, 1967 yilgi chegaralardagi Falastin davlatini yaratish zarurligini ta’kidlagan.
Isroil Moskvani BMT Xavfsizlik kengashining 7 oktyabrdagi hujumi uchun HAMAS qoralangan rezolyutsiyaga veto qo‘yganidan bir kun o‘tib HAMAS delegatsiyasini qabul qilgani uchun tanqid qilgan.
«Isroil HAMASning yuqori martabali mulozimlari Moskvaga taklif etilishini terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi va HAMAS terrorchilarining vahshiyliklarini qonuniylashtiradigan nomunosib qadam sifatida ko‘radi», — deya Isroil TIV rasmiy vakili Lior Hayatning so‘zlarini keltirgan Haaretz gazetasi. Nashr Isroilning Rossiyaga nisbatan ochiq tanqidi kam kuzatiladigan holat ekanini qayd etgan.
Isroilga hujum oqibatida Rossiyaning kamida 20 fuqarosi halok bo‘lgani ma’lum. Shuningdek, Rossiyaning Isroildagi elchisi Anatoliy Viktorov G‘azo sektorida ushlab turilganlar orasida Isroil fuqaroligiga ham ega bo‘lgan uch nafar rossiyalik borligini ma’lum qilgan.
«Tegishli kontaktlar o‘rnatilmoqda», — degan Viktorov garovdagilarni ozod etish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlarni nazarda tutgan holda.
Bogdanov HAMAS delegatsiyasining Moskvaga tashrifidan oldinroq harakatning Qatardagi vakillari bilan kontakt o‘rnatganini aytgandi. «HAMAS siyosiy rahbariyati bilan [garovdagilar taqdiri] muhokama etildi», — degandi diplomat jurnalistlarga.
Isroilning G‘azo sektori bo‘ylab zarbalari to‘lqiniga sabab bo‘lgan HAMASning Isroilga hujumiga qadar ham hamaschilar delegatsiyasining Moskvaga kelishi noodatiy holat emasdi.
G‘arbning ko‘plab mamlakatlaridan farqli o‘laroq, Rossiya HAMASni terrorchi tashkilot sifatida tan olmagan. Shu bilan birga, Rossiyada «Tolibon»ga terrorchi va taqiqlangan tashkilot maqomi berilgan, ammo bu toliblar tez-tez Moskvaga kelishiga to‘sqinlik qilmaydi.
HAMAS vakillarining so‘nggi tashrifi 2023 yil martida ro‘y bergandi, o‘shanda ham delegatsiyani vazir o‘rinbosari Bogdanov qarshi olgandi. «Rossiya tomoni BMT va uning Xavfsizlik kengashining tegishli rezolyutsiyalari asosida Falastin muammosini adolatli hal etish tarafdori bo‘lgan o‘zgarmas pozitsiyasini tasdiqladi», — deyilgandi Rossiya TIVning oldingi uchrashuv yakunlari bo‘yicha bayonotida.
Tabiiyki, HAMAS ham Ukraina bilan urushda Rossiya tomonida turgandi. OAV ma’lumotiga ko‘ra, bu safar ham Moskvaga kelgan Abu Marzuq avvalroq shunday degandi: «Rossiyaning Ukrainadagi maxsus harbiy amaliyoti AQShning dunyodagi hukmronligiga barham berish va dunyoni ko‘p qutbli qilishni maqsad qilgan. Bu barcha mazlum xalqlarga, birinchi navbatda Falastin xalqiga foyda keltiradi».
Zaxarova brifingda ma’lum qilishicha, ayni vaqtda HAMASdan tashqari Eron TIV rahbari o‘rinbosari Ali Bageri Kani ham Moskvada bo‘lib turibdi va u RF TIV rahbari o‘rinbosari Mixail Galuzin bilan uchrashuv o‘tkazgan.
Isroil Eronni «HAMAS jangarilarini tayyorlash, ularni moliyalashtirish va o‘qitish»da ayblaydi. Amerika hukumati esa, OAVning yozishicha, Tehron Isroilga 7 oktyabr kungi hujum rejalashtirilishida bevosita aloqador bo‘lmagan deb hisoblaydi.
Putin HAMASning Isroilga hujumini to‘g‘ridan to‘g‘ri qoralashdan tiyilib kelmoqda. Shu bilan birga, u isroilliklarning ham, G‘azodagi falastinliklarning ham o‘limidan afsusda ekanini bildirgan.
«Bu mojaroni imkon qadar tezroq tugatish kerak. Nima bo‘lganda ham, masalani qandaydir kontaktlar va muzokaralar boshlash imkoniyatiga qadar qisqartirish kerak», — degan o‘tgan yil fevralida Ukrainaga bosqin boshlagan va hamon buni davom ettirayotgan Putin.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putin HAMAS delegatsiyasi bilan uchrashishni rejalashtirmaganini aytgan.
Mavzuga oid

14:27 / 09.03.2025
Foto: Falastin bayrog‘ini ko‘targan aktivist Big-Benga chiqib oldi

20:37 / 03.03.2025
Falastin kurashi haqidagi «Boshqa yer yo‘q» hujjatli filmi «Oskar»ga munosib ko‘rildi

17:53 / 22.02.2025
HAMAS Isroil bilan kelishuvning birinchi bosqichi shartlarini bajardi

17:21 / 20.02.2025