O‘zbekiston | 14:26 / 12.05.2023
17231
23 daqiqa o‘qiladi

«Tuya go‘shti yegan» pulli yo‘llar, abgor bo‘layotgan trassalar: o‘zbekistonliklar sifatli yo‘llarni qachon ko‘radi?

O‘zbekistonda mavjud yo‘llarga muqobil tarzda pulli yo‘llar qurilishi haqida ilk bor gapirilganiga ancha yillar bo‘ldi. Jumladan «Toshkent – Samarqand» va «Toshkent – Andijon» pulli yo‘llarini qurish haqida ilk bor 2018 yilda aytilgandi. Oradan 6 yil o‘tdi. Biroq hanuzgacha amaliy ishlar boshlanmadi. Qachon boshlanishi ham noma’lum. Buyoqda esa davlat nazoratida qolayotgan mavjud yo‘llarning sifati ham yomon holatga kelib bo‘lgan.

Har bir mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishi uchun avtomobil yo‘llarining ahamiyati juda katta. Turli tovarlarning tashilishi yoki tranzit yuklarini o‘tkazish, aholining transport vositalari bilan harakatlanishi, xizmat ko‘rsatish sohalari uchun sifatli yo‘llar bo‘lishi juda muhim.

Biroq bugun O‘zbekiston o‘z hududidagi avtomobil yo‘llarining sifati borasida dunyoning rivojlanayotgan davlatlari u yoqda tursin, hatto o‘z qo‘shnilari bilan ham raqobatlasha olmaydi.

O‘zbekistonda xalqaro ahamiyatga ega 3 626 km, respublika ahamiyatiga ega 16 909 km yo‘llar bor. Bu yo‘llarning ayrim qismlarini aytmaganda asosiy qismi ta’mirtalab ahvolda qolmoqda.

Masalaning barcha uchun yoqimsiz tomoni ta’mirtalab yo‘llarning taqdiri hozircha mavhum va ularning qachon jahon standartlariga javob beradigan darajada sifatli qilib ta’mirlab qo‘yilishi aniq emas. Qolaversa, bu oson ham emas, juda katta mablag‘ va bir necha yillarni talab etadi.

O‘zbekistondagi xalqaro yo‘llar

Bugun O‘zbekiston hududida o‘n bitta xalqaro ahamiyatga ega yo‘l bor. Ularning eng uzuni A-380 G‘uzor-Nukus-Qo‘ng‘irot-Beynov yo‘li – 1 204 km. Eng qisqasi A-381 Xo‘jayli-Toshhovuz avtomobil yo‘li – 12 km (O‘zbekiston hududidan o‘tgan qismi)

O‘zbekiston hududidan o‘tgan xalqaro yo‘llar:

1. M-34 Toshkent – Dushanbe

M-34 Toshkent-Dushanbe xalqaro avtomobil yo‘li

M-34 xalqaro avtomobil yo‘li Toshkent shahridan boshlanib, Yangiyo‘l, Sirdaryo, Guliston va Xovos orqali Tojikiston hududiga chiqadi. So‘ng qo‘shni davlat poytaxti Dushanbe shahrigacha boradi.

Mazkur yo‘lning umumiy uzunligi 469 kilometrni tashkil etadi. O‘zbekiston hududidagi qismi 160 km.

2. M-37 Samarqand – Buxoro – Turkmanboshi

M-37 Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi xalqaro avtomobil yo‘li

M-37 xalqaro avtomobil yo‘li Samarqanddan boshlanib, Navoiy, Buxoro, Turkmanistonning Chorjo‘y, Mari, Ashxobod shaharlaridan o‘tib, Kaspiy dengizi qirg‘og‘ida joylashgan Turkmanboshi shahrigacha boradi.

Mazkur yo‘l 1933-1937-yillarda qurila boshlangan. 1960-yillarda asfalt yotqizilgan. Yo‘lning umumiy  uzunligi qariyb 1 600 km. O‘zbekiston hududidan o‘tgan qismi 365 km.

3. M-39 Olmaota – Toshkent – Termiz

M-39 Olmaota-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘li

M-39 xalqaro avtomobil yo‘li mintaqadagi ilk qurilgan xalqaro yo‘llardan biri hisoblanadi. U o‘tgan asrning 30-yillarida qurila boshlangan.

M-39 avtomobil yo‘lining umumiy uzunligi qariyb 1 500 km bo‘lib, shundan 808 km Qozog‘iston, 628 km O‘zbekiston hududidan o‘tadi. Yo‘l Olmaota shahridan boshlanib, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari orqali o‘tib, Termiz shahrigacha yetadi.

Surxondaryo hududida Afg‘oniston bilan chegaradagi Hayraton ko‘prigiga olib boradigan yo‘l ham M-39 yo‘lining shoxobchasi hisoblanadi.

4. M-41 Bishkek – Dushanbe – Termiz

M-41 Bishkek-Dushanbe-Termiz xalqaro avtomobil yo‘li

M-41 xalqaro avtomobil yo‘li nafaqat Markaziyo Osiyodagi, balki jahondagi dengiz sathidan eng baland joylardan o‘tgan yo‘llardan biri hisoblanadi.

Mazkur yo‘l Qirg‘izistonning Bishkek shahridan boshlanadi va O‘sh shahri orqali Tojikiston hududiga o‘tadi. So‘ng Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati markazi Xorog va mamlakat poytaxti Dushanbe shahri orqali O‘zbekistonga, Surxondaryo viloyatiga chiqadi va Termiz shahrigacha boradi.

Mazkur yo‘lning katta qismi Pomir tog‘laridan, dengiz sathidan 4 ming metr balandlikdan o‘tadi va shu ko‘rsatkich bo‘yicha u dunyodagi noyob yo‘llardan hisoblanadi.

M-41ning umumiy uzunligi 1 600 km atrofida bo‘lib, shundan 191 km yo‘l O‘zbekiston hududida joylashgan. M-41 Tojikiston bilan chegaradosh bo‘lgan Sariosiyodan boshlanib, Denov, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on tumanlari orqali Termiz shahrigacha boradi.

5. A-373 M-39 xalqaro yo‘li – Guliston – O‘sh

A-373 Guliston-O‘sh xalqaro avtomobil yo‘li

A-373 xalqaro avtomobil yo‘li M-39 xalqaro avtomobil yo‘lining Sirdaryo viloyatidan o‘tgan qismidan boshlanib, Guliston, Bo‘ka, Ohangaron, Angren, Qo‘qon, Shahrixon va Andijon shaharlari orqali o‘tib, Qirg‘izistonning O‘sh shahrigacha boradi.

Ohangarondan Toshkentgacha bo‘lgan 45 km, Qo‘qon shahrigacha bo‘lgan 66 km yo‘l ham A-373 yo‘lining shoxobchalari hisoblanadi. Shu sababli ayni paytda mazkur yo‘l Toshkent-O‘sh yo‘li deb ham atalmoqda.

Mazkur yo‘l barcha shoxobchalari bilan 586 kilometrni tashkil etadi. Uning bir qismi go‘zal tabiatga ega bo‘lgan Qamchiq dovoni orqali o‘tadi.

6. A-376 Qo‘qon – Jizzax

A-376 Jizzax-Qo‘qon xalqaro avtomobil yo‘li

A-376 xalqaro avtomobil yo‘li Qo‘qon shahridan boshlanib, Tojikistonning So‘g‘d viloyati orqali Jizzax shahrigacha keladi.

Mazkur yo‘l Qo‘qon, Beshariq, Konibodom, Xo‘jand, Bekobod, Xovos orqali o‘tadi va Jizzax shahrida to‘xtaydi.

Yo‘lning umumiy uzunligi qariyb 350 km bo‘lib, uning 168 kilometri O‘zbekiston hududidan o‘tadi.

7. A-377 Samarqand – Ayniy

A-377 Samarqand-Ayniy xalqaro avtomobil yo‘li

A-377 xalqaro avtomobil yo‘li Samarqand shahridan boshlanib, Tojikistonning So‘g‘d viloyati Ayniy tumanigacha boradi va shu yerda M-34 Toshkent-Dushanbe xalqaro avtomobil yo‘li bilan tutashadi.

Yo‘lning umumiy uzunligi qariyb 160 km bo‘lib, uning 37 kilometri O‘zbekiston hududida joylashgan. Yo‘l Tojikiston hududigacha Samarqand, Toyloq va Urgut tumanlaridan o‘tib boradi.

8. A-378 Samarqand – G‘uzor

A-378 Samarqand-G‘uzor xalqaro avtomobil yo‘li

A-378 xalqaro avtomobil yo‘li Samarqand shahridan boshlanib, Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumani markazigacha boradi. Yo‘lning umumiy uzunligi 138 km. U Samarqand viloyatining Samarqand, Nurobod, Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala va Qamashi tumanlari orqali o‘tib G‘uzor shahriga yetadi.

9. A-379 Navoiy – Uchquduq

A-379 Navoiy-Uchquduq xalqaro avtomobil yo‘li

A-379 xalqaro avtomobil yo‘li faqat Navoiy viloyatida joylashgan. Ushbu yo‘l Navoiy shahridan boshlanib, Zarafshon shahri orqali «tillachilar shahri» Uchquduqqacha boradi. Yo‘lning umumiy uzunligi 289 km.

10. A-380 G‘uzor – Nukus – Qo‘ng‘irot – Beynov.

A-380 G‘uzor-Nukus-Beynov xalqaro avtomobil yo‘li

A-380 O‘zbekiston hududidagi eng uzun xalqaro avtomobil yo‘li hisoblanadi. U Qashqadaryo viloyatidagi G‘uzor shahridan boshlanib Qarshi, Muborak, Buxoro, Gazli, To‘rtko‘l, Nukus va Qo‘ng‘irot shaharlari orqali o‘tib, Qozog‘istondagi Beynov shahrigacha boradi. Yo‘lning umumiy uzunligi 1 204 km.

Mazkur yo‘lning Qo‘ng‘irotdan O‘zbekiston chegarasigacha bo‘lgan qismi juda yomon ahvolda qolmoqda va bu mahalliy va xorijlik haydovchilarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lyapti.

11. A-381 Xo‘jayli – Toshhovuz.

A-381 Xo‘jayli-Toshhovuz xalqaro avtomobil yo‘li

O‘zbekiston hududidagi eng qisqa xalqaro yo‘l A-381 Xo‘jayli-Toshhovuz hisoblanadi. Bu yo‘lning bor-yo‘g‘i 12 kilometri O‘zbekiston hududida. Qolgani Turmanistonning Toshhovuz viloyatida.

O‘zbekistondagi yo‘llarning sifati

Bugun O‘zbekistonda nafaqat xalqaro yo‘llar, balki respublika va viloyat ahamiyatidagi hamda mahalliy yo‘llarning asosiy qismi ta’mirtalab holga kelib qolgan.

So‘nggi yillarda hududlarda budjet mablag‘lari sarflanishi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish maqsadida «Open budjet» loyihasi boshlandi. Aholi tomonidan bu loyihaga turli hududlardagi mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘llarni ta’mirlash ham kiritilmoqda.

Shuningdek, joriy yildan «Open budjet»da «Mening yo‘lim» loyihasiga start berildi va yaqinda uning dastlabki g‘oliblari aniqlandi.

Biroq xalqaro va respublika ahamiyatidagi yo‘llar borasida bunday deb bo‘lmaydi. So‘nggi yillarda bunday yo‘llar ancha e’tibordan chetda qolmoqda. Oqibatda, ularning asosiy qismi ta’mirtalab ahvolga kelib bo‘ldi.

Shu sababli xalqaro va respublika ahamiyatidagi yo‘llardagi holat nafaqat hamyurtlarimizni, balki O‘zbekistonga sayohat qilish maqsadida kelayotgan yoki mamlakatimizdan tranzit sifatida foydalanuvchi xorijlik haydovchilarning ham haqli e’tirozlariga sabab bo‘lyapti.

Bugun hukumat yo‘llarni sifatli ta’mirlab qo‘ymasdan iqtisodiy rivojlanib bo‘lmasligini, shuningdek, yomon yo‘llar sayyohlikni rivojlantirishga ham yaxshigina to‘siq bo‘lishini tushunib yetishi kerak.

So‘nggi yillarda qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar soni keskin oshdi. Agar yo‘llar sifatli ta’mirlab qo‘yilsa, ular o‘zlarining transport vositalari bilan aylanib ketishadi va natijada sayyohlarning mamlakatimizda bo‘lish kunlari oshadi.

2019 yilda Buxoroda Samarqanddan bu ko‘hna shaharga xorijiy sayyohlarni olib borgan avtobus haydovchilari bilan gaplashgan edim. O‘shanda ular O‘zbekistonga keladigan xorijiy sayyohlar yo‘llarimizning yomonligidan yozg‘irishini aytishgandi.

Ular sayyohlar poyezdda yurish yoki samolyotda uchishdan ko‘ra avtobuslarda yurishni yoqtirishini, biroq Samarqanddan Buxoroga yetib olguncha hafsalasi pir bo‘lishini ta’kidlashgandi.

Buxorodan Xivaga borguncha Gazli shahri yaqinidagi yo‘lning juda xarob ahvoldaligi va shundoqqina tarixiy shahar biqinidagi yo‘lning yomonligi mamlakat imijiga ham dog‘ bo‘layotganini bildirishgandi. Ma’lum bo‘lishicha, Gazli yaqinidagi yo‘l hali ham ta’mirlanmagan.

Shuningdek, so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘istonning g‘arbiy qismida, Ustyurtda joylashgan A-380 G‘uzor - Nukus - Qo‘ng‘irot – Beynov avtomobil yo‘lining 300 kilometrdan oshiqroq qismi juda yomon ahvolga kelib qolgan.

G‘uzor-Nukus-Beynov xalqaro avtomobil yo‘lining Qoraqalpog‘istondagi qismi

Mamlakatimizga shimoldan kirib kelayotgan o‘zbekistonlik va xorijlik haydovchilar ta’mirtalab bo‘lgan bu yo‘ldan yurak hovuchlab o‘tishlarini aytishadi.

Internet tarmoqlarida bu yo‘ldan o‘tayotganida mashinasi nosoz holga tushgan o‘zbekistonlik va xorijlik haydovchilarning ko‘plab videolari bor.

Sifatli yo‘llarning iqtisodiy taraqqiyotdagi roli

Har bir davlatda avtomobil yo‘llari mamlakat taraqqiyoti uchun muhim rol o‘ynaydi. Fuqarolarning transport vositalarida harakatlanishi, odam va yuk tashish sohalari, shuningdek, yo‘llar yoqasida xizmat ko‘rsatish shoxobchalarining tashkil etilishi kabilar iqtisodiyotning o‘sishiga xizmat qiladi.

Biroq bu uchun avvalo sifatli yo‘llar kerak. Yo‘llarni ta’mirlab qo‘ymasdan turib uning yoqasida infratuzilmalarni rivojlantirish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas.

Ta’mirtalab yo‘llar yoqasida xizmat ko‘rsatish sohalarini tashkil etish qiyin va murakkab. Chunki yozda chang qishda loyga botib yotgan yo‘l yoqasida hech kim oshxona yoki boshqa xizmat ko‘rsatish joylarini ochmaydi.

Endi raqamlarga e’tibor qaratamiz. Prognozlashtirish va iqtisodiy tadqiqotlar instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2017-2022 yillar oralig‘ida O‘zbekistonda avtomobillarda yuk tashish hajmi 1,5 barobarga oshgan.

Jumladan, 2017 yilda avtomobil transporti orqali yuk tashish hajmi 13,6 mlrd tonna kilometrni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib bu ko‘rsatkich 20,2 mlrd tonna kilometrga yetgan.

2017 yilda avtomobil transporti orqali 5 mlrd 591 mln 300 ming nafar yo‘lovchi tashilgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib bu ko‘rsatkich 6 mlrd 17 mln 2 ming nafar yo‘lovchiga yetgan.

2017 yilda yo‘lovchi aylanmasi 130 mlrd yo‘lovchi-kilometr bo‘lgan. 2022 yilda 144 mlrd 7 mln yo‘lovchi-kilometrga oshgan.

2022 yilda yo‘lovchi tashishda avtomobil transportining ulushi 97,5 foizni tashkil etgan. 2021 yilda bu ko‘rsatkich 98,1 foizni tashkil etgan va yil davomida avtomobil transporti orqali 5 mlrd 914 mln 200 ming kishi tashilgan.

Agar qolgan transport turlarida tashilgan yo‘lovchilar soniga e’tibor berilsa, shahar elektr transportida (tramvay, trolleybus va metro) 104 mln 600 ming, temiryo‘l orqali 7 mln 900 ming, havo transportida 3 mln yo‘lovchi tashilgan.

Yuqoridagi raqamlardan ham ko‘rish mumkin, bugun O‘zbekistonda yo‘lovchilarning va yuklarning asosiy qismi avtomobil transporti orqali tashilmoqda.

