O‘zbekiston | 20:09 / 09.02.2023
13247
4 daqiqa o‘qiladi

Deyarli har daqiqa bitta poyezd. Interval qisqargan metroda vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarmoqda

So‘nggi 1 oy ichida Toshkent jamoat transportiga qaratilayotgan e’tibor o‘z samarasini bera boshlagan. Metropolitenga qo‘shimcha poyezd va vagonlar qo‘yilishi tig‘iz vaqtlarda poyezdlar intervali 1 daqiqagacha bo‘lishini ta’minlamoqda. OTMlardagi dars vaqtlari o‘zgartirilganini ham ijobiy o‘zgarishga sabablardan biri desa bo‘ladi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

“Toshkent metropoliteni” tarkibida 64 ta poyezd bor, shuning 27 yoki 28 tasi aynan Chilonzor yo‘nalishida harakatlanadi. Chilonzor tumanida aholi zich joylashgani, bir qancha OTMning shu hududdaligi uchun ham bu bekatda yo‘lovchilar oqimi katta, tirbandlik esa doimiy.

Metrodagi vaziyatni o‘rganish uchun jamoamiz bilan ertalab soat 8:30dan “Chilonzor” metro bekatida bo‘ldik. Haqiqatan stansiyadan foydalanuvchilar soni ko‘p, hamma ishga yoki o‘qishga shoshgan.

“Poyezdlar vaqti-vaqti bilan keladi, lekin odam ko‘pligi uchun tiqilinchlar bo‘laveradi. Mana hozir ham qolib ketdik, endi keyingisini kutamiz”, – deydi yo‘lovchilardan biri.

“Hozirgi kunda metro xizmati yaxshilangan, har daqiqada bitta poyezd keladi. U bilan har bir bekatga 2 daqiqada yetib olish mumkin”, – deydi boshqa bir yo‘lovchi.

“Qishda poyezdlar sekin keladi, havo ilib qolsa, tezroq keladi. Poyezdlar hozir har 2 daqiqada kelyapti. Lekin baribir tiqilinchlar bor. Iloji bo‘lsa, boshidagi 2 ta vagonni ayollar uchun ajratishsa yaxshi bo‘lar edi”, – dedi talaba qizlardan biri.

“Toshkent metropoliteni” DUK matbuot kotibi To‘ychi Mirzayevning Kun.uz'ga aytishicha, metropolitendan foydalanayotgan yo‘lovchilar soni keskin ortib, hozirda kuniga 600-620 ming nafarni tashkil etmoqda. Bu esa yo‘lovchilar orasida tirbandliklarni keltirib chiqarmoqda. Muammolarni maksimal ravishda kamaytirish, intervallarni qisqartirish uchun shu yil 9 yanvardan metro yaqinida joylashgan 31 ta OTMdagi darslar kechroq boshlanadigan bo‘ldi.

“Ilgari ishga hamda o‘qishga boruvchilar bir vaqtda chiqishar edi, bu esa yo‘lovchilar orasida tirbandlikni yuzaga keltirib, Sergelidan kelayotgan harakat tarkibiga “Olmazor” va “Chilonzor” metro bekatlaridan yo‘lovchilarimizning chiqishi mushkul bo‘lar edi. Bunda bekatdagi 20-30 foiz yo‘lovchi chiqa olar edi, xolos. Hozir esa bu ko‘rsatkich 70-80 foizga ko‘tarildi.

Shuningdek, yo‘nalishlarda vaqt intervallari ham bir qancha qisqartirildi. Chilonzor yo‘nalishida ertalabki tirband vaqtlarda oraliq interval 1,5–2 daqiqa, O‘zbekiston yo‘nalishida 3-4 daqiqa, Yunusobod yo‘nalishida 6-7 daqiqa, yerusti halqa yo‘nalishida esa 8-10 daqiqa qilib qo‘yildi”, – deydi metropoliten matbuot kotibi.

Eslatib o‘tamiz, tirbandlikni bartaraf etish maqsadida bundan avvalroq Olmazor metro bekatidan boshlab bo‘sh bo‘lgan zaxira poyezdlari ham chiqarilib, O‘zbekiston yo‘nalishiga 5 vagonli 4 ta poyezd qo‘yilgandi.

Hozirda 4 vagonli tarkiblar sonini 12 taga yetkazish, 2023 yilning so‘nggigacha 14 ta yangi harakat tarkibini olib kelish rejalashtirilgan.

To‘ychi Mirzayevning aytishicha, yuqoridagi ishlarni amalga oshirish orqali barcha muammolar bosqichma-bosqich bartaraf etib boriladi.

Mavzuga oid