Italiyada «postfashistlar» g‘alabasi. Putinchi qariyalarni birlashtirgan Meloni haqida nimalar ma’lum?
Italiyadagi parlament saylovlarida 10 yil avval tashkil etilgan «Italiya birodarlari» partiyasi boshchiligidagi o‘ngchilar koalitsiyasi g‘olib bo‘ldi. «Italiya birodarlari» saylovda 26 foiz ovoz to‘pladi, partiya va koalitsiya yetakchisi Jorjia Meloni mamlakat tarixidagi ilk ayol bosh vazir bo‘lish uchun barcha imkoniyatga ega.

Foto: Getty Images
Jorjia Meloni ikki muvaffaqiyatsizlikka uchragan koalitsiyadoshlari – Putinni qo‘llashi bilan italiyaliklarni bezor qilgan Silvio Berluskoni hamda Matteo Salvini fonida ayniqsa ustun ko‘rinmoqda. Ma’lumot uchun, Silvio Berluskoni muqaddam to‘rt marta bosh vazir bo‘lgan, Salvini esa sobiq ichki ishlar vaziri.
Italiya tashqarisida ko‘pchilik hukumat tepasiga «postfashistlar» kelishidan qo‘rqayotgan bir vaqtda Melonining o‘zi italiyaliklarga migrantlar siyosati va noan’anaviy qarashlarga qarshi bo‘lgan qorishiq siyosiy rejasini taklif etmoqda. U Italiyaning Yevropa ittifoqidagi milliy manfaatlarini himoya qilishga so‘z bermoqda. Hech qachon hukumat tarkibida bo‘lmagan bu partiya o‘ngchilarga xos bo‘lmagan tarzda Rossiyaga nisbatan dushmanlik kayfiyatida va Putinni tanqid qiladi.
Agar Meloni Italiya bosh vaziri bo‘lsa, o‘ngchilar 2011 yildan buyon ilk marta hukumat tepasiga kelgan bo‘ladi. O‘shanda Silvio Berluskoni oxirgi marta bosh vazir bo‘lgandi. Ammo Politico nashrining yozishicha, diktator Benito Mussolini davridan buyon Italiyada bu qadar o‘ngchilar hukmronligi kuzatilmagan. Anig‘i shuki, «Italiya birodarlari» partiyasi dasturini baholash qiyin, chunki bu partiya hech qachon hukumat tarkibida bo‘lmagan, muxolifat tarkibida bo‘lgan va g‘oyalarini tez-tez o‘zgartirgan.
Partiyani «postfashistcha» va «postg‘oyaviy» deb atashadi
«Italiya birodarlari» partiyasini bejiz «postfashistcha» deyishmaydi, chunki uni 2012 yilda diktator Mussolinining fanatlaridan iborat noyefashistcha «Italiya sotsial harakati» tashkiloti a’zolari tuzgan. Bu harakat ramzida Italiya bayroqlari rangidagi mash’ala tasvirlangan. Mussolinining fanatlari esa uning qabri uzra mana shunday mash’ala yonib turganiga ishonadi.
Partiya yetakchilari aytishicha, ular fashizmni allaqachon yengib o‘tgan. Partiyaga berilgan ta’rifdagi «post» so‘zi shu iddaoni ifodalaydi.
«Fashist bo‘lsam, buni tan olgan bo‘lardim, lekin fashist emasman», deydi Meloni intervyularidan birida. O‘z navbatida, Meloni mamlakatning fashistlar yetakchilik qilgan yillarini tanqid qilishga shoshmayapti, partiyaning Mussoliniga bog‘langan ramzini ham o‘zgartirmoqchi emas. Chunki Mussolini fanatlari orasida ham obro‘si kamayishini istamaydi.
Fashizmni chuqur o‘rgangan italiyalik jurnalist Paolo Beritssining fikricha, oxirgi yillarda iqtisodiy holat yomonlashuvi fonida Italiyada yana fashistik kayfiyat jonlana boshlagan. Jurnalistning aytishicha, odamlar o‘sha davrlarga qaytishni istayotgani yo‘q, lekin yana «o‘shanda uncha yomon ham emasdi» deb o‘ylay boshlagan.
Balki shu sababdandir Meloni Mussolini davri haqida deyarli gapirmaydi. U bemalol tadbirlarda diktatorning nabirasi va partiyasi a’zosi bo‘lmish Rakele bilan ko‘rinish berishi, Mussolini boshchiligida 1922 yil Rimda o‘tkazilgan fashistlar marshi yubileyi sharafiga kechki ovqat tashkil qiladiganlarni ham tanqid qilmasligi mumkin.
«Italiya birodarlari» partiyasiga beriladigan «postg‘oyaviy» ta’rifi partiya o‘zgaruvchan hamda qorishiq qarashlarni ilgari surishi bilan bog‘liq. Bu esa partiyaga konservatorcha qarashlari doirasida istagancha tuslanish imkonini beradi. Aytaylik, partiya hozirda Rossiya va noan’anaviy qarashdagilarga qarshi chiqmoqda, lekin kerak bo‘lsa partiya ularni qo‘llashi ham hech gap emas.
Siyosatchilar fikricha, g‘oyalari, qarashlari aniq bo‘lgan o‘ngchilik davri o‘tdi. Siyosatchi Lorenso de Sio Italiyada o‘ngchilar o‘zlarini ancha pragmatik tutishadi deb hisoblaydi. Ular o‘ng koalitsiya ichida ham partiyalarini tez-tez o‘zgartirishlari mumkin, lekin asosan yetakchisi boshqalardan ustun bo‘lgan partiyaga ovoz berishadi. Ular uchun asosiysi tanlangan yetakchi so‘lchilarni to‘xtata olishidir.
Italiya siyosatidagi eng katta muammolardan biri o‘ng va so‘l lagerdagi juda jiddiy qutblanishdir. Ikki tomon ham hukumat tepasiga kelar ekan narigi tomon bilan murosa qilish haqida o‘ylamaydi.
31 yoshida vazir bo‘lgan yetakchi

