O‘zbekiston | 16:59 / 10.11.2021
9889
4 daqiqa o‘qiladi

Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi majlisiga mustaqil OAV chaqirilmadi

O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha eng oliy organning kengaytirilgan yig‘ilishi mustaqil nashrlar vakillarisiz o‘tdi. Senat matbuot xizmati buni yig‘ilish bo‘lgan joyning sig‘imi kamligi bilan izohladi; Kun.uz'ning majlisda eshittirilgan hisobotlarni taqdim etish so‘rovini esa rad etdi.

Milliy kengash raisi Tanzila Norboyeva kengashning 9 noyabr kungi kengaytirilgan yig‘ilishida.
Foto: Senat axborot xizmati

Kecha, 9 noyabr kuni Tanzila Norboyeva raisligida o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi majlisiga mustaqil ommaviy axborot vositalari taklif qilinmadi.

Senat matbuot xizmati rasmiy xabarida tadbirni OAV vakillari ham kuzatgani aytiladi. Biroq bir nechta manbalarning Kun.uz'ga tasdiqlashicha, majlisda to‘liq davlat tasarrufidagi “O‘zbekiston 24” telekanali vakillari qatnashgan xolos.

Milliy kengashda oliy ta'lim va qurilish vazirlarining sohada korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha hisobotlari eshitilgan. Bu hisobotlar ham jamoatchilik uchun e'lon qilinmagan.

“Majlisda oliy va o‘rta maxsus ta'lim hamda qurilish vazirlarining hisobotlari eshitilib, oliy ta'lim va kapital qurilish sohalarini “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish bo‘yicha 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish vazifasi topshirildi”, – deyilgan rasmiy relizda.

Milliy kengashning 9 noyabr kungi yig‘ilishi
Foto: Senat axborot xizmati

Kun.uz muxbirining savoliga javoban, Senat matbuot xizmati rahbari Mo‘min Ibodov Senatning hozirgi zalida ko‘proq jurnalist chaqirish imkoniyati yo‘qligi, tashkilot yangi binoga ko‘chib o‘tganda sharoitlar ancha yaxshilanishini ma'lum qildi.

U, shuningdek, vazirlarning hisobotlari OAVga berilmasligini bildirdi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov Milliy kengashning 9 noyabr kungi yig‘ilishida hisob bermoqda.
Foto: Senat axborot xizmati

Korrupsiya mavzusidagi majlis mustaqil OAVga yopiq eshiklar ortida o‘tishi birinchi marta emas.

2019 yil dekabr oyida o‘sha vaqtdagi Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining yig‘ilishi komissiyaning ishchi organi – Bosh prokuraturada bo‘lib o‘tgan edi. Unda sog‘likni saqlash tizimidagi ko‘plab korrupsiyaviy jinoyatlar, dori-darmon “biznesi”, psixotrop moddalar noqonuniy savdosi va tizimdagi moliyaviy jinoyatlarga doir faktlar e'lon qilingan edi.

Lekin, oradan bir oy o‘tib, komissiyaning oliy ta'lim sohasiga bag‘ishlangan yig‘ilishiga OAV chaqirilmagan edi.

Mustaqil jurnalistlarni kengaytirilgan majlisiga chaqirmagan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi ham aslida 2020 yilda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi o‘rniga tashkil etilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining raisi – Senat raisi Tanzila Norboyeva, uning o‘rinbosari – Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov. Bundan tashqari, Milliy kengash tarkibidan deyarli barcha vazirlar va davlat tashkilotlarining rahbarlari o‘rin olgan.

Milliy kengashni tuzish bo‘yicha chiqarilgan prezident farmoni asosida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham tashkil etilgan. Agentlik Milliy kengashning ishchi organi etib belgilanib, unga kengash tomonidan qabul qilingan qarorlarning ijrosini tashkil etish vazifasi yuklangan.

Keyinroq, Toshkent shahar va barcha viloyat hokimlari Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlarining raislari deb belgilandi. Bu holat jamoatchilikda turli savollarni keltirib chiqardi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov esa milliy kengashi raisi avvalgidek bosh prokuror emas, Senat raisi ekanidan kelib chiqilsa, uning mahalliy bo‘g‘inlariga mahalliy deputatlik kengashi raisi, ya'ni hokimlar rahbarlik qilishi mantiqan to‘g‘ri ekanini aytdi hamda jurnalist va blogerlarni hokimlarga nisbatan xolis yondashishga chaqirdi.

Mavzuga oid