Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Harakatchan, tozalikka o‘ch va o‘zini sevuvchi xalq – yaponlarning uzoq yashash siri nimada?
Yaponiyada aholining o‘rtacha hayot davomiyligi – 84,4 yosh. Yaponlar dengiz mahsulotlari va shakarsiz yeguliklarni ko‘p iste’mol qiladi. Ishga piyoda yoki velosipedda borishni yaxshi ko‘rishadi, sog‘ligiga juda e’tiborli. Biroq bu xalqning tug‘ilish va nikoh ko‘rsatkichi pasayib borayotgani uchun qarib borayotgan jamiyat sifatidagi xavotirlari ham bor.

Fotokollaj: Kun.uz
Yaponlar dunyo bo‘yicha eng uzoq umr ko‘radigan xalqlardan biri hisoblanadi. 2020 yilgi statistikaga ko‘ra, Yaponiyada o‘rtacha hayot davomiyligi – 84,4 yosh. Bu mamlakatda 100 yoshdan oshganlar ham ko‘p.
Yaponiyada 1960 yillarda o‘rtacha umr ko‘rish yoshi ancha qisqa – 66,4 yosh bo‘lgan. Ayni mana shu yillardan boshlab mamlakatda o‘rtacha umr ko‘rish yoshi uzaya boshlagan. “Yevropa klinik ovqatlanish jurnali” ilmiy nashri buning sabablari haqida maqola e’lon qildi.
Kasalliklar kamayishi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘lim bazasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan asrning ikkinchi yarmidan yoshga bog‘liq bo‘lgan yurak-ishemik kasalliklari, miya faoliyati bilan bog‘liq kasalliklar sabab o‘limlar hamma mamlakatlarda ham yildan yilga kamayib borgan va bu o‘rtacha umr ko‘rsatkichining ham uzayishiga asosiy sabab bo‘lgan.
Yaponiyada saraton va yurak-ishemik kasalliklaridan o‘lim ko‘rsatkichi doimiy ravishda past bo‘lgan, biroq g‘arb davlatlariga qaraganda miya faoliyati bilan bog‘liq kasalliklardan o‘lim ko‘proq kuzatilgan. Miya faoliyati bilan bog‘liq kasalliklar ham Yaponiyada kamaya boshlagach, 1980 yillarda mamlakat o‘rtacha umr ko‘rish yoshi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ringa chiqib oldi.
Yaponlarning ovqat ratsioni
BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotlariga ko‘ra, G7 davlatlari (Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, AQSh) ichida yaponiyaliklar go‘sht, sut va sut mahsulotlari, shakar va shirinliklar, mevalarni kamroq iste’mol qiladi. Biroq baliq, dengiz mahsulotlari, guruch, soya va choy iste’moli Yaponiyada yuqoriroq.

Yaponiyada shakar, kartoshka iste’molining kamligi va ko‘k choy iste’molining yuqoriligi semizlik va semizlikka aloqador kasalliklarning kamroq kuzatilishiga ham yordam berayotgan bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, tadqiqotga ko‘ra, yaponlar ovqat ratsioniga turli-tuman mahsulotlarni kiritishgan: don mahsulotlari, sabzavotlar, meva, baliq, sut va shunga o‘xshash. Ayni shu tarzda ovqatlanish ham bu xalqning uzoq umr ko‘rishiga sabab bo‘layotgan asosiy omillardan bo‘lishi mumkin.
Qolaversa, xalqaro nashrlar yaponlarning uzoq umr ko‘rishi sabablariga oid boshqa faktlarni ham sanab o‘tadi.
“Ikigai” falsafasi
"Ikigai" qadimgi yapon falsafasi bo‘lib, unga ko‘ra odam faqat yashashi emas, balki hayotdan maqsadini topishga harakat qilishi va undan zavq ola bilishi kerak.
Bu falsafa odamni o‘z imkoniyatlarini to‘la namoyon qila olishga va potensialidan to‘la foydalanishga rag‘batlantiradi. Psixologlarning fikricha, buning bilan insonda o‘ziga bo‘lgan ishonch va o‘zini sevish ko‘rsatkichi oshadi.
Yaxshi genetik kelib chiqish
Yaponlar genetik kelib chiqishi jihatdan yoshga bog‘liq bo‘lgan diabet, insult, yurak kasalliklariga kamroq chalinishga moyildirlar.

Jismoniy faollik
Yaponiyada odamlar juda faol tarzda jismoniy harakat qiladi. Bu mamlakatda hatto keksalarning ham velosipedda harakatlanayotganini ko‘rish mumkin. Yo‘llar velosipedlar uchun qulay: maktab o‘quvchilarining 98 foizi o‘qishga yo piyoda yoki velosipedlarda boradi.

