O‘zbekiston | 17:37 / 26.12.2021
20935
7 daqiqa o‘qiladi

«Bardakni davom ettiradigan konsepsiya» – blogerlarning hafta mavzulari

Yakunlangan haftada o‘zbek blogosferasida yana qator mavzular muhokama markazida bo‘ldi.

Foto: Kun.uz

Piyodalarga o‘rin yo‘q konsepsiya haqida

Toshkent shahar transporti va yo‘l-transport infratuzilmasini 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi e’lon qilindi. Konsepsiya tanqidlarga sabab bo‘ldi. Xususan, Davletov.uz kanali unda piyodalarga o‘rin yo‘qligiga e’tibor qaratdi.

«Konsepsiya shunaqa yozilganki, Toshkent yo‘l-transport tuzilmasida piyodaga go‘yoki o‘rin yo‘q. Hujjat loyihasida piyoda haqida qariyb (2-3ta mavhum tadbirni aytmasa) so‘z bormagan. Bu hujjatni yozganlar piyoda yurishmasa kerak. Jamoat transporti bo‘yicha taklif qilinayotgan chora-tadbirlar ham bir martalik choralarga o‘xshaydi, bu choralar hozirgi bardakni yana davom ettirsa ettiradiki, tubdan o‘zgartirmaydi», dedi kanal muallifi.

Bloger Otabek Bakirov esa «jamoat transportini rivojlantirishda qimmat usullardan foydalanilayotgani»ga urg‘u berdi.

«Keyingi yillarda poytaxtda jamoat transporti bilan bog‘liq ahvol faqat og‘irlashib borayayotgani, jamoat transporti harakatini yo‘lga qo‘yishda nisbiy afzalligi yuqori bo‘lmagan va eng qimmat usullardan foydalanilayotgani ko‘p tanqid qilindi. Xususan, ekspertlar va faollar Toshkentda tramvay harakatini tiklash to‘g‘risida ko‘plab mulohazalarni bayon etdilar.

Lekin taklif etilayotgan loyihada bu inobatga olinmagan.

Ayni paytda taksi xizmati ko‘rsatiladigan harakat tarkibi to‘liq elektromobillarga o‘tkazishni ko‘zda tutishmoqda (kimdir elektromobillar bahonasida taksi xizmatini o‘zi egallamoqchiga o‘xshaydi).

Qariyb 27 mlrd so‘mga bekatlarning dizaynini yangilashmoqchi (Axir Toshkent chinovniklari uchun bundan muhimroq ish bormi?) 180 mlrd so‘mga «Aqlli bekat» (SmartBUS STOP) tizimini tashkil etishmoqchi.

Konsepsiya ijrosi bo‘yicha komissiyaga janob Ramatov rahbarlik qiladi.

Loyiha bilan tanishing, fikr bildiring. Siz uchun boshqasi kelib bu ishni qilib bermaydi», deb yozdi u.

«Mayda korrupsiyaga yangi fortochkalar» ruknidan

Yakunlangan haftada Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning «bir kilo vazn tashlagan odamga 500 ming so‘mdan berish» haqidagi gaplari muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Hajviy memlari bilan mashhur «Rais buva» kanali «Tez orada Farg‘ona poliklinikalarida» sarlavhasi ostida karikatura e’lon qildi.

Jamoat bog‘i jamoatniki!

«Zametki ekonomista» kanali muallifi Botir Qobilov investorlarga jamoat bog‘larining berilishiga e’tibor qaratdi.

«Quyidagi jumlani ko‘p eshitdim: «Jamoat bog‘i investorga investorlik majburiyatlari asosida berildi».

