Jahon | 18:19 / 11.06.2023
17987
15 daqiqa o‘qiladi

Tuzatib bo‘lmas o‘zgarishlar. Kaxovka GES to‘g‘oni vayron bo‘lishi qanday ekologik oqibatlarga olib keladi?

Kaxovka GES to‘g‘oni buzilishi haqiqiy ekologik falokat bo‘ldi. Hayvonlar va baliqlar allaqachon yoppasiga nobud bo‘lmoqda, qishloq xo‘jaligi yerlari jiddiy zarar ko‘rdi va mintaqa ekotizimi buzila boshladi. Natijada, zararlangan hududlar qaytarib bo‘lmaydigan darajada o‘zgaryapti.

Foto: ALEKSEY KONOVALOV/TASS

Hozir Ukrainaning Xerson oblastida 32 ta aholi yashash manzilidagi 3,6 mingdan ortiq uy suv ostida qolgan. Suv sathi pasaymoqda, lekin juda sekin. Suv bosgan shaharlarda hali ham odamlar va jonivorlar bor.

To‘g‘ondan teparoqda joylashgan hududlar esa, aksincha, suv omborlarining to‘lishini kutmoqda. Ayrim shaharlarda suv muammosi allaqachon boshlangan.

Va bular Kaxovka GES to‘g‘oni vayron bo‘lishining eng aniq ekologik oqibatlari. Ulardan ko‘pchiligi yaqin yillarda o‘zini namoyon qiladi, deydi olimlar.

Ekin maydonlari o‘rniga cho‘l

«Kaxovka GES to‘g‘oni buzilishi suv omborining suvi kamayishiga olib keladi. Va bu, o‘z navbatida, Dnipropetrovsk, Xerson va Zaporijjiya oblastlari dalalaridagi o‘ttizdan ortiq sug‘orish tizimlariga suv ta’minoti to‘xtatishiga sabab bo‘ladi», deya xabar bergan Ukraina Agrar siyosat va oziq-ovqat vazirligi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, urushdan oldingi so‘nggi yilda, ya’ni 2021 yilda ushbu tizimlar 584 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish imkonini bergan. Bu juda katta hudud, 2021 yilda bu yerlardan umumiy qiymati qariyb 1,5 milliard dollarga teng 4 million tonna g‘alla va moyli o‘simliklar yig‘ib olingan.

Biroq oqibatlarini baholash farq qiladi. Masalan, Shvetsiya qishloq xo‘jaligi fanlari universiteti geografi Brayan Kons BBC nashri bilan suhbatda suv omboridan chiqadigan kanallar tarmog‘i kichikroq maydonni — Xerson va Zaporijjiya oblastlaridagi 200 ming gektarga yaqin yerni sug‘orishini taxmin qilgan. «Va men aytgan bo‘lardimki, bu hajmdagi yerning katta qismi salbiy ta’sir ostida qolishi mumkin», degan Kons.

«Xerson va Zaporijjiya oblastlarida asosiy ekinlar ekiladigan barcha ekin maydonlari 600-700 ming gektarni tashkil etadi. Bu ekinlar orasida bug‘doy, makkajo‘xori va kamroq hajmda arpa bor», deydi Rossiyaning «SovEkon» tahliliy markazi rahbari Andrey Sizov.

Ukraina agrar vazirligining ta’kidlashicha, Kaxovka GESning vayron bo‘lishi oqibatida «Ukraina janubidagi dalalar kelgusi yildayoq cho‘lga aylanishi mumkin».

Brayan Kons bu baholashni adolatli deb hisoblaydi va buni Shimoliy Qrim bilan sodir bo‘lgan hodisaga qiyoslaydi. Shimoliy Qrim kanalining yopilishi (bu 2014 yilda yarimorol Rossiya tomonidan anneksiya qilinganidan keyin yuz bergan) qishloq xo‘jaligiga katta ta’sir ko‘rsatgan: landshaft va yetishtirilishi mumkin bo‘lgan ekin turlari o‘zgargan.

Suv yuvib ketgan barcha narsa Dniproga borib tushadi. Foto: ALEKSEY KONOVALOV/TASS

Sug‘orish tizimisiz, masalan, guruch va sabzavotlarni yetishtirish qiyin, ular ko‘p suv iste’mol qiladi. «Ba’zi don mahsulotlari va kungaboqarni lalmikor tarzda yetishtirish mumkin. Biroq, ular, albatta, muntazam sug‘orilsa tezroq yetiladi va mirishkor tizimda hosildorlik lalmikor tizimga qaraganda ancha ishonchli bo‘ladi», deydi shvetsiyalik mutaxassis.

