Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Messi oilasi. Orzuga yana bir qadam qoldi
Hozirgi Argentinaning muvaffaqiyatlari siri haqida.
Argentinaliklar xorvatlarni yirik hisobda mag‘lub etdi va jahon chempionatining ilk finalchisiga aylandi.
JCh-2022. Yarimfinal, 13 dekabr, «Lusayl»
Argentina — Xorvatiya 3:0
Gollar: Messi (34, penalti), Alvares (39, 69).
Argentina – Emiliano Martines, Molina (Foyt, 86), Otamendi, Romero, Talyafiko, De Paul (Palasios, 74), Mak Allister (Korrea, 86), Paredes (Lisandro Martines, 62), Fernandes, Messi, Alvares (Dibala, 74).
Xorvatiya – Livakovich, Yuranovich, Lovren, Gvardiol, Sosa (Orshich, 46), Modrich (Mayyer, 81), Kovachich, Brozovich (Petkovich, 50), Perishich, Pashalich (Vlashich, 46), Kramarich (Livaya, 72).
Ogohlantirishlar: Livakovich (32), Kovachich (32), Romero (68), Otamendi (71).
Argentina va Niderlandiya o‘rtasidagi chorakfinal o‘yini atrofidagi mojaro yarimfinal arafasida ham so‘nmagandi. Doimo diplomat bo‘lgan Lionel Skaloni o‘z futbolchilari manziliga bildirilgan tanqidlarni adolatsiz deb atadi: «Biz yutqazishni ham, g‘olib bo‘lishni ham bilamiz. Saudiya Arabistoniga yutqazganimizda biz biror so‘z aytmagandik. O‘tgan yili biz finalda Braziliyani mag‘lub etgandik, o‘yindan keyin esa Messi, Neymar va Paredes ishtirokida ajoyib sport lahzasi ro‘y bergandi».
Xorvatiya bilan o‘yin arafasida esa tomonlar bir-biriga hurmat bilan munosabatda bo‘lishdi. «Shashkachilar» bosh murabbiyi Zlatko Dalich Messini zararsizlantirish imkoniyatlarini muhokama qila turib, ko‘p vaqtni argentinaliklar sardoriga maqtov yog‘dirishga sarfladi. Skaloni esa futbolni yoqtiradiganlarning barchasi maydonda Modrich kabi futbolchilarni ko‘rishni istashi haqida gapirdi. Garchi ko‘plab argentinaliklarda «Real» yarimhimoyachisining 2018 yilgi mundial guruh bosqichida urgan goli yoqimsiz xotiralar qoldirgan bo‘lsa-da, o‘shanda Xorvatiya 3:0 hisobida g‘olib kelgandi.
Lekin hamisha bugungi kun muhim hisoblanadi, Skaloni esa tarkib bilan bog‘liq navbatdagi jumboqni yechishi talab etilardi, u De Paul va Di Mariyaga maydonda qancha vaqt berish masalasini hal etishi kerak edi. Amerika Kubogi finalidagi «oltin» gol muallifi turnir boshidan buyon biror o‘yinda to‘liq ishtirok etmagandi, qanotlardagi Montiel va Akunya diskvalifikatsiyaga uchragandi (sariq kartochkalar) va to‘rt himoyachidan iborat sxemaga qaytildi, bularning bari qo‘shimcha havbek — Paredes uchun yo‘l ochdi.
Argentina birinchi bo‘limdayoq ikki gol farqi bilan oldinga chiqib oldi, tanaffusdan keyin esa to‘plar nisbati uchtaga yetib, o‘yin masalasi hal bo‘ldi. Uchala golda ham Lionel Messi hamda turnir davomida asosiy hujumchiga aylanib borgan Xulian Alvares ishtirok etdi.
Avvaliga xorvatiyalik himoyachilar Messining Alvaresga uzatilgan pasini o‘tkazib yubordi va Livakovich to‘pni emas, forvardni yiqitishiga to‘g‘ri keldi. Referi Daniele Orsato nuqtani ko‘rsatdi, Leo Messi penaltini aniq ijro etdi va jahon chempionatlaridagi o‘yinlari soni bo‘yicha Lotar Matteus bilan tenglashib olgan futbolchi (25 tadan), Gariyeel Batistutani ortda qoldirgan holda terma jamoaning mundiallarda eng ko‘p gol urgan futbolchisiga (11) va pley-offning uch raundida ham gol urgan argentinalikka aylandi.
