Jahon | 18:56 / 11.10.2023
25217
7 daqiqa o‘qiladi

Isroilning G‘azo sektoridagi quruqlik amaliyoti qanday kechishi mumkin? Va HAMAS bunga qarshi nima taklif qiladi?

The Guardian Yaqin Sharqdagi urushning yangi bosqichidagi ehtimoliy ssenariyni tasvirladi.

Foto: Ahmed Zakot / SOPA Images / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA

Britaniyaning The Guardian gazetasi Isroil mudofaa armiyasining G‘azo sektorida HAMAS hujumiga javoban boshlashi kutilayotgan quruqlik amaliyotining ehtimoliy ssenariysi haqida hikoya qildi. Maqola nashrning Quddusdagi sobiq muxbiri, ko‘plab harbiy harakatlar hududida, jumladan, Yaqin Sharq, Bolqon, Afrika va Ukrainada ishlagan jurnalist Piter Bomont muallifligida chop etilgan. «Meduza» ushbu materialning asosiy joylarini keltirdi.

O‘tmishdagi mojarolar qanday rivojlangan?

Isroil harbiylari va HAMAS harakati a’zolari o‘rtasida G‘azo sektoridagi jang, qoidaga ko‘ra, shunday sxemada davom etadi: quruqlikdan bostirib kirishdan oldin hujum yo‘nalishlari bo‘ylab chegara hududlariga kuchli zarbalar yo‘llanadi.

Isroil armiyasi HAMASning harbiy infratuzilmasiga, jumladan, hukumat binolari, politsiya bo‘limlari, o‘quv-mashg‘ulot markazlari va guruhning yuqori martabali a’zolarining uylariga zarbalar berish uchun aviatsiyadan ham, artilleriyadan ham faol foydalanadi. 

Isroil armiya soni, qurollar va texnologiyalar bobida sezilarli ustunlikka ega ekaniga qaramay, falastinliklar yillar mobaynida G‘azoning shaharlardagi zich joylashgan binolari muhitida jang qilish hadisini olishgan.

Geografik joylashuv harbiy harakatlarga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

G‘azo sektori geografiyasi isroilliklarning amaliyoti imkoniyatlarini cheklaydi, shuning uchun Isroil mudofaa armiyasi ko‘pincha bir xil hujum yo‘llaridan foydalanadi.

Ular:

  • G‘azo sektori shimoliy qismidagi «Erez» nazorat-o‘tkazish punkti yaqinidagi qishloq hududlar;
  • sektor markazidagi Bureyj qochqinlar lageri atrofidagi hudud; 
  • janubdagi Xan-Yunis shahridan sharqdagi hudud, bu yerda tanklar va zirhli texnikalar harakatlanishi hamda o‘t ochish pozitsiyalarini egallashi osonroq;
  • sektor janubidagi Rafah shahri yonidagi Filadelfiya koridori hududi.

O‘tmishda Isroil G‘azo shahrini shimol va janubdagi aholi yashash manzillaridan uzib qo‘yish uchun sektorning markaziy qismidagi pozitsiyalarni egallagan. Falastinliklar bu marshrutlarni juda yaxshi bilishadi va ko‘pincha birinchi mudofaa chiziqlarini shu yerlarga joylashtirishadi. Bu hududlar yaqin o‘tmishda og‘ir janglar maydoni bo‘lgan.

TsAHAL harbiylari G‘azoga shimoldan kirib kelishida ham murakkabliklar bor, bu yo‘nalishdagi dastlabki qishloq joylar o‘rnini tezda Jyebaliya va Beyt-Laxiya shaharlaridagi ko‘p qavatli binolar egallaydi. Shimoldan G‘azo sektori janubiga olib boruvchi asosiy yo‘l sanoat hududlari bilan qurshalgan, HAMAS o‘tmishda bu binolardan mudofaa maqsadlarida muvaffaqiyatli foydalangan. Sektor markazi va Xan-Yunisdan sharqdagi joylar nisbatan ochiqroq, ammo trassa yoqasidagi qishloqlar va ko‘p qavatli binolar harakat a’zolari yashirinishi uchun qulay. 