Masalan, Tokio dunyo bo‘yicha velosipedlar uchun eng qulay shahar hisoblanadi. Bu yerda kunlik harakatlanish ulushining 16 foizi velosipedlarga to‘g‘ri keladi.
Qolaversa, yapon madaniyatida yerda cho‘kkalab o‘tirib ovqatlanish, ishga borish uchun poyezdlargacha piyoda yetib olish odatlari ham singib ketgan.
“Hara Xachi Bun Me”
Bu ibora “80 foiz to‘yguningcha ovqatlan” degan ma’noni bildiradi. Bu qoidaga amal qiladigan yaponlar hech qachon to to‘yib qolgunlaricha ovqatlanishmaydi. Sababi, miyaga qorin to‘ygani haqidagi signal ham kechroq boradi.
Samarali tibbiyot tizimi
Yaponiyada tibbiyot tizimi juda yaxshi ishlaydi. Davlat fuqarolar tibbiy muolajalarining 70 foizgachasini, kam ta’minlanganlarning esa 90 foizgacha bo‘lgan xarajatlarini qoplab beradi. Qolaversa, ta’lim muassasalari va ishxonalarda doimiy tibbiy ko‘rikdan o‘tib turish odatga aylangan.
Sog‘ligiga e’tiborli bo‘lish – yapon xalqi madaniyatining bir bo‘lagiga ham aylangan. Odamlar bir yilda 13 martagacha tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun shifoxonalarga borib turishadi. Bu esa kasalliklarni erta aniqlash imkonini beradi.
Ko‘k choy
Yaponlar boshqa ichimliklarga qaraganda odatiy ravishda ko‘k choyni ko‘proq qadrlashadi. Ko‘k choy qon bosimini normallashtirishda, immun tizimini kuchaytirish va saraton kasalliklari himoyasida yaxshi qo‘l keladi.

Oilaviy birdamlik
Yaponiyada qariyalarni g‘amxo‘rlik uylariga topshirish holatlari kam uchraydi. Keksalar, odatda, oilasi bilan birga yashaydi. Ularning oilaviy xotirjamligi ham yoshlari o‘tgach bemalol umrguzaronlik qilishlariga yordam beradi.
Uzoq umr ko‘rish yaxshi, lekin tug‘ilish kamayyapti
Aholisi uzoq umr ko‘rishiga qaramasdan yaponlar jamiyatining ham jiddiy muammosi bor. Yaponiya dunyo bo‘yicha aholisi eng keksa davlat hisoblanadi. 2050 yilga borib aholisining 35 foizi 65 yoshdan oshishi kutilmoqda. Bu trend iqtisodiy o‘sishni qiyinlashtiradi.
Pandemiya sharoitida farzandli bo‘lishga qaror qilayotgan oilalar soni keskin kamaygan. Pandemiya avj nuqtada bo‘lgan 2020 yilda Yaponiyada tug‘ilish va nikohlar soni ancha kamaygandi. Sobiq bosh vazir Shinzo Abe bu holatni “milliy inqiroz” deb ham atagan.
Tavsiya etamiz
Soch to‘kilishi, ko‘z osti qorayishi, lab yorilishi: tana tili bizni nimalardan ogohlantiradi?
Jamiyat | 17:08 / 10.07.2025
Roman Starovoyt – urushning kursidagi qurboni
Jahon | 22:00 / 08.07.2025
Qozog‘istonda kuydirgi tarqaldi, ikki qishloq karantinga olindi
Jahon | 17:57 / 08.07.2025
11 iyuldan IELTS imtihonini qog‘ozda topshirish bekor qilinadi
O‘zbekiston | 15:45 / 08.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Har yakshanba kunlari Toshkentdan Maldivga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar
O‘zbekiston | 09:00 / 11.07.2025
-
Buxoro viloyatida sayyohlik halqasi tashkil etiladi
O‘zbekiston | 07:54
-
Dog‘istonda 300 dan ortiq kishi suvdan zaharlandi
Jahon | 07:41
-
Fuqarolik jamiyati institutlari davlat dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etadi
O‘zbekiston | 07:34
Mavzuga oid

00:31 / 10.07.2025
Yaponiyalik olimlar ozishning kutilmagan usulini ishlab chiqadi

23:21 / 07.07.2025
Tramp 1 avgustdan Janubiy Koreya va Yaponiya tovarlariga 25 foizli bojlar joriy etilishini e’lon qildi

15:42 / 27.06.2025
Yaponiyada «tvitter-killer» qatl etildi

21:44 / 26.06.2025