Konstitutsiyaviy komissiya ilk takliflarni ma’qulladi
Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha dastlabki takliflar paketini qabul qildi. Undan 24 ta moddaga doxil yangiliklar o‘rin olgan. Kun.uz birlamchi darajada ma’qullangan o‘zgartishlar ro‘yxatini taqdim etadi.

Foto: Kun.uz
Bugun, 10 iyun kuni O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish bo‘yicha komissiyaning uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish ilk marta to‘liq jonli efirga uzatildi. Komissiya bosh qomusning 24 ta moddasiga 41 ta o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflarni tegishli qonun loyihasiga kiritishni ma’qulladi.
Yig‘ilishda ovozga qo‘yilgan takliflarning barchasi ma’qullandi. Kun.uz muxbiri Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan birlamchi tasdiqdan o‘tgan, asosiy qonunga qo‘shilishi masalasi endilikda Qonunchilik palatasida ko‘riladigan takliflarni sanab o‘tadi:
- Davlat inson va jamiyatning tinchligini ta’minlashga mas’ul; (14-modda to‘ldirilmoqda)
- O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga asosan va O‘zbekiston Konstitutsiyasiga muvofiq tan olinadi va kafolatlanadi; (18-modda to‘ldirilmoqda)
- Inson huquqlari va erkinliklari faqat qonun asosida, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini hamda jamoat tartibini ta’minlash maqsadida va buning uchun zarur bo‘lgan doirada mutanosib ravishda cheklanishi mumkin; (20-modda to‘ldirilmoqda va shu moddadagi “davlat va jamiyat” so‘zlarining o‘rni “jamiyat va davlat” deb o‘zgartirilmoqda)
“Inson huquqlarining chegarasi – boshqa insonlarning huquqlarini buzmasligigacha”, dedi komissiya raisi Akmal Saidov va sud jarayonidan misol keltirdi: “Bezorilik bo‘yicha sud ketyapti. Bittasi bittasining burnini qonatibdi. Sudda aytyapti: “Muhtaram sudya, men qo‘limni yon tomonga qaratib tez ko‘targandim, uning burniga tegib ketdi. Mening qo‘limni bunaqa harakatlantirish huquqim yo‘qmi?” Sudya javob bergan: “Mutlaq huquqingiz bor. Qo‘lingizni xohlagancha o‘ngga, chapga ko‘tarishingiz mumkin. Lekin sizning bu huquqingiz birovning burniga 1 sm qolganda tugaydi, tegib ketgandan keyin siz birovning huquqini buzdingiz”.
- Konstitutsiyaning birorta moddasi inson huquq va erkinliklariga zarar yetkazadigan tarzda talqin etilishi mumkin emas. (16-modda to‘ldirilmoqda)
- 49-moddadagi: “Madaniyat yodgorliklari davlat muhofazasidadir” degan norma: “Tarixiy, ma’naviy va madaniy meros davlat muhofazasidadir” deb o‘zgartirilmoqda. Bu moddaga quyidagicha qo‘shimcha qo‘shilyapti: “Davlat va jamiyat milliy qadriyatlarni va o‘ziga xoslikni himoya qilish, O‘zbekiston xalqi madaniy merosining kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish haqida g‘amxo‘rlik qiladi”.
- Har bir inson o‘z shaxsini erkin rivojlantirishi, nimaiki qonun bilan taqiqlanmagan hamda boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini buzmaydigan bo‘lsa, uni amalga oshirishi mumkin. (25-modda to‘ldirilmoqda)
Konstitutsiyaga bu normani kiritish bo‘yicha yig‘ilishdan oldin qarama-qarshiliklar yuzaga kelgan. Komissiya a’zosi Mirafzal Miroqulovning so‘zlariga ko‘ra, qarshi taraf ma’naviyat, axloq, milliy an’ana va qadriyat masalalarini ko‘targan.
“Ayrim mutaxassislarimiz: “Bunaqangi qoidani kiritsak, o‘zbekchiligimizga zid ishlar ko‘payib ketmaydimi? Nima xohlasam, qilaverar ekanman-da, qonunda yozilmagan bo‘lsa bo‘ldi ekanda degan qarash ertaga ko‘payib ketadi” deyishdi. Biroq biz 1992 yildayoq Konstitutsiyamizning muqaddimasida yozib qo‘yganmiz: O‘zbekiston huquqiy demokratik davlat qurishni maqsad qilib olgan. Demokratik davlatda esa birinchi masala – shaxsiy erkinlik.
Inson qonunni buzmasa, boshqa shaxslarning huquqlarini buzmasa, ularga zarar yetkazmasa, qanday ish bo‘lsa qilishi mumkin. 1789 yilda Fraksiyada qabul qilingan inson huquqlari deklaratsiyasining 4-5-moddalarida ham aytilgan: erkinlik – boshqalarga zarar yetkazmaydigan barcha ishni qilish mumkinligi, qonun bilan taqiqlanmagan ishlarni qilish mumkin, qonunda yozilmagan ishni qildirishga hech kim haqli emas.
