O‘zbekiston | 21:40 / 23.02.2023
8790
2 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev Transafg‘on temiryo‘lini barpo etish loyihasini jadallashtirish muhimligini aytdi 

O‘zbekiston prezidenti Pokiston Islom Respublikasi moliya vazirini qabul qilib, hamkorlik masalalarini muhokama qildi. 

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 fevral kuni ikki tomonlama Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisi doirasida mamlakatimizda bo‘lib turgan Pokiston Islom Respublikasi moliya vaziri, komissiyaning Pokiston qismi raisi Ishoq Dorni qabul qildi. 

Uchrashuvda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, eng avvalo, savdo, investitsiya va transport sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi. Tranzit va preferensial savdo to‘g‘risida imzolangan muhim bitimlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. 

Bundan tashqari, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida aniq kooperatsiya loyihalarini ilgari surish muhimligi qayd etildi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev ikki tomonlama avtomobil qatnovlarini rivojlantirish hamda Markaziy va Janubiy Osiyoni Afg‘oniston orqali bog‘laydigan va Pokiston portlariga olib chiqadigan temiryo‘l qurilishi loyihasini jadallashtirish zarurligiga alohida to‘xtaldi. 

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil fevral oyida O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston «Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar» temiryo‘l qurilishi bo‘yicha yo‘l xaritasini imzolagan, hisob-kitoblariga ko‘ra, uning dastlabki qiymati taxminan 5 mlrd dollarga baholangan edi. Keyinchalik, Pokiston Senatining temiryo‘l infratuzilmasi qo‘mitasi yig‘ilishida bu qiymat 8,2 mlrd dollarga tengligi aytildi. 

20 mln tonnagacha yuk tashish imkoniyatini beruvchi yangi transport yo‘lagi Yevropa Ittifoqi, Rossiya, O‘zbekiston, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston va undan keyingi Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlarini bog‘lashi kerak. Loyiha 2027 yilgacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. 

Mavzuga oid