Antarktidadan uch ming kilometr uzoqlikda noyob pingvin turi topildi
Bu turga mansub pingvinlar faqat Antarktida qirg‘oqlari va materik yaqinidagi orollarda yashaydi. Uni boshqa joylarda uchratish deyarli imkonsiz.

Foto: HARRY SINGH
Yangi Zelandiya qirg‘oqbo‘yi aholisi plyajlardan birida noyob mehmon – Adeli pingvinini uchratishdi. Uni ko‘rganlarning so‘zlariga ko‘ra, pingvin uzoq vaqt harakatsiz turgan. Bu mazkur turga mansub pingvin vakili Yangi Zelandiyada uchrashi bilan bog‘liq uchinchi holat. Dastlabki bu kabi ikki hodisa 1962 va 1993 yillarda kuzatilgan.
Pingvinning mazkur turi koloniyalari ilk marta fransuz tadqiqotchisi Jyul Dyumon-Dyurvil tomonidan 1840 yilda kashf etilgan. Dyurvil ularni o‘z rafiiqasining ismi – Adeli, jonivorlarni uchratgan yerni esa Adeli Yeri deb atagan.
Yangi Zelandiya plyajida pingvinni birinchi bo‘lib shu yerda yashovchi Garri Singh uchratdi. Dastlab u pingvinni qirg‘oqda unutib qoldirilgan katta yumshoq o‘yinchoq deb o‘yladi. «U bir soat davomida qimirlamadi va holdan toyigan edi», deydi Singh.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qutqaruvchilar maxsus guruhi kelguniga qadar pingvin yana suvga tushishidan ko‘proq qo‘rqqan. Chunki bu holatida pingvin osonlikcha Yangi Zelandiya qirg‘oqlarida yashaydigan dengiz yirtqichlarining o‘ljasiga aylanardi.
Yangi zelandiyaliklar Pingu deb nomlashga ulgurgan pingvinni davolash bilan o‘n yil davomida pingvinlarni qutqarib kelayotgan mutaxassis, biolog Tomas Strekl shug‘ullanyapti. Unga veterinarlar jamoasi yordam beradi. Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, uzoq vaqt faoliyati davomida turli pingvinlarni uchratgan, biroq bu o‘lkalarda mazkur turni hech qachon ko‘rmagan. Pingu tahlillari shuni ko‘rsatdiki, jonivor charchagan va suvsizlangan. Bir necha kundirki, pingvin maxsus trubka orqali oziqlantirilyapti.
To‘liq tuzalgach, u suvga qo‘yib yuboriladi. Antarktidaga qaytib ketish-ketmasligini esa olimlar bilishmaydi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Adeli pingvinlarini uchratish holatlari ko‘payishi ushbu jonivorlar yashaydigan muhit o‘zgarganini bildiruvchi xavotirli belgi bo‘ladi.
Joriy yilning fevralida Antarktidaning shimoliy uchida Tselsiy bo‘yicha +20,75 daraja qayd etilgan. Bu tarixdagi eng yuqori harorat. Jahon meteorologiya tashiloti ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 12 yil ichida global isish ta'siri ostida Antarktida muzliklari jadal qisqarmoqda.
Mavzuga oid

21:12 / 10.04.2025
JARda pingvin sabab vertolyot falokatga uchradi

21:05 / 02.04.2025
Yangi Zelandiyada politsiya xatosi sabab 11 yoshli qiz ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirildi

20:10 / 23.03.2025
Olimlar Antarktidadan ajralib chiqqan aysberg ostida faol ekotizim mavjudligini aniqladi

10:12 / 18.03.2025