Jahon | 07:58 / 23.02.2023
10960
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya va Suriyada zilzila qurbonlari soni 50 mingdan oshdi

Turkiyada 6 fevraldagi kuchli zilzilalar 43 556 kishining hayotiga zomin bo‘ldi, dedi ichki ishlar vaziri Soylu. Suriyada faollar 6 747 kishining o‘limini qayd etgan.

Foto: AP

Turkiyada 6 fevral kuni Suriya chegarasida sodir bo‘lgan kuchli zilzilalar qurbonlari soni 43 556 nafarga yetdi. Turkiya ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu 22 fevral, chorshanba kuni shunday ma’lumot berdi.

Shu bilan birga, qo‘shni Suriyada halok bo‘lganlar soni 6 747 kishiga yetdi, deya ma’lum qildi o‘sha kuni Suriya Inson huquqlari bo‘yicha markazi (SOHR). Shunday qilib, hukumat nazorati ostidagi hududlarda 2 226 kishi, isyonchilar nazorati ostidagi Suriyaning shimoli-g‘arbiy hududlarida esa 4 521 kishi halok bo‘ldi.

6 fevral kuni Turkiya-Suriya chegarasida sodir bo‘lgan 7,8 magnitudali zilzila natijasida o‘n minglab odamlar jarohat olib, shifoxonalarda qolmoqda. Qishda ko‘p fuqarolar boshpanasiz qolib, insonparvarlik yordamiga qaram bo‘lib qolgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, tabiiy ofatdan 23 milliongacha kishi jabr ko‘rgan. Tabiiy ofat bo‘yicha ekspertlar zilziladan ko‘rilgan iqtisodiy zararni 20 milliard dollardan (18,8 milliard yevro) ortiq deb hisoblayapti.

Mavzuga oid