O‘zbekiston | 15:24 / 02.11.2021
1306
3 daqiqa o‘qiladi

Asakada farzandi uchun aliment to‘lamay yurgan 2 nafar ota jinoiy javobgarlikka tortildi

Foto: KUN.UZ

Ular farzandlari moddiy ta'minoti uchun ajratilgan alimentlarni o‘z vaqtida to‘lashdan bosh tortishgan. Bu haqda MIB Andijon viloyati boshqarmasi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Asaka tumanlararo sudining buyrug‘iga asosan M.A.dan undiruvchi Ya.Z. foydasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta'minoti uchun har oy topgan ish haqi va boshqa daromadining 1/4 qismi miqdorida aliment undirilishi belgilangan.

Biroq, aliment pullarini to‘lashdan bo‘yin tovlagani sababli, Majburiy ijro byurosi Asaka tuman bo‘limi xodimlari tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga kiritilgan taqdimnomaga binoan qarzdor M.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-4-moddasiga asosan 15 kunlik ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Bundan xulosa chiqarmagan M.A. belgilangan jazosini o‘tab bo‘lgandan so‘ng ham alimentdan bo‘lgan qarzdorligini to‘lamay yurgan. Holat yuzasidan M.A.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, mazkur jinoyat ishini Asaka tuman sudi ko‘rib chiqib, Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan  11 oy 9 kun axloq tuzatish ishlari jazosini tayinladi.

Shuningdek, fuqarolik ishlari bo‘yicha Asaka tumanlararo sudining buyrug‘iga asosan qarzdor T.Sh.dan undiruvchi T.Z. foydasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta'minoti uchun aliment undirilishi belgilangan bo‘lib, qarzdorning o‘z farzandlarini moddiy ta'minlashdan bo‘yin tovlab kelgani natijasida T.Sh.ning alimentdan bo‘lgan jami qarzi 7 322 403 so‘mni hosil qilgan.

Ushbu holat yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Asaka tuman sudi tomonidan jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, T.Sh.ga nisbatan 10 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid