O‘zbekiston | 11:53 / 11.06.2022
14664
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda qovunning faqat issiqxonada yetishtiriladigan «Zarhal» navi yaratildi

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining Yekaterina Lyan boshchiligidagi seleksioner olimlari yangi qovun navini ixtiro qildi.

Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi

Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan e’lon qilingan xabarda aytilishicha, «Zarhal» nomi berilgan ushbu duragay faqat issiqxonada yetishtiriladi.

Bildirilishicha, «Zarhal»ni o‘ta ertapishar qovun toifasiga kiritish mumkin. U 72-78 kun davomida o‘sadi, palagi baquvvat, sershox. Bargi keng, qalin, to‘q yashil rangli, qirqimlidir.

Qayd etilishicha, qovunning hosili sharsimon, o‘rtacha kattalikda bo‘lib, og‘irligi atigi 0,8-1,5 kilogramm keladi. Yuzasi esa tekis, sariq rangda. Ustida yashil rangli chiziqlar tortilgan. Ichki qismi oqish, xushbo‘y hidli.

«Zarhal»ning tarkibidagi quruq modda miqdori 13,5-14,5 foizni tashkil etsa, qand miqdori 12-13 foizdan iborat.

Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi

Hosildorligi 8-8,5 kg/m2 ga teng bo‘lgan ushbu qovun navi un shudring va fuzarioz so‘lish kasalligiga chidamli ekani aytiladi.

Mavzuga oid