Jahon | 13:16 / 07.03.2023
8358
2 daqiqa o‘qiladi

Vladivostokda avariya tufayli 30 ming kishi issiqliksiz qoldi

Lugovoy maydoni ostidagi issiqlik magistralida avariya natijasida maydonni qaynoq suv bosdi. Vladivostokda bunday avariyalar muntazam ravishda sodir bo‘ladi. 

Foto: Vk

Vladivostokda issiqlik magistrali uchastkasida yuz bergan avariya natijasida 30 mingga yaqin shahar aholisi issiq suv va issiqliksiz qoldi. Avariya Ivanovo ko‘chasida soat 10:40 da (Toshkent vaqti bilan 05:40) yuz berdi, deb xabar berdi Primorsk o‘lkasi prokuraturasi 7 mart, seshanba kuni Telegram’da. 

«Avariya yerga va yo‘l tarmog‘i uchastkalariga suv chiqib ketishiga olib keldi. Tarmoq tashkiloti ta’mirlash-tiklash ishlarini boshlab yubordi», — deyiladi xabarda. Agentlik tarmoqlarga texnik xizmat ko‘rsatishda qonunchilikka rioya etilishi hamda fuqarolarga davlat xizmatlarini uzluksiz ko‘rsatish huquqiga baho berilishini bildirdi. 

«Ta’mirlash ishlarining yakunlanishi, issiqlik ta’minoti va issiq suv ta’minotining tiklanishi tuman prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan», — deyiladi nazorat organi xabarida. Vladivostok elektr tarmoqlari korxonasi («VPES») TASS agentligiga avariya o‘z nazorati ostidagi tarmoqlarda sodir bo‘lganini tasdiqladi va avariya ishlari haqida ma’lum qildi. 

VL.RU nashrining yozishicha, voqea Lugovoy maydoni ostida sodir bo‘lgan, natijada uni qaynoq suv bosgan. Piyodalar «Novoivanovskaya» bekatidan o‘ta olmay, qatnov qismi bo‘ylab harakatlanishga majbur bo‘lmoqda. «Sportivnaya yo‘nalishida katta tirbandlik yuzaga keldi. Avtomobillar g‘ildirakdek chuqurlikdagi ko‘lmaklardan o‘tib ketmoqda. Ular juda sekin harakatlanmoqda, ko‘rish deyarli nolga teng», - deya ta’kidlanadi ma’lumotda. 

Mavzuga oid