O‘zbekiston | 18:33 / 10.07.2025
4700
3 daqiqa o‘qiladi

Bu yil Toshkent shahriga 8 milliard dollar investitsiya jalb qilinadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 iyul kuni Toshkent shahri, Shayxontohur tumanidagi Yangi Kamolon mahallasida bo‘lib, sharoitlar bilan tanishdi, aholi bilan uchrashdi.

Qayd qilinishicha, Yangi Kamolon mahallasida 4 ming 600 nafardan ziyod aholi yashaydi. Ta’kidlanishicha, 60 dan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida mahalla yoshlari ish bilan band. Bu yil hunarmandlar maskani, dala mahsulotlari va qandolatchilik do‘konlari, novvoyxona tashkil etildi, xususiy tibbiyot punkti ochildi. Natijada mahalla ishsizlikdan xoli hududga aylangan.

Shu yerda Shayxontohur tumani «Islohotlar shtabi» faoliyati to‘g‘risida axborot berildi.

- Shayxontohurda hunarmandchilik azaldan bo‘lgan. Bugun ham tumanda odamlarni ish bilan, daromad bilan ta’minlashda bu katta manba. Shuning uchun Shayxontohur misolida xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar rejasini qabul qilamiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Aholi xavfsizligini ta’minlash, jinoyatlarning oldini olish maqsadida mahalla inspektori xonasida situatsion markaz tashkil etilgan. Unga ko‘p qavatli uylarning yo‘laklaridagi kuzatuv kameralari va ichki ishlar tizimining xavfsizlik dasturlari bog‘langan. Ta’kidlanishicha, bu yil mahallada bironta ham jinoyat bo‘lmagan.

«Yangi Kamolon» boshqaruv servis kompaniyasi mahalladagi 21 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatadi. Ustalar va maxsus texnikalar doim shay holatda. Hisob-kitoblarda billing tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu yil markaziy issiqlik quvurlari izolyatsiya qilindi, elektr tarmoqlari va uylarning yo‘laklari ta’mirlandi. Ayrim uylarga yangi lift o‘rnatildi.

Davlat rahbari kelgusida boshqaruv servis kompaniyasi binolarini ko‘p qavatli qilib qurib, yoshlar uchun kasb-hunar o‘quvlari, maishiy xizmat shoxobchalarini joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bu yerdagidek kichik kutubxonalarni boshqa mahallalarda ham tashkil etish muhimligi ta’kidlandi. Mahalla ayvonida aholi bilan suhbat bo‘ldi.

- So‘nggi yillarda ko‘p korxonalar ochildi, iqtisodiyot o‘syapti. Shu bilan birga, yoshlarimiz ham yetishib kelyapti. Ularning ta’lim-tarbiyasi, sog‘ligi, ish o‘rinlarini hozirdan o‘ylashimiz kerak. Shuning uchun bu yil Toshkent shahriga 8 milliard dollar investitsiya olib kelyapmiz. Buning hisobidan Shayxontohurda ham yangi-yangi ish joylari, ta’lim maskanlari, infratuzilma inshootlari bo‘ladi, - dedi prezident.

Mavzuga oid