Jahon | 08:19 / 11.11.2022
7346
3 daqiqa o‘qiladi

Amnesty International ukrainaliklarning Rossiyaga deportatsiyasini qoraladi

Ukrainaning bosib olingan hududlaridan tinch aholini Rossiyaga majburan olib chiqish - harbiy jinoyat, deydi huquq faollari.

Foto: Picture Alliance

Ukrainaning bosib olingan hududlaridan tinch aholini Rossiyaga majburan olib chiqish - harbiy jinoyat, ehtimol, insoniyatga qarshi jinoyatdir. Bu haqda Amnesty International xalqaro inson huquqlari tashkilotining 10 noyabr, payshanba kuni chop etilgan hisobotida aytiladi.

Uni tayyorlash jarayonida huquq himoyachilari Ukrainadagi 88 nafar tinch aholi vakillari bilan suhbat o‘tkazdilar, ulardan 48 nafari Rossiya bosqinidan oldin Mariupolda yashagan. Suhbatdoshlarning aytishicha, shahar bosib olingandan so‘ng rus qo‘shinlari tinch aholining Kiyev nazorati ostidagi hududlarga chiqib ketishiga faol to‘sqinlik qilgan.

Ayrim suhbatdoshlar rossiyalik harbiylar ularni «DXR» deb ataluvchi hududga yo‘l olgan «evakuatsiya» avtobuslariga majburan jo‘natganini aytishgan. Natijada ko‘plab Mariupol aholisi Rossiya hududiga tushib qolishdi. Okkupantlar shaxsiy avtomashinada shaharni tark etishga uringan fuqarolarni Ukraina nazoratidagi hududlar yo‘nalishi bo‘yicha chegarani kesib o‘tish xavfi haqida ogohlantirgan. Ko‘pgina respondentlar «evakuatsiya»ni majburiy deb atashgan. Bir qator hollarda, bolalarni majburan olib ketish paytida, ular o‘z ota-onalaridan ajratilgan, bu xalqaro gumanitar huquq normalariga ziddir, deyiladi AI hisobotida.

Huquq faollari suhbatlashgan yana 40 kishi Donetsk, Luhansk, Xerson, Xarkiv va Zaporijjya viloyatlari aholisidir. Amnesty International o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan ukrainaliklar filtratsiya qilinganini bildirdi. Tinch aholining fikriga ko‘ra, bu jarayon ko‘pincha yomon muomala va hatto qiynoqlar bilan birga bo‘lgan.

Amnesty International tashkiloti ukrainaliklarni deportatsiya qilish holatlari bo‘yicha xalqaro surishtiruv o‘tkazishga chaqirdi, shuningdek, Rossiyadan Ukrainadan tinch aholini majburiy ko‘chirish va o‘zboshimchalik bilan hibsga olishni to‘xtatishni talab qildi. Buning uchun aybdorlar jazolanishi kerak, dedi Al Germaniya bo‘limi vakili Yanine Ulmanzik.

Mavzuga oid