GES to‘g‘oni vayron bo‘lishi natijasida qishloq xo‘jaligi maydonlarining bir qismi qurib qoladi, qolgan qismi esa, aksincha, suv ostida qoladi. Ukraina agrar siyosat vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Dniproning o‘ng qirg‘og‘ida (Ukraina nazorati ostida) taxminan 10 ming gektar qishloq xo‘jaligi yeri suv ostida qolgan. Rossiya tomonidan bosib olingan past chap qirg‘oqda suv bosishi hajmi bir necha baravar ko‘p. Bu yerlarning bir qismi doimiy suv ostida qolishi mumkin.

Bu yilgi yo‘qotishlarni baholash qiyin. Bu hududdagi ekin maydonlari va hosildorlik haqidagi ma’lumotlar urushdan oldingi davrga tegishli. Dniproning ikki qirg‘og‘ida bu mavsumda qaysi maydonlarga ekin ekilgani haqida ishonchli ma’lumotlar yo‘q.

Chiqindi, kimyoviy moddalar va minalarga to‘la suv oqimlari

Shaharlar, qishloqlar va dalalarni bosgan suv oqimlari yo‘lida uchragan narsalarni, masalan, chiqindi, xavfli kimyoviy moddalar va hatto minalarni o‘zi bilan olib ketmoqda.

Rossiya harbiylari nazorati ostida bo‘lgan to‘g‘on atroflari kuchli minalangan. Qizil Xoch va Care International tashkilotlari ogohlantirishicha, hozir o‘sha minalar suvda suzib yuribdi.

«Birinchi navbatda, Dniproning chap qirg‘og‘i va u yerdagi qishloq xo‘jaligi yerlari bundan zarar ko‘radi va bu ularning yaqin kelajakda yana yaroqli yerga aylanishini qiyinlashtiradi», deydi Brayan Kons.

«Kaxovka suv omboridan oqib chiqayotgan suv tarkibida zaharli chiqindilar ham bo‘lishi mumkin. Omborning qurigan qismida qolgan, organik moddalar, minerallar va kimyoviy cho‘kindilarning qoldiqlaridan hosil bo‘lgan qattiq jinslar quriydi va chang bo‘ronlari natijasida havoga ko‘tariladi», dedi ekolog Yevgeniy Simonov BBC nashriga.

Bu prognozlarni «Ukraina atrof-muhitni himoya qilish guruhi» ham tasdiqlagan. Uning ekspertlari o‘nlab yillar davomida Zaporijjya, Dnipro, Kamenskiy va boshqa hududlardagi sanoat korxonalari chiqindilaridan hosil bo‘lgan suv omborining pastki cho‘kindilarida og‘ir metallar va boshqa ifloslantiruvchi moddalar mavjudligi haqida yozgan.

Guruh ma’lumotlariga ko‘ra, umuman olganda, to‘g‘onning vayron bo‘lishi natijasida suvga ko‘p miqdorda yonilg‘i-moylash materiallari sizib chiqqan. Ular suvda yashovchi jonzotlar uchun zaharli bo‘lib, suv yuzasida parda hosil qilishi mumkin.

Daryoga allaqachon 150 tonna mashina moyi oqib ketgan. Foto: ALEKSEY KONOVALOV/TASS

Bundan tashqari, aholi punktlarini, shu jumladan ularda joylashgan chiqindixonalar, qishloq xo‘jaligi yerlari, yonilg‘i quyish shoxobchalari va boshqa ifloslanish manbalarini suv bosishi dengizga juda ko‘p miqdorda ifloslantiruvchi moddalar oqib kelishini anglatadi. Bu esa dengizdagi tirik organizmlarning turli guruhlariga — planktonlardan (juda kichik organizmlar) tortib kitsimonlargacha (Qora dengizdagi) ta’sir qilishi mumkin.

Va bu taxminlar allaqachon amalga oshmoqda. Ukraina Xavfsizlik kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, 6 iyun kuni yarim tungacha kamida 150 tonna mashina moyi Dniproga oqib ketgan va yana 300 tonna daryoga sizishi mumkin.

