G‘aroyib odam - 33 yildan buyon umri osmonda o‘tayotgan yo‘lovchi haqida hikoya
1990 yilda Amerikaning United Airlines aviakompaniyasi reklama doirasida g‘alati taklif bilan chiqadi. Xohlovchilarga umrbodlik aviachipta sotib olish taklif etiladi. Chiptaning narxi ancha qimmat edi, uni faqat bir kishi sotib oladi. O‘shandan buyon oradan 33 yil vaqt o‘tdi. Chipta sohibi bo‘lgan shaxs hamon dunyo bo‘ylab parvoz qilib yuribdi.

Foto: washingtonpost.com
Bugun erkin bozor munosabatlari bilan ishlaydigan G‘arb kompaniyalari reklamaga har yili milliardlab pul to‘lashadi. Masalan, 2021 yilda AQShning yirik kompaniyalari reklama uchun 81 milliard dollar sarflashgan. Ular orasida eng ko‘p mablag‘ni Amazon ishlatgan – 10,43 milliard dollar.
Keskin raqobat shakllangan bozorda kompaniyalar reklama berishda turli usullardan foydalanishadi. Telekanallarda, internet tarmoqlarida qisqa roliklar beriladi. Ko‘chalarga ilingan reklama bannerlarga matnli suratlar ilinadi va hokazo.
Ayrim hollarda ular ajabtovur usullardan ham foydalanishadi. Ana shunday reklamadan Amerikaning United Airlines aviakompaniyasi bundan 33 yil avval foydalangan.
Aviakompaniya umrbodlik aviachiptalarni savdoga chiqargan va undan bir donasini salmoqli summaga sotgan. Qizig‘i, o‘sha paytda chiptani sotib olgan Tom Stuker ism-sharifli shaxs hamon parvoz qilyapti.
O‘tgan davr mobaynida u parvoz bilan bog‘liq juda ko‘plab rekordlar o‘rnatishga ulgurdi. Katta ehtimol bilan uning rekordlarini hech kim takrorlay olmasa kerak.

Tavakkal ish
1990 yil. Nyu-Jyersi shtatida yashovchi, mashinalar savdosi bo‘yicha maslahatchi Tom Stuker (Tom Stuker) tonggi gazetani ko‘zdan kechirayotib United Airlines aviakompaniyasi tomonidan berilgan reklamani ko‘rib qoladi.
Reklamada aviakompaniya barcha xohlovchilarga «arzimagan» 290 ming dollar evaziga o‘z samolyotlarining biznes-klass bo‘limida umrbod uchish imkoniyatini beradigan chipta sotib olishni taklif etgandi.
Bu taklif bir tarafdan ancha qulay, ikkinchi tomondan ayyorona edi. Chunki o‘rtahol va o‘ziga biroz to‘q amerikaliklar mamlakat ichida va boshqa qit’alarga bir necha yuz dollarga uchib borish mumkin bo‘lgan vaziyatda salkam 300 ming dollarga chipta xarid qilmasdi.
Qolaversa, o‘sha paytda 290 ming dollar amerikaliklar uchun ham juda katta pul edi. Shu sababli chiptalarga faqat bir kishi xaridor bo‘ladi xolos.
O‘sha paytda 36 yoshli Tom Stuker millioner emasdi. Hatto unda oshiqcha 300 ming dollar pul ham yo‘q edi. Biroq Tom United Airlines aviakompaniyasi taklif etayotgan chiptadan sotib olishga qaror qiladi. U so‘nggi chaqalarini yig‘ib chiptani xarid qiladi.
Shundan so‘ng Tomning bir tomondan darbadar, ikkinchi tomondan qiziqarli sarguzashtlarga boy bo‘lgan hayoti boshlanadi.