Bu turnir Messiga atalmoqda, u shu vaqtga qadar pley-off o‘yinlarida gol urmagandi. U katta ilhom bilan o‘ynamoqda va o‘zini ayamayapti. Ikkinchi gol urilgan qarshi hujum vaqtida Leoni yiqitishga urinishganida ham u oddiy va samarali qarorga kelib, to‘pni Alvaresga yetkazishga ulgurdi, yosh forvard esa maydon bo‘ylab to‘p bilan harakatlanib bordi, raqib jarima maydonida qanot himoyachilari Yuranovich va Sosa bolalarcha xatoga yo‘l qo‘yishdi, natijada Livakovichda imkon qolmadi.
Just noticed this. For that second brilliant #JulianAlvarez goal Julian Alvarez almost ran the whole length of the pitch. He was actually defending a corner in his own half before making that rampaging run with the ball through the Croatia defence. What a player. #WorldCup2022 pic.twitter.com/VzcXvdj72n
— Shiva Chettri (@shivachettri) December 14, 2022
Alvares uchun bu turnirdagi uchinchi gol bo‘ldi: u avval Polsha (2:0) va Avstraliya (2:1) jamoalariga qarshi o‘yinlarda ham darvozani ishg‘ol etgandi.
«Manchester Siti»ning 22 yoshli hujumchisi mundial davomida boshlang‘ich tarkib uchun raqobatda Lautaro Martinesdan ustun keldi. 170 santimetrli bu yigitchaning raqib zararsizlantira olmaydigan o‘z ustun tomonlari bor, u «Riverpleyt»dagi sobiq jamoadoshi Enso Fernandes bilan ham, terma jamoa yetakchisi Messi bilan ham telepatik darajada bir-birini tushunib yaxshi o‘ynaydi. Bunday uchlik hujumi esa har qanday raqib uchun o‘ta xavfli ko‘rinish oladi. Uchinchi golli hujumda Leo chempionatning eng yaxshi himoyachisi sifatida e’tirof etilgan Gvardiol bilan nimalar qilgani esa — haqiqiy san’at asari bo‘ldi, bu hujum yakunida Alvares chempionatdagi to‘rtinchi golini nishonladi.
Klubida asosan zaxiradan o‘ynashiga qaramay JCh arafasida «Manchester Siti» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola Alvaresning jamoasini turnir favoriti deb atagan.
«Bir kuni Xosep Gvardiola, portugallar va Rodri jamoalarning jahon chempionatida g‘olib bo‘lish imkoniyatini muhokama qilishayotgandi. Ular Portugaliya, Fransiya va boshqa jamoalarni tilga olishdi. Keyin esa Pep shunday dedi: «Bilasizlarmi, orangizda kimning imkoniyati yuqoriroq?» Va shundan keyin u barmog‘ini menga qaratdi», — degandi Alvares oktyabr oyi oxirida ESPN uchun intervyusida.
Alvares JChda terma jamoasi safida porladi va Gvardiolaning so‘zlarini tasdiqlash uchun juda yaqin keldi.
Uning xorvatlar darvozasiga urgan ikkinchi golidan keyin Skaloni nihoyat Dibalaga imkon berishga qaror qildi - ancha vaqtdan buyon Messi tarkibda ekanida ushbu iste’dodli hujumchiga joy yo‘qligi haqida gaplar yuradi, ular birgalikda o‘ynashi esa yana bir bor jamoada hech kim ortiqcha emasligini ko‘rsatib berdi, chunki Argentinada aynan jamoa bor. Orzuga esa yana bir qadam qoldi.
Oilaga aylangan jamoa
«Oila jamoa» atamasi haqida ko‘p eshitamiz. Ammo, qoidaga ko‘ra bu yiliga 11 oy birga bo‘ladigan klub futbolchilariga nisbatan qo‘llanadi. Terma jamoada esa bunday jipslashuv qiyinroq, ammo Argentina Amerika Kubogida g‘alaba qozonish uchun shunday jipslasha olgandi. 28 yillik sovrinsiz davrdan keyin butun mamlakat kutgan muvaffaqiyatga erishildi, Lionel Messining final o‘yini arafasidagi nutqi esa — Netflix tomonidan ushbu turnirga bag‘ishlab tayyorlangan va Qatardagi turnir boshlanishidan oldin namoyish etilgan hujjatli filmning eng e’tiborli qismidir.
