Jahon | 20:34 / 08.06.2022
23274
9 daqiqa o‘qiladi

Lavrov Turkiyada Chovusho‘g‘li bilan uchrashdi. Ular bug‘doy va muzokaralar istiqbollari borasida nimalar deyishdi?

Foto: TASS

8 iyun kuni Anqarada Turkiya va Rossiya tashqi ishlar vazirlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda tomonlar Istanbulda Ukraina, Rossiya, Turkiya va BMT ishtirokida «bug‘doy koridori» tashkil qilish bo‘yicha muzokara o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qildi. Ukraina bug‘doyini jahon bozoriga olib chiqish uchun Ukrainadagi portlarni minalardan tozalash talab etiladi. Kiyev Rossiya bundan harbiy maqsadda foydalanmasligi bo‘yicha kafolat so‘ramoqda.

Rossiya tomoni har qancha Ukraina bug‘doyi dunyo ulushida kam hissani tashkil etishi haqida gapirmasin, ko‘plab davlatlar ukrain bug‘doyi bozorga chiqmasligi oziq-ovqat xavfsizligida jiddiy muammo deb qaramoqda. Ukraina Rossiyani uning bug‘doylarini o‘g‘irlaganlikda ayblamoqda. Putin esa Ukrainadan bug‘doyni olib chiqishda muammo yo‘qligini aytdi.

Rossiya Ukraina juda kam bug‘doy yetishtirishini iddao qilayotgan bo‘lsa-da, Turkiya poytaxtidagi uchrashuvda asosiy e’tibor aynan shu masalaga qaratildi. Shuningdek, Sergey Lavrov hamda Mavlud Chovusho‘g‘li o‘rtasidagi uchrashuvda Ukraina – Rossiya muzokaralarini tiklash masalasi ko‘tarilgan. Tomonlar oxirgi marta ikki oy avval aynan Istanbulda muzokaralarda ishtirok etgandi.

Lavrov nima dedi?

Birinchi: Lavrovning aytishicha, Rossiya va Turkiya harbiylari Ukraina portlarini minalardan tozalash va u yerdan bug‘doyni olib chiqishni muhokama qilmoqda. Lavrov Ukraina hukumati va xususan prezident Zelenskiy bu suvlarni minalardan tozalab, jarayonni boshlashga tayyorligini ochiqchasiga rad etayotganini iddao qildi. «Turkiyalik do‘stlarimizning aytishicha, Ukraina tomoni endilikda yoki hududni minalardan tozalash yoki minalangan hududdan yo‘lak tashkil qilishga tayyor», degan Lavrov.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ikki kun avval portlarni qayta ochish uchun eng to‘g‘ri yo‘l mamlakatga kemalarga zarba beruvchi raketalar taqdim etish ekanini aytgandi. «Rossiyaning aytishicha, biz oziq-ovqat inqirozi paydo qilyapmiz, ammo biz Rossiyaning bu ritorikasini sindiramiz. Biz bunga tayyormiz, ammo bu uchun xavfsizlik koridori kerak», degandi Ukraina yetakchisi.

Ikkinchi: Chovusho‘g‘li bilan uchrashuvdan keyin brifingda ishtirok etgan Lavrov hozirgi holatdan harbiy maqsadlarda foydalanilmasligini aytdi. «Ukraina minalardan tozalashni boshlasa, biz bu holatdan «maxsus harbiy amaliyot» doirasida foydalanmaymiz. Bu Rossiya prezidenti aytgan kafolat, biz uni amalga oshirishga tayyormiz», degan Lavrov. Rossiyada Ukrainadagi urushni urush deb atash taqiqlangan. Putin va mulozimlari urushni «maxsus harbiy amaliyot» deb atab keladi.

Uchinchi: Lavrovning aytishicha, Rossiya va Turkiya Ukraina portlaridan chiqayotgan kemalar xavfsizligini kafolatlab, ular bo‘g‘ozlarga yetib borishini ta’minlashga tayyor. Ammo Lavrov buni nega aytgani tushunarsiz.

To‘rtinchi: Lavrovga ko‘ra, Rossiya Istanbulda Ukraina, Turkiya va BMT ishtirokida ukrain bug‘doyini olib chiqish uchun to‘rt tomonlama muzokaralar o‘tkazishga tayyor. Ammo Rossiya TIV rahbari bu uchrashuvlarga ishonmasligini aytib, BMT nimanidir hal qilishiga ishonmasligiga ishora qildi. «BMT shu tariqa o‘zining borligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi ekanini tushunaman. Ammo bu ramziy ma’nodan boshqa nimadir qo‘shishiga ishonmayman», dedi Lavrov.

BMT dunyo bozorida bug‘doy yetishmovchiligi sabab oziq-ovqat inqirozi jiddiy tus olishi mumkinligidan ogohlantirgandi. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning aytishicha, Rossiya va Ukraina butun dunyoda yetishtirilayotgan bug‘doy hamda arpaning 30 foizini beradi. Dunyoda ishlab chiqariladigan kungaboqar yog‘ining 50 foizi ham aynan shu ikki davlat hissasiga to‘g‘ri keladi.

Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Ukrainaning 20 million tonna bug‘doyini jahon bozoriga chiqarish uchun Rossiya bilan kelishish kerakligini aytgandi. Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kulebaning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina portlari Rossiya tomonidan egallab olingani sabab mamlakat 22 million tonna bug‘doyni eksport qila olmayapti.

Lavrovning iddaosicha, Ukraina portlarida «arzimas miqdorda» bug‘doy bor va bu butun dunyo iste’molining 1 foizini tashkil etadi. «Hozirgi bug‘doy inqirozi yoki oziq-ovqat inqiroziga buning aloqasi yo‘q», degan Rossiya bosh diplomati.

Kiyev Rossiya Ukraina bug‘doyini sotayotganini aytib, buni o‘g‘rilik deb atagandi. Jurnalistlar Lavrovga shu haqda savol berishdi: «Rossiya Ukrainadan o‘g‘irlagan bug‘doydan tashqari yana nimani sotishga muvaffaq bo‘ldi?»

Lavrov esa savolga keskin javob qaytardi: «Siz doim o‘g‘rilik haqida o‘ylab boshqalar ham shunday qiladi, deb o‘ylaysizmi? Biz aniq qo‘yilgan maqsad – Ukraina sharqini millatchi tuzum bosimidan himoya qilish vazifasini bajaryapmiz».

Ammo ochiq manbalarda ham Rossiya Ukrainadagi bug‘doylarni sotayotgani haqida xabar berilmoqda. Masalan, Rossiyaning targ‘ibotchi saytlaridan biri «Interfaks» rus harbiylari bosib olgan Ukrainaning Zaporojye oblastidan Qrim orqali Yaqin Sharqqa bug‘doy yuborila boshlaganini xabar qildi. Buni Rossiya tomonidan qo‘yilgan oblastning «yangi rahbariyati» amalga oshirgan. TASS agentligi bug‘doy ortilgan birinchi poyezd Qrimga yetib borgani haqida yozgandi.

Urush haqida gapirgan Rossiya bosh diplomati doimgidek uni «maxsus harbiy amaliyot» deb atab, hammasi reja bo‘yicha ketayotgani haqida Putinning chiqishlarini takrorladi. Muzokaralar borasida ham Lavrov Moskvaning eskirgan bayonotlarini takrorladi. «Zelenskiy shunchaki uchrashuv uchun uchrashmoqchi. Uning aytishicha, muzokaralarni boshlash uchun Rossiya armiyasi 24 fevral kunidagi holatiga qaytishi kerak ekan, axir bu nojiddiy gaplarni qabul qilib bo‘lmaydi-ku», degan Rossiya TIV rahbari.

Chovusho‘g‘li nima dedi?

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘lining aytishcha, BMTning Qora dengizga chiqadigan «bug‘doy koridori» loyihasini amalga oshirish kerak. «Turkiya bu rejani amalga oshirishni hayotiy muhim deb hisoblaydi. Gap to‘rt tomonlama kemalarni tekshirish jarayoni haqida ketmoqda. Biz unda ishtirok etishga tayyormiz, bu borada Istanbulda uchrashuv tashkil qilishimiz mumkin, ammo buning uchun avvalo Ukraina va Rossiyaning roziligi talab qilinadi», degan u.

Rossiya Ukraina bug‘doyini olib chiqish evaziga sanksiyalarni bekor qilishni so‘ramoqda. G‘arb buni Rossiyaning shantaji deb atagan, ammo Turkiya tashqi ishlar vaziri bu borada Rossiyani oqlab berdi. «Rossiyaning talablari qonuniy», dedi Chovusho‘g‘li.

Turkiya TIV rahbari Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralar haqida yana so‘z ochilganidan xursand ekanini aytib, bu butun dunyo manfaatiga mos holat ekanini ta’kidladi.

Kiyev hozircha Lavrov va Chovusho‘g‘lining bayonotlariga javob bermadi. Ukraina Xavfsizlik kengashi kotibi Aleksey Danilov Ukraina bug‘doyi eksporti faqat portlarda xavfsizlik ta’minlangan holatda amalga oshirilishini aytgandi. Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba esa Rossiya prezidentining portlardan harbiy maqsadlarda foydalanmasligi bo‘yicha gaplariga ishonmaslikka chaqirdi. Uning aytishicha, Rossiya «bug‘doy koridori» uchun ochilajak Odessadagi portlardan shaharga hujum qilish uchun foydalanishi mumkin.

Ukraina o‘z hamkorlari bilan birga portlarni qayta ochish uchun xalqaro missiya tuzmoqchi. Buning uchun avvalo Rossiya portlar atrofidan o‘z qo‘shinlarini olib ketishi va qayta hujum qilmaslik bo‘yicha kafolat berishini talab qilmoqda.

Mavzuga oid