Mana shu gapning har bir so‘zida xato bor ekan:

– jamoat bog‘i jamoatniki va har doim jamoatda qolishi kerak, shaxsiy qo‘llarda emas. Jamoat bog‘iga tajovuz mustaqillik va insonlarning erkinligiga tajovuz kabi narsa;

– investorga hech narsa «berilishi», hadya qilinishi kerak emas. Umuman olganda, har qanday aktivlar uni eng qadrlaydigan investorga eng asosiy vosita – narx orqali tegishi kerak

– investorlik majburiyati degan amaliyotdan umuman voz kechish kerak, ayniqsa davlat aktivlarini nol-bir so‘m qiymatda sotilishini (o‘qilsin: hadya qilinishini)», deb yozdi u.

Yangi qo‘mita, yangi agentlik, yangi vazirlik...

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev iqtisodiyotda davlat ulushi kamaytirilishiga urg‘u berilsa-da, yangidan yangi vazirlik, agentliklar ochilishi davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini oshirayotganiga e’tibor qaratdi.

«Oxirgi yillarda davlatning iqtisodiyotga aralashuvi yana faollashib qoldi. Bu tendensiyani davlat sektorida band bo‘lganlarning ulushi oshib borayotganida ham ko‘rish mumkin. Nodavlat sektorning umumiy ish bilan band aholiga nisbatan ulushi esa, tabiiyki, kamayib bormoqda (nodavlat sektori bu to‘liq xususiy sektorni anglatmaydi, bu yerda ham davlatning ulushi qisman bor, lekin tasnif bo‘yicha aynan shunaqa olingan).

Joriy yilning uchinchi choragidagi ma’lumotlarga ko‘ra, davlat sektorida band bo‘lganlar umumiy band aholining 19,2 foizini tashkil etgan ekan. 2020 yilning uchinchi choragi bilan taqqoslaganda bu ko‘rsatkich 0,4 foizga pasaygan. Lekin birinchi chorak yoki 2020 yil to‘rtinchi choragida (qisman doimiy mavsumiylik mavjud) davlat sektorida band bo‘lganlarning umumiy ish bilan band aholidagi ulushi mos ravishda 18,6 foiz hamda 18,7 foizni tashkil etgan. Hamda davlat sektorining ish bilan ta’minlashdagi ulushi hozirgi ko‘rsatkichdan mos ravishda 0,6 foiz hamda 0,5 foizga pastroq bo‘lgan.

Agar uzoqroq davrni taqqoslasak, 2017 yilning III choragida davlat sektorida band bo‘lganlarning umumiy ish bilan band aholidagi ulushi 17,8 foiz ko‘rsatkichni tashkil etgan. Ya’ni davlatning aholini ish bilan ta’minlashdagi roli 4 yil oldin hozirgi kundagidan 1,4 foizga pastroq bo‘lgan. 2017 yildan keyin davlatning ish bilan ta’minlashdagi roli doimiy ravishda oshib borgan, 2020 yildagi pandemiya esa bu jarayon odatdagidan ancha tezlashishiga xizmat qilgan.

Bir yil oldingi ko‘rsatkichlar bilan taqqoslaganda, davlatning ish bilan ta’minlashdagi roli biroz pasaygan bo‘lsa-da, uzoqroq muddatli davrni olib qaraganda bu rol oshib borayotganini ko‘rish mumkin (masalan, 2017 yil bilan taqqoslaganda)», - deydi muallif.

U davlat sektorining rolini kamaytirish haqida juda ko‘p gapirilishi, lekin 4 yil oldingi ko‘rsatkichlar bilan taqqoslansa, davlatning ish bilan ta’minlashdagi ulushi sezilarli darajaga oshib ulgurganini ta’kidlagan.

«Balki, har kuni yangi qo‘mita, yangi agentlik, yangi vazirlik ochishni to‘xtatish haqida o‘ylab ko‘rish kerakdir. Ana shunda davlatning aralashuvini kamaytirish bo‘yicha aytilayotgan gaplar oz bo‘lsa-da amalda o‘z ifodasini topgan bo‘larmidi», deb qo‘shimcha qilgan u.

Mavzuga oid