Gregorio Borgia / AP / Scanpix / LETA
«Italiya birodarlari» partiyasi muvaffaqiyatlari uchun avval o‘z yetakchisi Jorjia Melonidan qarzdordir. Davlat rahbari bo‘lish uchun yoshdek ko‘rinayotgan 45 yoshli Meloni 30 yildan buyon siyosat ichida qaynab keladi, uni allaqachon tajribali siyosatchi deb atash mumkin.
Meloni Rimda yozuvchi va ishchi oilasida tug‘ilgan. Uning onasi Josi Bell taxallusi bilan ko‘ngilochar romanlar yozib, 140 ta kitob chiqargan. Otasi esa oilani ancha erta tashlab ketadi. 15 yoshidayoq Jorjia «Italiya sotsial harakati» nomli partiya qoshidagi neofashistik harakat a’zoligiga kiradi. Keyinchalik harakat «Milliy alyans» nomli partiyaga aylanib, Meloni unga a’zo bo‘ladi.
U 28 yoshida parlament deputatiga aylanadi, 31 yoshida esa Silvio Berluskoni bosh vazir bo‘lganida sport va yoshlar vaziriga aylanadi. «Milliy alyans» partiyasi «Olg‘a Italiya» partiyasi bilan birlashganidan keyin ultrao‘ngchi siyosatchilarning aksari partiyadan ketdi va aynan ular «Italiya birodarlari» partiyasiga asos solishdi. Meloni 2014 yildayoq partiyaning yaqqol yetakchisiga aylandi.
Meloni fashistik g‘oyalarni qo‘llovchi siyosatchilarga zid tarzda xushchaqchaq, xarizmatik, jo‘shqin va Ukrainadagi urush, inflatsiya va energiya inqirozidan xavotirga tushayotgan elektorat bilan til topisha oladigan darajada kirishimlidir. Uning boshchiligidagi koalitsiya oldida mamlakat dunyoda hukm surayotgan murakkab holatdan olib chiqib ketishdan tashqari kichik maishiy masalalar bilan ham shug‘ullanishi masalasi turibdi. Masalan, «Cho‘chqacha Peppa» multfilmi bilan kurash masalasi. «Italiya birodarlari» partiyasi bu multfilmda ota-otasi bir jinsli bo‘lgan ayiqcha obrazi paydo bo‘lgach, uni taqiqlashga chaqirgan.
Yevropa Ittifoqida Italiyada bo‘layotgan voqealarni diqqat bilan kuzatishmoqda. Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Italiyada voqealar rivoji demokratiyani to‘sadigan ko‘rinishda o‘zgarsa, YeIda buni tuzatish uchun imkoniyat yetarli ekanini aytdi. Ammo Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Italiyada bo‘layotgan voqealardan xursandligini yashirmadi. Orban anchadan buyon Jorjia Melonining do‘sti hisoblanadi.
Fransiyalik ultrao‘ngchi Erik Zemmur esa Shvetsiya va Italiyada ultrao‘ngchilar yaxshi natija ko‘rsatganidan quvonib, Yevropada yangi davr boshlanayotgani haqida aytdi.

Hozirda Jorjia Meloni Italiya bosh vaziri bo‘lishi uchun faqatgina Italiya prezidenti Serjo Mattarellaning roziligi kerak, xolos. Hukumat shakllantirish bo‘yicha rejalarni buzish holati prezident bilan avval ham sodir bo‘lgan. 2018 yil Juzeppe Konte iqtisodiyot vaziri lavozimiga yevroskeptik Paolo Savon nomzodini ilgari surgani sabab prezident Mattarella hukumat shakllanishi bo‘yicha qarorni ma’qullamagan.
Italiyada tuziladigan navbatdagi hukumat oxirgi 30 yil ichidagi yigirmanchisi bo‘ladi. Ya’ni koalitsion hukumat o‘rtacha 1,5 yil hukmronlik qiladi. Dragi boshchiligidagi hukumat ham shuncha vaqt ishlagandi. Ammo Meloni bu tartibni ham o‘zgartira olishi haqida gapirishmoqda. Italiya tarixida bungacha ham o‘ngchilar hukumat tepasida qancha vaqt bo‘lishmasin albatta mamlakat siyosiy kursini o‘zgartirishgan.
Ukrainani qo‘llash va Rossiyaga qarshi sanksiyalar masalasi nima bo‘ladi?
Italiyaning endilikda sobiq bosh vaziri Mario Dragi ikki qo‘li bilan Rossiyaga qarshi sanksiyalar va Ukrainaga yordam berishni qo‘llardi. Ammo endi bunday bo‘lishi qiyin, chunki Berluskoni va Salvini Putinning do‘stlari. Ayniqsa Berluskoni. Bu ikki siyosatchi ham Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin Putinni tanqid qilgandek bo‘lishdi, lekin Berluskoni har zamonda Moskvada do‘stini xafa qilishni istamyotgandek uni maqtab qo‘yishni kanda qilmayapti.
Saylovlardan uch kun oldin Berluskoni do‘sti Putinni urushga atrofidagilar va rus jamiyati yetaklagani, u shunchaki «Ukraina rahbariyatiga tuzuk odamlarni qo‘yib, tezda qo‘shinlarni olib chiqib ketishni istagani»ni aytdi. Bu gapi sabab shundog‘am Putinni qo‘llashi bilan italiyaliklarni bezor qilgan qariya yana tanqidlar ostida qoldi. Keyin esa Berluskoni uning partiyasi doim Yevropa Ittifoqi va NATO tomonda ekanini aytib chiqdi.
Saylovlardan bir hafta avval esa Berluskoni shunday deb intervyu bergandi: «Putin haqida fikrim urush sabab o‘zgardi. Kimdir portlatishni, tanklarni yuborishni, boshqa mamlakatga bostirib kirishni boshlasa, bu endi boshqacha masala», dedi 2015 yil Putin bilan Rossiya bosib olgan Qrimga borgan Berluskoni.