Uzoq tortishuvlardan keyin biz bir konsensusga keldik: ma’naviyat, axloq, milliy an’analar – majburiy huquqiy normalarga emas, balki jamiyatning kuchi, ta’lim-tarbiya natijasida shakllanadigan axloq normalariga tayanadi. Biz taklif etayotgan normalarning esa bunga hech qanday zid joyi yo‘q”, dedi Mirafzal Miroqulov. Mazkur taklif ham bir ovozdan ma’qullandi.
- Jinoyat qonunchiligidagi qator muhim normalar Konstitutsiyaga kiritilmoqda:
- Ayblanuvchi ayblovning mohiyati va asoslari haqida xabardor bo‘lish, unga qarshi ko‘rsatma bergan guvohlar bilan yuzlashtirish, uning foydasiga ko‘rsatma berayotgan guvohlarni chaqirtirishni talab etish va o‘zini himoya qilish uchun advokat yordamidan foydalanish huquqiga ega;
- Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashga majbur emas. Ular istagan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin;
- Har bir shaxs davlat organlari yoki ularning mansabdor shaxslarining noqonuniy harakatlari yoki harakatsizligi natijasida yetkazilgan zararning davlat tomonidan qoplab berilishini talab qilish huquqiga ega;
- jinoyat qonunchiligiga oid boshqa normalar;
- Har kim ishsizlik va nogironlik uchun ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega. (39-modda to‘ldirilmoqda)
- Intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinadi. (36-modda)
- Har bir inson o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarning himoya qilinishi huquqiga ega. Har bir shaxs o‘zi haqidagi noto‘g‘ri ma’lumotlarning tuzatilishini, noqonuniy yo‘l bilan olingan yoki huquqiy asosga ega bo‘lmagan ma’lumotlarning yo‘q qilinishini talab qilish huquqiga ega. (30-modda to‘ldirilmoqda)
- 38-moddadagi: “Yollanib ishlayotgan barcha fuqarolar dam olish huquqiga ega. Ish vaqti va haq to‘lanadigan mehnat ta’tilining muddati qonun bilan belgilanadi” degan norma quyidagicha yozilmoqda: “Har bir shaxs dam olish huquqiga ega. Mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlovchiga qonunda belgilangan ish vaqtining davomiyligi, dam olish va bayram kunlari, haq to‘lanadigan har yilgi ta’til kafolatlanadi”.
- Davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, bolalar hamda yoshlarni ma’naviy va axloqiy tarbiyalash uchun zarur sharoitlar yaratadi. (42-modda to‘ldirilmoqda)
- O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari davlat xizmatiga qabul qilinishda teng huquqqa ega. (32-modda to‘ldirilmoqda)
- Nikoh ayol va erkakning (amaldagi Konstitutsiyada “tomonlarning” deyilgan) ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi. (63-modda)
Ta’kidlanishicha, Oila kodeksining 2-moddasida “erkak va ayolning ixtiyoriy ravishda nikohlanib tuzgan ittifoqi” hamda “er va xotinning tengligi” kabi iboralar ishlatilgan. Akmal Saidov Konstitutsiyada “erkak va ayol” deb emas, ayollarni birinchi o‘ringa qo‘ygan holda “ayol va erkak” deb yozish taklif etilayotganiga e’tibor qaratdi. Uning aytishicha, 63-modda – konstitutsiyada o‘zgartirish bo‘yicha eng ko‘p taklif tushayotgan moddalardan biri.
Mavzu bo‘yicha so‘z olgan deputat To‘lqin Karimov oilani “avlodlarning davomiyligini ta’minlash va qadriyatlar shakllanishi maskani” deb ta’rifladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya, Ukraina, Armaniston, Qirg‘iziston, Gruziya va Polsha konstitutsiyalarida ham nikoh ayol va erkakning ixtiyoriy ittifoqi ekani belgilangan.
“Hozir G‘arb dunyosida juda tez rivojlanib ketayotgan bir jinsli nikohlarga, afsuski, qonun darajasida, hatto ularning konstitutsiyasi darajasida ruxsat berildi bu narsaga”, dedi taklifni qo‘llagan deputat Alisher Qodirov.
Shu bilan birga, bu – majlisda bir ovozdan ma’qullanmagan yagona taklif bo‘ldi. 63-moddani taklif etilgan shaklda o‘zgartirishga komissiya a’zolaridan faqat senator Abdurahim Erkayev qarshi ovoz berdi. “Mohiyati jihatidan bu taklifni hammamiz qo‘llab-quvvatlaymiz, ammo bitta narsaga e’tibor berishimiz kerak. Bunga chet el qanaqa reaksiya qiladi? Balki shuni eskicha qoldirarmiz? Qichimagan joyni qashib nima kerak?” dedi u.