8 iyun kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kaxovka GES to‘g‘oni vayron bo‘lishi natijasida tabiat va odamlar uchun xavfli moddalar saqlanadigan omborlar hamda kuydirgi bilan kasallangan chorva mollari qabristonlari suv ostida qolganini aytdi.

«To‘g‘on vayron bo‘lgani sababli yonilg‘i va o‘g‘it omborlari, kimyoviy moddalar saqlanadigan omborlar, hayvonlar qabristonlari suv ostida qolgan. Qabristonlarning kamida ikkitasida kuydirgi kasali bilan kasallangan hayvonlar bor va ularning ikkalasi ham vaqtincha bosib olingan hududda. Ularga nima bo‘lganini bilmaymiz», degan Zelenskiy xalqaro ekologik tashkilotlar faollari va ekspertlar bilan o‘tkazilgan videomuloqotda.

Xerson oblast kengashi rahbari Oleksandr Samoylenko «Nastoyashcheye vremya» nashriga Xerson oblastida qoramollar qabristonlari, mozorlar va zararli moddalar ko‘miladigan joylar allaqachon yuvilib keta boshlaganini tasdiqlagan.

Baliqlarning ommaviy ravishda nobud bo‘lishi

«Suv sathi pasayib borayotgani sababli suv bioresurslari — karas baliqlarining ommaviy nobud bo‘lishi holati aniqlandi», deb yozadi Ukraina melioratsiya va baliqchilik davlat agentligi. Agentlik 7 iyun kuni tushdan keyin video e’lon qildi, unda muallif Dnipropetrovsk oblastining Maryanskoye qishlog‘i yaqinida ekanini aytadi. Videoda — suv omborining qurigan qismidagi o‘lik baliqlarning butun maydoni ko‘rinadi.

Ukraina agrar siyosat vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Kaxovka GESning vayron bo‘lishi natijasida faqatgina katta turlarning nobud bo‘lishi oqibatida baliqchilik sanoatiga yetkazilgan zarar 95 ming tonnaga yetishi mumkin, bu esa 108 million dollardan oshadi. Vazirlik ma’lum qilishicha, barcha bioresurslarning nobud bo‘lishidan keladigan zarar 2,6 baravar ko‘proq bo‘ladi.

«Suv bioresurslarini yo‘qotishning salbiy oqibatlari, hatto yaqin orada Kaxovka suv ombori tubi to‘ldirilgan taqdirda ham ketma-ket bir necha yil kuzatiladi», — deyiladi vazirlik xabarida. Baliq populyatsiyasi va uning oziq-ovqat bazasini tiklash uchun vaqt kerak, deya tushuntiradi Ukraina rasmiylari.

To‘g‘on vayron qilingan paytda, unga biriktirilgan Kaxovka suv omborida baliqlarning kamida 43 turi mavjud bo‘lib, ulardan 20 tasi tijorat ahamiyatiga ega bo‘lgan.

ALEKSEY KONOVALOV/TASS

«Allaqachon yosh jonzotlarning ham, katta turlarning ham o‘limi qayd etildi. Ko‘pgina turlarning urug‘lanishi bahorning oxiri — yozning boshida sodir bo‘ladi. Urug‘lanish davri endigina tugadi va suv sathi pasayishi natijasida suv omborining baland qismlaridagi tuxumlar qurib qoladi», deb yozadi «Ukraina atrof-muhitni himoya qilish guruhi».

Bundan tashqari, Kaxovka GES to‘g‘oni ostida hosil suv omborining faunasi ham suv oqib chiqishi natijasida nobud bo‘ladi. Bu suv toshqini darajasi pasayganda sodir bo‘ladi, o‘shanda bu suvosti jonzotlari quruqlikda qolib ketadi.

8 iyun kuni Ukraina tomoni Xerson oblastidagi bakra baliq turlarini ko‘paytirish zavodi suv bosishi xavfi ostida qolgani haqida xabar berdi. Ukrainadagi bu turdagi yagona davlat zavodi 1984 yildan beri ishlaydi va Dniprodagi suv omborlari kaskadi qurilishi tufayli tabiiy ko‘payish imkoniyatini yo‘qotgan bakralar turini ko‘paytirish uchun maxsus ochilgan.