Meloni esa doim Rossiyani tanqid qilib keladi. U Rossiya va Xitoyni G‘arbning dushmani deb hisoblaydi, Rossiya va Ukraina masalasida Yevropa Ittifoqi va NATOning pozitsiyasni qo‘llaydi. Meloni muxolifat tarkibida bo‘lganida ham Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qo‘llab ovoz bergan. U Putinga qarshi hech qanday simpatiya his qilmasligini aytgan.
Nega o‘ngchilarga ovoz berishdi?
Neapollik oshxonachi Pino de Stasio nega o‘ngchilar g‘olib bo‘lganini shunday izohladi: «Bizni unutib qo‘yishdi deb o‘ylay boshladik. Ayniqsa janubdagilarni. Odamlar dunyoga tarqala boshladi, biznes sinmoqda. Odamlar o‘ngchilarga ovoz bermoqda, chunki ular hali hukumat boshqarishmagan (oxirgi yillar nazarda tutilmoqda), ulardan hali hafsalamiz pir bo‘lgani yo‘q».

Odamlarning fikricha, ko‘pchilikning cho‘ntagi bo‘shab qolgan, shu sabab italyanlar qandaydir keskin o‘zgarish kutishmoqda.
Meloni boshchiligidagi partiyaning asosiy ustunligi ham shunda – ular Dragi boshqargan koalitsiyada yo‘q edi, odamlar esa bu partiyaga imkon berishga qaror qildi. Salvini va Berluskoni bo‘lari bo‘lgan siyosatchilar deb qaralmoqda, ammo Meloni xalq ichidan chiqqan yangi yuz sifatida yetakchilikka intilmoqda. U Rimdagi ishchi oilasida tug‘ilgan, otasiz o‘sgan, universitetda o‘qimagan, yoshligidan siyosat ichida pishgan.
Italiyada nima o‘zgarishi mumkin?
O‘ngchilar saylovda soliqlarni pasaytirish, pul bilan biznes va fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashni taklif qilib kirishdi. Ularning iqtisodiy dasturi ham shundan iborat edi.
Melonining saylovdagi shiori «Xudo, Vatan, Oila» deb nomlangandi. U noan’anaviy oilaviy aloqalarni qo‘llamaydi, muhojirlarni yoqtirmasligini yashirmaydi, Liviyani dengizda blokada qilishni talab qiladi va shu orqali Afrikadan keladigan muhojirlar oqimini kamaytirishga erishish mumkin deb hisoblaydi.

O‘ngchilarda so‘lcha g‘oyalar ham uchrab turadi. Masalan, ular bolali oilalarga beriladigan ustama miqdorini oshirish, bolalar bog‘chalarida bepul o‘rinlar tashkil etishni taklif qilishmoqda. Bundan maqsad esa tug‘ilish sonini oshirish.
Italiya hozirda butun Yevropa kabi energiya inqirozini boshdan kechirmoqda. Dragi hukumati inqirozdan chiqish uchun 66 milliard yevro ajratgandi. Salvini bu borada yana 30 milliard yevro ajratmoqchi. Ammo bugun Italiya havas qilarli iqtisodiy holatni boshdan kechirmayapti. Mamlakat tashqi qarzi YaIMning 150 foiziga teng miqdorga yetgan. Bu esa Birinchi jahon urushidan buyon eng yomon ko‘rsatkichdir.
Yagona umid Yevropa Ittifoqi

Italiyadagi qiyin iqtisodiy holatdan chiqib ketish uchun yagona umid Yevropa Ittifoqi hisoblanadi. Ittifoq Italiyaga 200 milliard yevro miqdorida turli subsidiyalar ajratishni maqsad qilgan.
YeI davlatlari orasida eng ko‘p subsidiya oladigan davlat Italiya hisoblanadi. Meloni tuzajak hukumat bu pullarni o‘rinli sarflab inqirozdan chiqib ketishi mumkin. Dragi vaqtida bu pullar islohotlar evaziga olinishi borasida kelishuv bo‘lgan.
Mavzuga oid

12:32 / 16.06.2025
Yevropa janubida ommaviy turizmga qarshi mitinglar o‘tkazildi

16:09 / 11.06.2025
Prezident ETTB, BAA va Lombardiya bilan hamkorlikning ustuvor masalalarini muhokama qildi

22:21 / 09.06.2025
Italiyalik erkak bir yil davomida ish joyidan salkam 2 kilo oltin o‘g‘irladi

20:32 / 06.06.2025