O‘zbekiston | 09:44 / 03.05.2023
1127
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Koreya ishlab chiqaruvchilari sanoat texnoparki tashkil etiladi

Foto: Dunyo

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov mintaqada o‘z investitsion loyihasini amalga oshirishni rejalashtirayotgan 15 nafardan iborat Janubiy Koreya ishbilarmonlarning katta guruhini qabul qildi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Hokim boshchiligidagi Farg‘ona viloyati rasmiylari hamda tadbirkorlaridan iborat delegatsiyaning joriy yil 27-30 mart kunlari Koreyaga tashrifi davomida Seulda Janubiy Koreya tadbirkorlari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida Farg‘ona shahridagi Ekoshahar majmuasining tegishli kichik sanoat zonasi hududida Koreys ishlab chiqaruvchilari sanoat texnoparki tashkil etish hamda qator kompaniyalarning ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirish bo‘yicha hamkorlik bitimlari imzolangan edi.

Olib borilgan muzokaralar natijasida Incense Korea, Herbtherapy (xushbo‘y atirlar), Juno cosmetics, Samhee (kosmetika), Techon System (sensorli qurilmalar), Korea Electric Lighting (avtonom lampalar), Yeowoon (zargarlik buyumlari), Daeha Solutech (kabel ishlab chiqarish), Juil (yong‘inga qarshi himoya vositalari) va boshqa kompaniyalarning ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirish bo‘yicha hamkorlik bitimlari imzolangan.

Farg‘ona bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ushbu kompaniyalar rahbarlari hamda boshqa qator sarmoyadorlar ishtirok etdilar. Koreyalik tadbirkorlar kun davomida viloyatning potensiali haqida yetarli ma’lumotga ega bo‘lishganini qayd etib, o‘z loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha amaliy ishga kirishishga tayyor ekanliklarini ma’lum qilishdi.

Farg‘ona shahridagi Ekoshahar majmuasining tegishli kichik sanoat zonasi hududida Koreya ishlab chiqaruvchilari Sanoat texnoparki tashkil etish bo‘yicha Seuldagi muzokaralarda erishilgan kelishuvni hayotga tatbiq etish hamda aniq investitsion loyihalarni ishlab chiqishga kirishishlarini bildirdi.

Mavzuga oid