Professorning so‘zlariga senator Qutbiddin Burhonov munosabat bildirdi. “Domlani qattiq hurmat qilaman, bu ularning o‘z shaxsiy fikri bo‘lib qolishi kerak. Biz o‘zgalar uchun yashayotganimiz yo‘q. Biz o‘z qonunlarimiz asosida yashashimiz kerak va o‘zgalar bizning qonunimizni hurmat qilishi kerak”, dedi u.
- O‘zbekiston fuqarosi O‘zbekistondan chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emas. (22-modda)
- 65-moddadagi “Onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi” degan normaga otalik ham qo‘shilmoqda va bu modda quyidagicha 2-qism bilan to‘ldirilmoqda: Davlat va jamiyat bolalar hamda yoshlarga azaliy milliy an’analarga va umuminsoniy qadriyatlarga sadoqat, buyuk ajdodlarimizning boy madaniy merosidan faxrlanish tuyg‘usini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi.
- Qonunchilik palatasi deputati bir vaqtning o‘zida mahalliy kengashlar deputati bo‘lishi mumkin emas. (77-modda)
- Shahar, shaharcha, qishloq va ovullarda raisni (oqsoqolni) va o‘z boshqaruv organlarini saylaydigan mahallalar – fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridir. (105-modda lo‘nda tilga o‘tkazilib, Konstitutsiyaga mahalla so‘zi kiritilmoqda)
- Konstitutsiyaviy sud fuqarolar va yuridik shaxslarning muayyan ishda sud tomonidan ularga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish haqidagi shikoyatlarini ko‘rib chiqadi. (109-modda to‘ldirilmoqda)
- Sudyalar oliy kengashi sudyalar mustaqilligi va daxlsizligini himoyalash, sudlar faoliyatiga biron bir tarzda aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik, sudyalar orasida korrupsiyaning oldini olish, sud tizimi faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash choralarini ko‘radi. (111-modda to‘ldirilmoqda)
- Har bir shaxs o‘z tanloviga ko‘ra va jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganda esa uning harakatlanish erkinligi amalda cheklangan paytdan boshlab advokat olish huquqiga ega. Ushlangan, ayblangan, sudlangan va hukm qilingan shaxsga advokat bilan to‘sqinliksiz va xoli uchrashuvlar uchun zarur shart-sharoit yaratiladi. (116-modda to‘ldirilmoqda)
- Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylovlarini ham Markaziy saylov komissiyasi tashkillashtiradi. (117-modda to‘ldirilmoqda)
Kelib tushgan takliflar soni 20 mingga yaqinlashgan
Aytilishicha, 9 iyun soat 20:00 holatiga, Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha aholidan jami 19 188 ta taklif kelib tushgan.
“Men shuni bir narsaga qiyoslayman. 1990-1992 yillarda – salkam 2,5 yil davom etgan muhokamada 6 ming taklif kelib tushgan. Mana shu 19 ming taklifning aksariyati hozirgi kunda yangi informatsion texnologiyalar orqali yuborilgan.
Meni xursand qilayotgani – yoshlarimizning befarq emasligi. Ayollarimiz yutqazib qo‘yayapti, ancha foizinglar kam. 19 mingta taklifning salkam 11 mingini erkaklar, salkam 6 mingini ayollar bergan, 2 mingga yaqini anonim tarzda kelgan. Anonim takliflarni ham o‘rganyapmiz”, – dedi komissiya raisi Akmal Saidov.
Takliflarning 6 728 tasi “Mening konstitutsiyam” platformasi orqali, 1 744 tasi koll-markaz orqali, 1680 tasi mahallalar orqali, 804 tasi mahalliy deputatlik kengashlari, 2 mingdan ortig‘i elektron pochta orqali yuborilgan.
Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari 54 ta taklif bergan. Qonunchilik palatasining 61 nafar deputati va Senatning 11 nafar a’zosi ham o‘z takliflarini bildirgan. Siyosiy partiyalar fraksiyalari: O‘zLiDePdan 240 ta, XDPdan 108 ta, “Milliy tiklanish”dan 21 ta, “Adolat”dan 85 ta, Ekopartiyadan 15 ta taklif tushgan.
Mavzuga oid

21:49 / 26.02.2025
Tramp tarafdorlari Konstitutsiyani o‘zgartirishni rejalashtirmoqda

18:14 / 11.12.2024
Konstitutsiyaviy sud prokurorlarning ikkita vakolatini bekor qilishga chaqirdi

15:38 / 10.04.2023
“San’atkor uchun “zapret” degan mudhish tushuncha bor edi” - Ozoda Nursaidova

13:04 / 10.04.2023