Yo‘lovchining rekordlari
Hozir Tom Stuker 69 yoshda. U chiptani qo‘lga kiritgan vaqtidan boshlab United Airlines aviakompaniyasi tomonidan amalga oshiriladigan turli yo‘nalishlarda tinimsiz parvoz qilib kelmoqda.
Tom shu paytgacha dunyoning yuzdan ortiq mamlakatlariga bir necha martadan parvoz qilgan. U 33 yildan buyon umumiy hisobda 37 million kilometr masofani uchib o‘tgan. Bu Yerdan Oygacha bo‘lgan masofadan qariyb 100 barobar uzun hisoblanadi.
Tomning eng ko‘p parvozi 2019 yilga to‘g‘ri keladi. O‘shanda u 365 kun davomida 373 marta parvoz qiladi va ayrim kunlari ikki marta uchadi. O‘shanda u yil davomida jami 2,35 million kilometr masofani uchib o‘tadi.
Soha mutaxassislarining hisobiga ko‘ra, dunyoda bironta uchuvchi yoki bort kuzatuvchisi bir umr parvoz qilsa ham Tomga yeta olmaydi. Chunki ular dam olib uchishadi, Tom esa to‘xtovsiz parvoz qilgan.
Hatto bir marta u ketma-ket 12 kun parvoz qiladi. O‘shanda u Nyuarkdan San-Fransiskoga, so‘ng Bangkokka, u yerdan Dubayga uchib boradi va shu yo‘nalish bo‘ylab ortga qaytadi.
Agar u barcha parvozlariga alohida chipta sotib olganda jami parvozlari uchun qariyb 2,5 million dollar sarflagan bo‘lardi.

Parvozlardan daromad
Tom biron marta 290 ming dollarga umrbodlik chipta sotib olganidan afsuslanmagan. Aksincha, u o‘ziga bunday imkoniyatni taqdim etgan United Airlines aviakompaniyasidan juda minnatdor.
Tom bir umr tekin parvoz qilish bilan birga, tinimsiz uchgani uchun pul ishlaydi. Cheksiz parvozlar tufayli Tom aviakompaniya tomonidan beriladigan bonus millariga ega bo‘ladi. U bonusdan keladigan pullarni hashamatli mehmonxonalarda yashash, yaqinlari uchun chiptalar xarid qilish va xayriya ishlariga sarflaydi.
Tom hatto akasining uyini ta’mirlash uchun pul to‘laydi. Uning umrbodlik chiptasidan xotini ham «bahramand» bo‘ladi. Tom to‘plagan ballari hisobidan xotini bilan 120 marta parvoz qiladi va uni sayohatga olib boradi.
Bir marta, Tom Amerikada mashhur bo‘lgan «Saynfeld» serialida epizodik rolda qatnashgani uchun unga 451 ming havo mili masofasiga parvoz qilish uchun qo‘shimcha chipta berishadi.
Tom dunyoning ko‘plab shaharlariga parvoz qilar ekan, o‘zi borgan mamlakatning diqqatga sazovor joylarini tomosha qiladi. Mahalliy taomlarni tatib ko‘radi. Qisqasi, har bir parvoz va sayohatdan zavq olishga harakat qiladi.
Tom parvozlar davomida umuman zerikmaydi, har doim unga maroqli suhbatdosh topiladi. Shuningdek, u parvoz qilayotib juda ko‘plab taniqli shaxslar bilan uchrashgan. Masalan, amerikalik mashhur komik aktyor Bill Myurrey bilan manzilgacha yonma-yon o‘tirib, maroqli suhbat qurgan.