O‘lik baliqning o‘zi ham muammo bo‘ladi. 7 iyun kuni Ukraina sog‘liqni saqlash vazirligi yaqin kunlarda Xerson oblastida o‘lik baliqlar dengizi paydo bo‘lishidan ogohlantirdi. Uni yig‘ish va iste’mol qilish sog‘liq uchun juda xavfli.

Hayvonlarning yoppasiga nobud bo‘lishi

Toshqinning dastlabki kunlarida Ukraina hukumati jabrlangan hududlar aholisini itlarini yechib, uy hayvonlarini qo‘yib yuborishga, yanada yaxshirog‘i, evakuatsiya vaqtida ularni o‘zi bilan olishga chaqirdi. Ko‘pchilik bu maslahatga amal qildi, ammo ko‘ngillilar va politsiya itlar, mushuklar va boshqa hayvonlarning suvdan olib chiqilayotgani tasvirlangan ko‘plab suratlarni e’lon qildi.

Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarda vaziyat ancha murakkab: evakuatsiya bilan bog‘liq katta muammolar bor. Bu yerda evakuatsiya asosan ko‘ngillilar va mahalliy aholi kuchi bilan amalga oshirilmoqda.

Haqiqiy fojia Nova Kaxovkadagi «Ertaknamo eman o‘rmoni» («Kazkova Dibrova») xususiy hayvonot bog‘ida yuz bergan. To‘g‘on vayron bo‘lganidan keyingi dastlabki soatlardayoq bog‘ni suv bosgan.

6 iyun kuni u yerdagi barcha hayvonlar nobud bo‘lgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Biroq, okkupatsiya ma’muriyati tomonidan tayinlangan Nova Kaxovka meri Vladimir Leontev jonivorlar 2022 yilda shahar hududidan olib chiqilganini aytdi.

Bu bayonotni BBC nashri bilan suhbatda «Ertaknamo eman o‘rmoni» majmuasi direktori Yelena Navrotskaya rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, suv toshqini paytida hayvonot bog‘ida 250 ga yaqin jonivor bo‘lgan.

«6 iyun kuni ertalabki soat oltida hayvonot bog‘i xodimlari bog‘ga kelishgan, ammo «Eman o‘rmoni» butunlay suv ostida qolgandi», degan Yelena.

«6 iyun kuni ertalab soat oltida «Ertaknamo eman o‘rmoni« xodimi menga qo‘ng‘iroq qildi, ahvoli yomon edi. U yig‘lab, Kaxovka GES portlab ketganini va «Eman o‘rmoni»ni butunlay suv bosganini aytdi. U menga hayvonot bog‘ini to‘liq suv bosgan videoni yubordi. Unda mebellar va hayvonlarning jasadlari suzib yurardi», deya voqeani tasvirlagan Yelena.

Suv toshqini natijasida u yerdagi 220 ga yaqin hayvonlar nobud bo‘lgan, ular orasida echki, qo‘y, muflon (yovvoyi qo‘y), koati va boshqalar bor bo‘lgan. Kuzdan beri hayvonot bog‘i xodimlaridan biri bilan birga yashab kelayotgan 60 ta kichik hayvonlar, shuningdek oqqushlar va o‘rdaklargina tirik qolgan.

Ekspertlar xulosalari

«Ukraina atrof-muhitni himoya qilish guruhi» mutaxassislari tabiat uchun keladigan ko‘plab oqibatlarni bir necha toifalarga ajratgan: Kaxovka suv ombori tubini drenajlash oqibatlari, damba ostidagi hududlarni suv bosishi oqibatlari va Qora dengiz uchun oqibatlar.

Ularning yozishicha, GES to‘g‘oni vayron bo‘lishining hatto qisqa muddatdagi oqibatlari 2022 yil fevral oyining boshidan beri sodir bo‘lgan barcha harbiy harakatlar oqibatlaridan ancha kattaroq bo‘ladi.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, uzoq muddatli kelajakda iqlim va boshqa omillar tufayli, Dniproning tabiiy oqimini tiklash va Ukraina janubi iqtisodiyotini dehqonchilikdan chorvachilikka o‘zgartirish maqsadga muvofiq bo‘lishi mumkin. Yoki Kaxovka GESni tiklash uchun zarur bo‘ladigan mablag‘ga sanoat va qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suvni suv omboridan emas, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri Dnipr daryosining o‘zidan olish imkonini beradigan zamonaviy nasos stansiyalari qurish lozim.

Mavzuga oid