«Biz 45 kun oila a’zolarimizni ko‘rmadik. Martines va Kuarta ota bo‘lishdi va shu vaqtga qadar bolalari bilan uchrashmadi. Ammo biz kubokdan bir qadam berida turibmiz va buni qila olish o‘zimizga bog‘liq. Biz chiqamiz va uni yutib olamiz, g‘alabani bizni qo‘llab-quvvatlab turgan oila a’zolarimiz bilan birga baham ko‘rish uchun. Bu turnir Argentinada o‘tishi kerak edi, ammo xudoning irodasi bilan Braziliyaga ko‘chirildi. Bu biz «Marakana»da kubokni boshimiz uzra ko‘tarishimiz uchun bo‘ldi. Biz sovrinni uyga olib ketishimiz kerak», — degandi o‘shanda sardor.
Buni ko‘pchilik muhokama qilgan, ammo navbatdagi muvaffaqiyatsizlik - 2019 yilgi Amerika kubogida brazillardan uchralgan mag‘lubiyatdan keyingi Leoning so‘zlarini ko‘pchilik eslamasligi mumkin. Di Mariyaning xotirlashicha, o‘shanda kiyim almashtirish xonasidagi hech kim ko‘z yoshlarini tiya olmagan. Va aftidan chinakamiga kuchli bo‘lishni istagan jamoa aynan o‘shanda tug‘ilgan. Sardorning o‘sha so‘zlaridan keyin Argentina uch yildan ortiq vaqt mobaynida yutqazmadi va haqli ravishda JCh-2022 turnirining asosiy favoritlaridan biriga aylandi.
Bugungi kunda o‘z imkoniyatlarini yo‘qqa chiqargani uchun tanqidlar ostida qolgan Lautaro Martines himoya qilinayotgani ham jamoaning birdamligidan darak beradi. «U o‘tmishda bizni ko‘p bor qutqargan. Birgina omadsiz oqshom uchun tanqid qilish to‘g‘ri emas. U milliy jamoa uchun ko‘p yaxshi ishlar qilgan va bizni xursand qilishda davom etadi. Har bir buyuk futbolchida shunday yomon kechalar bo‘lib turadi», — degandi oq-havoranglar jamoasi bosh murabbiyi Lionel Skaloni.
Keyin esa Messi so‘z oldi: «Luataro — biz uchun juda muhim futbolchi. U hujumchi va gollar bilan yashaydi. Bunday holat barcha bilan, jumladan men bilan ham bo‘lishi mumkin. Bu futbolning bir qismi».
Leo o‘z vaqtida Gonsalo Iguainni ham shunday qo‘llab-quvvatlagandi, uning xatolari, muxlislarning hisoblashicha, Argentinani uch sovrindan quruq qoldirgan. JCh-2014 finalida qulay vaziyatlarni ko‘kka sovurganidan keyin Pipita faoliyatini yakunlashga ham tayyor bo‘lgan, ammo onasi uni bu fikrdan qaytargan. Bir yil o‘tib Amerika Kubogi finalida penaltilar seriyasida uning xatosi tufayli jamoa mag‘lubiyatga uchraydi, keyingi qit’a bitrinchiligida ham Iguain chililiklarga qarshi finalda yuz foizlik imkoniyatdan foydalana olmaydi.
«Oilam bilan birga ko‘proq vaqt o‘tkazishni istayman. Bu ko‘pchilikni quvontiradi, chunki boshqacha fikrda bo‘lganlar kamroqligi aniq», — degandi forvard 2019 yil bahorida terma jamoadan ketishi haqida e’lon qila turib. Messi — o‘shanda uning yonida turganlardan biri edi. U barcha yutqazilgan finallardan keyin ham jamoadoshi tarafini olib, uni jahonning eng yaxshi forvardlaridan biri deb atagan va tanqidlar Iguainning qalbini jarohatlaganini aytgan.
Hozirda ham Lautaro jamoadoshlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangani tufayli chorakfinalda Niderlandiyaga qarshi o‘yin baxtli yakun topdi. Qolaversa, jamoadagilar ommadan farqli o‘laroq turnir guruh o‘yinlarida og‘riqni qoldiruvchi ukol bilan harakat Lautaroning vaziyatidan (bu haqda uning agenti rasman xabar qilgan) xabardor edi.
Martines chorakfinal o‘yini arafasida og‘riq yo‘qolgani va o‘zini yaxshi his etayotganini aytdi. Ya’ni endi undan to‘liq hisob so‘rash mumkinligini bildirdi. Jurnalist va muxlislar u avvalgni o‘yinlarda yo‘qqa chiqargan vaziyatlarni sanashga kirishib ketdi. Niderlandlar bilan o‘yinning overtaymida ham navbatdagi shunday vaziyat ro‘y berdi, ammo bu Lautaroni sindirib qo‘ymadi va penaltilar seriyasiga aynan u aniq zarba bilan yakun yasadi.