«Asosiy va mashhur yo‘lovchi»
Tom bilan sodir bo‘lgan ishda bir tomondan aviakompaniya umrbodlik bilet sotib yutqazganga o‘xshaydi. Biroq unday emas. United Airlines aviakompaniyasi Tomning nomidan reklama sifatida foydalanadi va ikkita samolyotiga uning ism-sharifini yozdirgan.
Buning evaziga United Airlines Tomga har doim yuksak darajada xizmat ko‘rsatadi. U ma’lumot olish uchun aviakompaniyaning ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilganda operatorlar Tomni ismini aytib chaqirishadi.
«Asosiy yo‘lovchi»ni samolyotgacha hashamatli «Mercedes» mashinasida olib borishadi. Tabiiyki, United Airlines aviakompaniyasida ishlaydigan ko‘plab uchuvchilar va styuardessalar Tomni yaxshi bilishadi. Tom birinchi raqamli yo‘lovchi sifatida har doim samolyotlardagi old o‘rindiqqa o‘tiradi.
Tomning aytishicha, agar kamida bir hafta hech qayerga uchmasa, uni parvozga tashnalik bezovta qiladi va oxirida yenga boshlaydi. «Tez-tez uchish qo‘rqinchlimi?» degan savolga Tom yerdan ko‘ra osmonda o‘zini ancha xotirjam his qilishini aytadi.

Tom tinimsiz uchar ekan, parvozlarning hammasi ham ko‘ngilli bo‘lmagan. U ko‘p marta samolyot salonida o‘zini yomon xulqli tutgan yo‘lovchilar bilan janjallashgan.
Shuningdek, Tom juda ko‘p hodisalarni boshidan o‘tkazgan. Hatto u parvoz paytida yurak xurujidan to‘rt nafar yo‘lovchining vafot etganiga ham guvoh bo‘lgan.
O‘shandan keyin United Airlines aviakompaniyasi boshqa umrbodlik aviachiptalarni sotmagan. Kelajakda ham sotishni rejalashtirmayapti.
Tom yerdaligida ham band bo‘ladi. Uni tinimsiz ravishda intervyu berishga, turli teleshoularda qatnashishga taklif etishadi. Tom tomoshabinlarga parvozlar vaqtida boshidan o‘tkazgan qiziq hodisalarni so‘zlab beradi.
Bundan tashqari, u odamlarga parvoz vaqtida nimalarga e’tibor berish kerakligini aytadi. Masalan, u har doim o‘z intervyularida faqat qo‘l yuki bilan uchishni maslahat beradi.

Tomga ko‘ra parvozlarda eng ko‘p vaqtni oladigan jarayon – bu chemodanlarni kutish.
«Agar yo‘lovchi faqat qo‘l yuki bilan uchsa aeroportlarda chemodan kutish mashaqqatlari va qimmatli vaqtini yo‘qotishdan qutuladi. U chemodaniga solib ketadigan narsalarning aksariyati borgan shahridan ham topiladi», deydi u.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Tavsiya etamiz
“O‘rgimchak to‘ri”: Ukraina qo‘lidagi kartalardan birini ochdi
Jahon | 21:12 / 04.06.2025
Dunyoda faqat bir mamlakat o‘zini oziq-ovqat bilan to‘liq ta’minlashi ma’lum bo‘ldi
Jahon | 18:47 / 04.06.2025
Islandiya sobiq prezidenti milliy bog‘ga gid bo‘lib ishga joylashdi
Jahon | 21:25 / 03.06.2025
Urushlar endi o‘zgacha: «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasi haqida
Jahon | 22:27 / 02.06.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Tramp Xitoy bilan savdo urushini hal etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishini ma’lum qildi
Jahon | 00:45
-
Buyuk Britaniyada 700 yil oldin amalga oshirilgan qotillik fosh etildi
Jahon | 00:21
-
Yaponiyaning Oyga uchirgan moduli qo‘nish vaqtida falokatga uchradi
Fan-texnika | 00:05
-
Oq uy senatni Rossiyaga qarshi «qaqshatkich» sanksiyalariga oid qonun loyihasini yumshatishga chaqirdi
Jahon | 23:33 / 06.06.2025
Mavzuga oid

00:45
Tramp Xitoy bilan savdo urushini hal etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishini ma’lum qildi

22:08 / 06.06.2025
Tramp Maskni qo‘llab-quvvatlash uchun sotib olgan Tesla avtomobilidan qutulmoqchi

19:40 / 06.06.2025
Tramp Germaniyaga Rossiya gazi o‘rniga amerikanikini taklif qildi

18:58 / 06.06.2025