Muammoning yechimi yoxud «tuya go‘shti yegan» xususiy yo‘llar

Istalgan mamlakatda yo‘llar sifatini va shunga hamohang xizmat ko‘rsatish sohalari va infratuzilmalarni rivojlantirishda pulli yo‘llarning ahamiyati beqiyos.

O‘zbekistonda mavjud yo‘llarga muqobil tarzda pulli yo‘llar qurilishi haqida ilk bor gapirilganiga ancha yillar bo‘ldi. Biroq hanuzgacha amaliy ishlar boshlanmadi. Qachon boshlanishi ham noma’lum.

Jumladan, 2018 yilda Toshkentda Davlat avtomobil yo‘llari qo‘mitasi rahbari Abdurahmon Abduvaliyev va Germaniyaning GP Papenburg AG kompaniyasi boshqaruvi raisi Gyunter Papenburg o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgandi.

Unda O‘zbekistonda davlat-xususiy sektor hamkorligi tamoyillari asosida avtomobil yo‘llarini qurish muhokama qilingandi. O‘shanda O‘zbekistonda 2020 yilga kelib birinchi pulli yo‘llar paydo bo‘lishi mumkinligi aytilgandi.

2018 yil sentabr oyida Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasida qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov Turkiyaning Cengiz — Kolin — Kalyon kompaniyalar konsorsiumi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tgandi

Uchrashuvda Toshkent – Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha davlat - xususiy sheriklik prinsiplarida avtomobil yo‘lini qurish masalasi muhokama qilingandi.

2019 yil 29 aprel kuni «Mahalla» gazetasida pulli yo‘llar haqida xabar berildi. Ko‘p o‘tmay ushbu xabar O‘zAda ham e’lon qilindi.

«2019 yil 29 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Respublika iqtisodiyotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilindi. Ushbu hujjatga ko‘ra, yaqin yillarda «Toshkent – Andijon» va «Toshkent – Samarqand» yo‘nalishlari bo‘ylab pulli avtomobil yo‘llari qurilishi belgilandi», deb yozilgan edi xabarda.

Oradan bir necha oy o‘tib, 2019 yil 11 oktyabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Transport vazirligi mutasaddilari qurilishi rejalashtirilgan pulli yo‘llar bo‘yicha ma’lumot berildi.

Jumladan, «Toshkent-Andijon» pulli yo‘li bo‘yicha Jahon banki tomonidan grant ajratilgani, bu masalada «Pricewaterhouse Coopers» xorijiy kompaniyasi loyihaviy o‘rganish ishlarini amalga oshirayotganini aytilgandi.

Shuningdek, mazkur kompaniya tomonidan «Toshkent – Andijon» pulli yo‘li, shuningdek Qamchiq dovonida 16,4 kilometrlik tunnel qurish rejalashtirilgani aytilgandi.

Bundan tashqari, anjumanda «Toshkent – Samarqand» yo‘li loyihasi Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki tenderi ko‘magida amalga oshirilayotgani aytilgan. Rossiyaning «Spektrum» konsultantlar guruhi tomonidan loyiha hujjatlari ishlab chiqish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotgani ta’kidlangandi.

2019 yil noyabr oyida Oliy Majlis Senatining 24-yalpi majlisida senatorlardan biri Bosh vaziri o‘rinbosari Elyor G‘aniyevdan xorijlik hamkorlar bilan birga amalga oshirilishi aytilgan «Toshkent – Samarqand» yo‘nalishidagi pulli yo‘l qurilishi qaysi bosqichda ekani, nega ushbu loyihani amalga oshirish cho‘zilib ketgani haqida so‘raydi.

«Toshkent – Samarqand» yo‘lini qurish bo‘yicha muzokaralar olib borilyapti. Bu yo‘l pulli bo‘lishi kerak. Ammo quruvchilar foydalanuvchilardan undiriladigan haqni juda katta belgilashyapti. Bu bizga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Ayni paytda bu borada o‘nga yaqin loyihalarni o‘rganib chiqyapmiz», deb javob beradi Elyor G‘aniyev.

Elyor G‘aniyev

2020 yil yanvar oyida Davlat-xususiy sheriklik rivojlantirish agentligi «Toshkent — Andijon» pulli avtomobil yo‘lini qurish loyihasi tayyorlanayotganini aytgandi.