Saudiyaga qarshi birinchi tur o‘yinida bo‘shashgan va o‘z kuchiga yuqori baho berib o‘ynagan Argentina — hal qiluvchi o‘yinlarda jahldor to‘daga aylandi. Jamoa futbolchilari Lui van Gaalning matbuot anjumanida aytgan so‘zlaridan jahl otiga minishdi. Murabbiy o‘shanda niderlandlar ustunlikka ega bo‘lishi mumkinligi, Messi to‘pni yo‘qotsa, o‘yinda faol ishtirok etmasligi, sardor yopib qo‘yilsa raqib jamoa futbolchilari o‘rtamiyona jamoaga aylanib qolishini aytgandi.
Yakunda esa Leo golli pas ham berdi, gol ham urdi va van Gaal, hakamlar hamda Veghorst haqida nimani o‘ylagan bo‘lsa tashqariga chiqardi. Muxlislar bunga qadar Messini shunday holatda ko‘rganmidi? Va bu o‘yin vaqtida va undan keyin g‘azabini tiyib o‘tirmagan birgina u emasdi. Emiliano Martines o‘z smartfoniga van Gaaldan iqtibosni yozib olganini va har kuni uning shu gaplarini o‘qib, o‘yinga tayyorlanganini tan oldi. Raqib murabbiyining versiyasiga ko‘ra, penaltilar seriyasida niderlandlarda ustunlik bo‘lishi kerak edi. Seriyada janubiy amerikaliklar ustun kelgach darvozabon raqib zaxira o‘rindig‘i tomon ishoralar qilishda o‘zini tiyib o‘tirmadi va van Gaalning yordamchisi — Edgar Davidsga jim bo‘lishni taklif etdi.
Bu haddan tashqari beadablikmi? Kimdir shunday deyishi va penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lgan brazillarni yupatgan Luka Modrich bilan solishtirishi mumkin. Argentinaliklar esa Lautaro tomon chopayotib, taslim qilingan raqib tomonga turli qiliqlar ko‘rsatib ketishdi. Otamendining versiyasiga ko‘ra, bu raqibning seriyadagi har bir zarbani amalga oshirishdan oldingi provokatsiyalariga reaksiya bo‘lgan. Tribunalar ostida Vegxorst bilan dahanaki tortishuv yuzaga kelganida esa Serxio Aguero ham vaziyatga aralashdi.
Bu Argentina o‘z sardori uchun mushtlashuvga tayyor. Bugungi jamoa uchun Messi o‘tgan asrdagi Diyego Maradona maqomida. Afsona o‘limiga ikki yil bo‘lgan kuni Lautaro shunday degandi: «Umid qilamanki, biz uni xursand qilamiz». Messi esa chorakfinaldagi g‘alabadan keyin tan oldi: «Diyego bizni kuzatib turibdi. U bizni oldinga undamoqda va umid qilamanki, oxiriga qadar shu ruhda davom etamiz».
Tavsiya etamiz
Soch to‘kilishi, ko‘z osti qorayishi, lab yorilishi: tana tili bizni nimalardan ogohlantiradi?
Jamiyat | 17:08
Roman Starovoyt – urushning kursidagi qurboni
Jahon | 22:00 / 08.07.2025
Qozog‘istonda kuydirgi tarqaldi, ikki qishloq karantinga olindi
Jahon | 17:57 / 08.07.2025
11 iyuldan IELTS imtihonini qog‘ozda topshirish bekor qilinadi
O‘zbekiston | 15:45 / 08.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Veolia Energy Tashkent issiqlik tarmoqlarining gidravlik sinovlarini to‘xtatdi
O‘zbekiston | 19:07
-
Rossiyada og‘ir ahvolga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi
Jamiyat | 19:01
-
Yaponiya bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ta’lim: Toshkent Kimyo universiteti yangi bosqichda
Jamiyat | 19:00
-
Bu yil Toshkent shahriga 8 milliard dollar investitsiya jalb qilinadi
O‘zbekiston | 18:33
Mavzuga oid

11:31 / 06.07.2025
Messi avval golga sababchi bo‘ldi, keyin esa ikkita chiroyli gol bilan kambek qildi

13:36 / 30.06.2025
«PSJ» Messi va jamoasini ayamadi. O‘yin taqdiri birinchi bo‘limdayoq hal bo‘ldi

12:31 / 20.06.2025
«Inter Mayami» Messining shedevri bilan kambek qildi, «PSJ»da sensatsion mag‘lubiyat

12:00 / 16.06.2025