O‘zbekiston | 11:47 / 15.01.2022
743
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda 2021 yilda 2 134 nafar shaxs transport vositalarini mast holda boshqargan. Ular orasida ayollar ham bor

Foto: Fotolia

Qashqadaryoda 2021 yilda 2 134 nafar shaxs transport vositalarini mast holda boshqargan. Ular orasida ayollar ham bor. Bu haqda sudya O‘.Mamadaliyev ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyatida 2021 yil davomida transport vositalarini mast holda boshqarish bilan bog‘liq huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortilgan shaxslar soni 2020 yilga nisbatan 10 foizga oshgan.

2020 yilda Qashqadaryo viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan 1 933 nafar shaxs mast holda transport vositasini boshqargani uchun MJtKning 131-moddasi bilan javobgarlikka tortilgan. 2021 yilda esa 2134 nafar shaxs mast holda rulga o‘tirgani uchun jazolangan.

Ularning:

  • 1797 nafariga jarima (shundan 1693 nafariga jarima bilan birga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosi);
  • 336 nafariga ma’muriy qamoq jazosi;
  • 1 nafariga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Ma’muriy javobgarlikka tortilganlarning 14 nafarini ayollar, 2120 nafarini erkaklar tashkil qilgan.

Shu bilan birga, javobgarlikka tortilganlarning 462 nafari yoshlar (18-30 yosh), 76 nafari 60 yoshdan oshganlar, 1 nafari voyaga yetmagan shaxs bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, MJtKning 131-moddasi 1-qismiga ma’lum vaqtga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari jarima qo‘llanishi belgilangan.

Mavzuga oid