Agentlikka ko‘ra, loyihani amalga oshirish maqsadga muvofiq deb topilganda, 2021 aprelgacha tender hujjatlari tayyorlanib, 2022 yil aprelgacha tender bosqichlari amalga oshirilishi hamda tender g‘olibi bilan 2022 yil aprel oyida davlat-xususiy sheriklik asosida bitim imzolanishi kutilayotganini ma’lum qilgandi.

Keyinchalik ham «Toshkent – Samarqand» va «Toshkent – Andijon» pulli yo‘llari haqida ko‘p bor gapirildi, turli ma’lumotlar berildi. Biroq amaliy ishlar «tuya go‘shtini yeyishda» davom etaverdi.

«Toshkent – Samarqand» va «Toshkent – Andijon» pulli yo‘llari haqida so‘nggi bor 2022 yil oktyabr oyida Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi direktori Zokir Bozorov gapirgandi.

U 2022-2026 yillarda transport sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan 5 ta yirik loyiha bo‘yicha hujjatlar tayyorlash va o‘rganish ishlari davom etayotganini aytgandi.

Shu beshta loyiha ichida «Toshkent – Samarqand» va «Toshkent – Andijon» pulli yo‘llarining qurilishi ham bor.

Zokir Bozorov

Mana hash-pash deguncha 2023 yilning 4 oyi ortda qoldi. Bemalol yuraversak 2026 yil ham bir zumda kelib qoladi. Vaziyat shu zaylda davom etaversa Zokir Bozorov aytib o‘tgan beshta loyihani 2026 yilgacha qurib bitkazishning iloji bo‘larmikan?

Bir necha yuz kilometrdan iborat ikkita yirik yo‘lni noldan qurish oson ish emas. Bu yoqda esa vaqt esa kutib turmaydi. Hatto qurilish ishlari hozir boshlansa ham, ikkita yo‘l 2026 yilgacha bitmasligi mumkin.

Yoki o‘sha paytga borib loyihalarni amalga oshirish muddati 2030 yilga uzaytirilganini aytisharmikan? Axir turli loyihalarni bitkazishni paysalga solib, so‘ng muddatni kechiktirishga o‘rganib qoldik-ku!

Yo‘llarni o‘zimiz ta’mirlay olamizmi? Nima qilmoq kerak?

Bu savolga baralla «yo‘q» deb javob bersa bo‘ladi. Chunki mustaqillikdan so‘ng o‘tgan o‘ttiz bir yilda ham ta’mir ko‘rmagan xalqaro va respublikaga ahamiyatiga ega yo‘llarimiz bor.

Bugun oddiy fuqaro ham, yo‘l qurilishi masalasida akademik darajasiga chiqqan odam ham O‘zbekiston kelajakda o‘z hududidagi yo‘llarni o‘z mablag‘lari hisobidan sifatli qilib ta’mirlab qo‘ya olmasligini bilib turibdi.

Chunki yo‘llarga doimiy ravishda qarab turish kerak va bu uchun katta mablag‘ kerak bo‘ladi. Bugun ta’mirlangan yo‘l bir necha yildan so‘ng yana yaroqsiz holga kelib qolishi mumkin. U yoqda esa uzoq hududlardagi yo‘llarni ta’mirlashga navbat ham yetib bormayapti.

Shu sababli yo‘llarning bir qismini pulli yo‘llarga aylantirish va shu yo‘l bilan ularning sifatini ushlab turish mumkin. Bu uchun esa Amerika ochish shart emas. Shunchaki ancha yillardan buyon pulli yo‘llar qurib ishlatib kelayotgan xorijiy davlatlar tajribasini tezlik bilan amaliyotga kiritish, sohaga xorijiy investorlarni jalb qilish kifoya.

Xitoydagi pulli yo‘lga o‘tish joyi

Bunda odamlarning to‘lov qobiliyati pastligini bahona qilish yaramaydi. Hatto aholining turmush darajasi bizdan ancha past bo‘lgan qo‘shni Tojikistonda pulli yo‘llar paydo bo‘lganiga ancha yillar bo‘ldi.

Qolaversa, haydovchilar nosoz yo‘llarda yurib mashinasiga jiddiy shikast yetkazib, so‘ng uni katta pulga ta’mirlatgandan ko‘ra pulli bo‘lsa ham sifatli yo‘llarda yurishni afzal bilishiga zarracha gumonim yo‘q.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid