AQSh Xitoyning ikki fuqarosini Huawei ishiga to‘sqinlik qilishda aybladi
Ayblov xulosasida aytilishicha, xitoylik ayg‘oqchilar ikki tomonlama ishlaydigan agent tomonidan fosh qilingan. AQShning ma’lumot berishicha, Xitoy sud tizimini «poymol qilishga» uringan.

Foto: Picture Alliance
AQSh prokuraturasi Xitoyning ikki fuqarosiga Xitoyning texnologiya giganti Huawei Technologies kompaniyasini jinoiy javobgarlikka tortishga to‘sqinlik qilishga uringanlikda aybladi. Buni 24 oktyabr, dushanba kuni AQSh Adliya vazirligi e’lon qilgan sud hujjatlari tasdiqlaydi.
Ayblov xulosasiga ko‘ra, Xitoy razvedkasining ehtimoliy amaldorlari Guochun Xe va Chjyen Van AQSh huquq-tartibot idorasi xodimini o‘z josuslari sifatida ishga yollashga uringan. Biroq, u FQB uchun ishlaydigan ikki tomonlama agent bo‘lgan.
Sud hujjatlarida kompaniya nomi aytilmagan, biroq xulosada keltirilgan sanalar 2019 va 2020 yillarda AQSh Huawei’ga qarshi ayblovlar qo‘ygan vaqtga to‘g‘ri keladi, deya qayd etgan Reuters.
Bu dushanba kuni Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan Xitoyning AQSh adliya tizimiga aralashuvi bilan bog‘liq uchta holatdan biridir. Boshqalar Nyu-Jyersidagi razvedka kampaniyasi va AQShda yashovchi Xitoy fuqarosini o‘z vataniga qaytishga majburlashga urinish bilan bog‘liq.
Ishlar shuni ko‘rsatadiki, «Xitoy hukumati Qo‘shma Shtatlardagi shaxslarning huquq va erkinliklariga aralashishga va bu huquqlarni himoya qiluvchi sud tizimiga putur yetkazishga harakat qilgan», deya aytib o‘tdi AQSh bosh prokurori Merrik Garland matbuot anjumanida.
«Adliya vazirligi hech qanday xorijiy davlat tomonidan demokratiyamiz asos qilib olingan qonun ustuvorligini buzishga qaratilgan urinishlarga toqat qilmaydi», dedi u.
Mavzuga oid

15:06
WSJ: Pentagon yillar davomida NUJ haqida yolg‘on ma’lumotlar tarqatib kelgan

22:08 / 07.06.2025
Ilon Mask AQSh prezidenti bilan ziddiyat ortidan yangi partiya tuzishni taklif qildi

20:05 / 07.06.2025
AQSh startapi bo‘lajak farzandning ko‘z rangi, bo‘yi va aql darajasini tanlashni taklif qildi

19:30 / 07.06.2025