Jahon | 18:17 / 25.02.2023
34190
11 daqiqa o‘qiladi

Zilziladan omon qolish rekordlari: vayronalar orasida paymonasi to‘lmaganlar

Turkiyada 6 fevralda sodir bo‘lgan dahshatli zilziladan 384 soat, ya’ni roppa-rosa 16 kun o‘tib ikki kishi qutqarildi. Ammo bu vayronalar orasida tirik qolish bo‘yicha dunyo rekordi emas.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

16 kun davomida 33 metr balandlikda...

Foto: Sabah

Qahramonmarash shahri markazida joylashgan 14 qavatli uy yer qimirlashidan jiddiy zarar ko‘radi. Uyning 11-qavatidagi kvartiralarning birida 70 yashar Hanifa Oqkun to‘qsonni qoralagan onasi Gulli Oqkun bilan qolib ketadi. O‘g‘il og‘ir xasta va to‘shakka mixlangan onani tashlab ketmaydi. Ikkovlon 16 kun davomida uyda bor yegulik bilan jon saqlashadi.

Foto: Cumhuriyet

Tashqaridan binoyiday ko‘rinsa-da, ko‘p qavatli uyning devorlari darz ketgan, kuchli zilzila natijasida zinalari qulab tushgandi. Shu omil ham ona-bolaning binoni tark etishiga imkon bermagan.

Ulug‘ yoshdagi onaxon va uning nuroniy o‘g‘li kran yordamida qutqarildi. Turk nashrlari ona-bola nima uchun ichkarida qamalda qolib ketgani haqida hech kimga xabar bera olmagani haqida yozishgani yo‘q. Ularning tirikligi haqida mahalla oqsoqoli xabar bergani aytilmoqda.

Foto: Cumhuriyet

Kasbi o‘qituvchi bo‘lgan Hanifa Oqkun jurnalistlarga 6 fevral tongidagi va peshindan keyin sodir bo‘lgan har ikki dahshatli zilzilani boshdan kechirishganini so‘zlab bergan. Garchi murakkab sharoitda qolgan bo‘lsa-da, o‘g‘il xasta onasiga yetarlicha g‘amxo‘rlik ko‘rsata bilgan.

Ona va o‘g‘il Malatya viloyat shifoxonasiga yotqizilgan.

Foto: Sondakika

Bungacha 6 fevral kuni sodir bo‘lgan zilzilada omon qolish rekordi 12 kun 8 soatga teng bo‘lgandi.

Antakyadagi Qanotli turar joy majmuasi vayronalari orasidan 49 va 45 yoshdagi er-xotin zilziladan 296 soat o‘tib qutqarilgan, biroq ularning 12 yashar o‘g‘li qutqarilganidan so‘ng jon bergandi. Dahshatli yer qimirlashi vaqtida juftlikning yana ikki farzandi (bir qiz va bir o‘g‘il) halok bo‘lgani aniqlangan.

Salkam bir oydan so‘ng tirik topilgan erkak

2010 yili Karib dengizida joylashgan Haitida ro‘y bergan 7 hamda 5,9 balli vayronkor zilzilalar 222 mingdan ziyod insonning yostig‘ini quritgan, 311 ming kishi jarohat olgan, 900 ga yaqin odam bedarak yo‘qolgandi.

Yer silkinishidan eng ko‘p mamlakat poytaxti zarar ko‘rgan bo‘lib, umumiy hisobda mamlakat bo‘ylab 250 mingdan ziyod uy vayron bo‘lgan, ayniqsa, bunday paytda eng zarur bo‘lgan shifoxonalar ham bir uyum xarobaga aylangan. Zilzila vaqtida Milliy saroy, ko‘plab vazirliklarning binolari ham kunpayakun bo‘lgan. Tabiiy ofat oqibatida yetgan zarar 5,6 mlrd dollarga baholangan.

Foto: Michael Themaven

28 yashar Evans Monsinyak Haiti poytaxti Port-o-Prensdagi oziq-ovqat bozorida guruch sotgan. U zilzilalar vaqtida vayronalar ostida qolib ketadi va qutqaruvchilar tomonidan 27 kundan so‘ng tirik topiladi.

Bu vaqtga kelib Haiti hukumati qutqaruv ishlarini rasman to‘xtatganiga ikki hafta bo‘lgandi. Shu sababli uning tirik topilishi dunyo matbuotida shov-shuvlarga sabab bo‘ladi.

Shifokorlar qariyb bir oy och-nahor qolgan erkakning haddan ziyod holdan toygani, tashnalik oqibatida uning tanasi suvsizlangani, yer qimirlashi paytida oyog‘idan olgan jarohatlari yiringlab ketganini qayd etishgan. 

Foto: Reuters

Evans vayronalar ostida yotganida kimdir unga suv keltirib berganini ta’kidlaydi. Ammo shifokorlar buni gallyutsinatsiya deb hisoblaydi. Ekspertlar unda qanchadir miqdorda ichimlik suvi zaxirasi bo‘lgani, shu omil uning 27 kun davomida jon saqlashiga yordam berganiga ishonishadi.

Qanchalik g‘alati eshitilmasin, haitilik guruch sotuvchi zilziladan so‘ng omon qolish bo‘yicha dunyo rekordchisi hisoblanadi.

Zilziladan 64 kun o‘tib...

2005 yilning 8 oktyabr kuni ertalab Kashmirning Pokiston nazoratidagi qismida 7,6 magnitudali zilzila ro‘y bergan, u 85 mingdan ortiq odamning umriga zomin bo‘lgandi. Yana 70 mingdan ko‘proq kishi jarohatlangan. Oxirgi yuz yillikda Janubiy Osiyo tarixidagi eng vayronkor zilzila ekani aytiladigan tabiiy ofat oqibatida 32 mingdan ziyod bino yer bilan yakson bo‘lgan, Pokiston hukumati talafot miqdorini 12 mlrd dollarga baholagandi.

Qutqaruvchilar Muzaffarobod yaqinidagi Qamsar qochqinlar lageri [ushbu lager 1990 yilda Hindiston va Pokiston o‘rtasida keskinlik kuchayib, chegaralar yopilib, arosatda qolib ketgan Kashmirning Hindiston nazoratidagi qismida yashovchi odamlar uchun tashkil etilgan – tahr.] vayronalari orasidan jasadlarni qidirib yurgan vaqtda tirik odamga duch kelishadi. Bu vaqtga kelib zilzila sodir bo‘lganiga 64 kun to‘lgandi.

Topilgan vaqtda 40 yoshdagi Naqsha Bibi juda holsiz bo‘lgani, organizmi haddan ziyod suvsizlanib ketgani aytiladi. Tezda tibbiyot muassasasiga olib borilgan ayolni ko‘zdan kechirgan shifokorlar uning biror yeri hatto tilinmagani, ammo mushaklarining 80 foizi qurib qolganini aniqlashadi.

Naqsha Bibi tirik topilgan vaqtda Foto: CNN

Ayol chirigan oziq-ovqat va yomg‘ir suvi yordamida 2 oydan ziyodroq jon saqlagani taxmin qilinadi. Vazni 35 kg bo‘lib qolgan ayolni topib olgan qarindoshlari avvaliga uni o‘lgan deb taxmin qilishadi. U ko‘zlarini ochgandan keyin suv va ovqat taklif qilishadi. Biroq ayol yetarlicha reaksiya ko‘rsata olmagach tinchgina o‘lishi uchun chodirga kiritib qo‘yishadi.

Oradan ikki kun o‘tgach hududga daniyalik shifokorlar keladi, shunda ayolning qarindoshlari haligacha joni uzilmagan Naqsha Bibi haqida ularga aytib berishadi. Shundan so‘ng ayol zudlik bilan Pokiston islom tibbiyot akademiyasiga olib ketiladi.

Naqsha Bibi shifokorlar nazoratida Foto: Getty Images

Ayolni davolagan shifokorlardan biri doktor Abdul Hamid u qanday qilib shunchalik uzoq vaqt davomida tirik qolgani haqidagi savolga javob berarkan, “tibbiyot buni qabul qilishga qiynalishi mumkin, lekin dunyoda mo‘jizalar sodir bo‘lib turadi”, deya javob qilgan.

Boshqa rekordlar

Garchi omon qolish bobida Naqsha Bibidan o‘tadigani bo‘lmasa-da, zilziladan so‘ng o‘n kundan ko‘proq vayronalar ostida qolib ketganiga qaramay tirik topilganlar talaygina.

Foto: Getty Images

2003 yil dekabrida Eronning qadimiy Bam shahrini yer bilan yakson qilgan, 40 ming inson halokatiga sabab bo‘lgan zilziladan 13 kun o‘tib 57 yashar erkak tirik topilgandi.

Pedrito Dey Foto: CNN Filippin

Jumladan, Pedrito Dey 1990 yilgi Filippin zilzilasidan so‘ng omon qolganlardan. U vayronalar orasida 14 kun qolib ketganidan so‘ng qutqarilgandi.

Darlen Eten Foto: The San Diego Union-Tribune

17 yashar Darlen Eten ismli qiz 2010 yilgi Haiti zilzilasidan 15 kun o‘tib tirik topilgan. Shifokorlarga ko‘ra, qizning chap oyog‘i singan va tanasi juda suvsizlangan edi.

Gan Yu Foto: China Daily

Xitoyning Sichuan provinsiyasidagi GES xodimi Gan Yu 2022 yil 5 fevralda sodir bo‘lgan 6,8 magnitudali zilziladan 17 kun o‘tib tirik topilgan. Bedarak yo‘qolgach, o‘lgani gumon qilingan erkakning bir necha suyaklari singani aniqlangan. Mahalliy matbuotga ko‘ra, u 17 kun davomida yovvoyi mevalar va suv yordamida jon saqlagan.

Foto: BBC

2013 yilning may oyida Bangladeshda sakkiz qavatli zavod binosi qulaganidan 17 kun o‘tib, uning vayronalari ostida bir ayol omon qolgandi. Garchi ushbu voqea zilzila bilan bog‘liq bo‘lmasa-da, tirik qolganlarning holati deyarli bir xil. Ushbu voqeada zavod ishchilari ayolning yordam so‘rab baqirgan ovozini eshitib qolishadi hamda video va audio aniqlash uskunasidan foydalangan holda u yotgan joyni aniqlab, vayronalar orasidan olib chiqishadi. U jurnalistlarga kun davomida quritilgan ovqat yeb jon saqlagani, so‘nggi ikki kunda esa faqat suv ichganini aytib bergan.

Odamzod och-nahor holatda qancha vaqt jon saqlashi mumkin?

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, vayronalar orasida omon qolish bir qancha omillarga bog‘liq. Jumladan, jabrlanuvchilarda suv bo‘lishi va nafas olish uchun havo yetarli bo‘lishi lozim.

Vayronalar ostida jarohatlangan odamlar uchun vaziyat qiyinroq. Dastlabki voqeadan omon qolgan ba’zi odamlar siqilish sindromidan aziyat chekishadi, bu esa ularni harakatlantira olmaydi. Cheklangan maydonda qolib ketish, shuningdek, haroratning ko‘tarilishi va karbonat angidridning ko‘payishini anglatadi, agar u juda yuqori darajaga yetsa, bo‘g‘ilishga olib kelishi mumkin.

Buyuk Britaniyada joylashgan Xalqaro qutqaruv korpusi (IRS) koordinatori Juli Rayanga ko‘ra, vayronalar ostida qolib ketganda jiddiy jarohatlar bo‘lmasligi ham juda muhim. Yo‘qsa bu qo‘shimcha muammolarni keltirib chiqaradi, aksar holatlarda tirik qolish imkoniyatini keskin tushirib yuboradi.

Abdulalim Muayni Turkiyaning Hatoy shahrida 6 fevral kuni ro‘y bergan zilzila vayronalari ostidan qutqarib olindi Foto: Reuters

Insonlar namliksiz qancha vaqt yashashi mumkinligini aytish qiyin: ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, odamzod och-nahor qolganidan so‘ng o‘rtacha uch kundan yetti kungacha omon qola oladi. Ammo bu yerda ko‘p narsa jabrlanuvchi qamalib qoladigan joyning haroratiga bog‘liq: Ya’ni terlash orqali qancha suyuqlik yo‘qotayotgani va jismoniy holati ham vayronalar orasida qolib ketgan shaxsning omon qolish imkoniyatini belgilab beradi.

Professor Richard Edmon Munning ta’kidlashicha, odatda katta yoshli odam 21 darajagacha bo‘lgan haroratga dosh beradi va organizm issiqlikni saqlab qolish xususiyatini yo‘qotmaydi. Lekin sovuq va issiqda vaziyat o‘zgaradi. Sovuq havoda qolganlarning joyi yetarlicha izolyatsiya qilinmagan bo‘lsa ular gipotermiyaga duchor bo‘lishi mumkin. Agar havo issiq bo‘lsa, vayronalar ostida qolganlarning tanasi tez suvsizlanib, omon qolish imkoniyati kamayib ketadi.

Jamshid Niyozov, jurnalist

Mavzuga oid