Isroil harbiylari asosiy shaharlarga kiradimi?

Foto: Atef Safadi/EPA

Isroil qo‘shini G‘azo sektorining yirik shaharlariga yaqinlashga urinsa, shiddatli hujumlarga uchraydi. Falastinliklar tankka qarshi minalar va tankka qarshi boshqariluvchi raketalarga ega bo‘lib, ular bu vositalardan minomyotdan o‘t ochish bilan birga samarali foydalana oladi.

Masalan, 2014 yilgi urush vaqtida Isroil Shujyeyya aholi yashash manzili uchun jangda bir kechada 13 askar yo‘qotgandi. Hujum qilgan bo‘linma pistirmaga tushgan, tankka qarshi minaga tushib qolgan va pulemyotlardan o‘qqa tutilgandi. 

TsAHAL Falastin shaharlarida zirhli texnikalar qo‘llash orqali jang olib borish tajribasiga ega hisoblanadi, masalan, bu Iordanning G‘arbiy sohilidagi ikkinchi intifada chog‘ida kuzatilgan.

Ammo, hozirda HAMAS «Kornet» rusumli tankka qarshi raketalarning katta zaxirasiga egaligi haqida ma’lumotlar bor, bu raketalardan «Hizbulloh» Livanda samarali foydalangan. Guruh shuningdek jonli kuch va transport vositalari ustiga o‘q-dori tashlay oladigan uchuvchisiz uchar qurilmalar ishlab chiqarmoqda. Bunday dronlar Ukrainadagi urushda keng qo‘llanmoqda va endi TsAHAL uchun yangi tahdidga aylangan. 

HAMAS qanday javob qaytarishi mumkin?

HAMAS Isroil armiyasiga qarshi kurashda ko‘p yillik tajribaga ega va shahar sharoitda moslashuvchan hamda samarali harbiy kuchga aylandi. Guruhda tajribali qo‘mondonlar to‘plangan, ular TsAHALning urush olib borish usullaridan yaxshi xabardor. Ularning ayrimlari ivrit tilida so‘zlasha oladi va isroilliklar armiyasini chuqur o‘rgangan.

Har qanday quruqlik yurishida HAMASning tayyorlangan pozitsiyalari, jumladan yillar mobaynida barpo etilgan va hatto aloqa tizimlari bilan ham jihozlangan yerosti tunnellari tarmog‘i TsAHAL uchun jiddiy muammo bo‘ladi.

Falastinliklar qo‘mondonlik punktlari yoki jangchilarni bir joydan boshqa joyga tashlash uchun foydalanish mumkin bo‘lgan maxfiy va yaxshi himoyalangan yerosti obektlari qurishda katta tajribaga egadir.

TsAHAL avvaldan G‘azo sektorini razvedka qilish va kuzatish bo‘yicha yaqqol ustunlikka ega bo‘lgan, ammo endi HAMAS arzon va topish oson bo‘lgan fuqarolik dronlariga ega bo‘lgani tomonlarning bu boradagi pozitsiyalarini tenglashtiradi.

Isroil G‘azo sektorini nazoratiga ola biladimi?

Isroil HAMASning hujumiga javoban o‘ch olish uchun yetarlicha harbiy salohiyatga ega, ammo isroillik harbiylar va tinch aholi, shuningdek, ayni vaqtda garovda bo‘lib turganlar uchun bu juda qimmatga tushishi mumkin.

G‘azo sektorini qaytadan to‘liq ishg‘ol etish favqulodda murakkab vazifa va uni uzoq istiqbolda ham boshqarish Isroilning imkoniyatlaridan tashqarida bo‘ladi. Agar Isroil chindan ham keng ko‘lamli bostirib kirishga ahd qilgan bo‘lsa, uning maqsadi, katta ehtimol bilan HAMASni to‘liq yakson etish bo‘ladi.

Mavzuga oid