Klopp Salohni futbolchilarning eng zo‘ri deb atadi, «MYu»da og‘ir damlar, Rimda mojaroli gol va chetlatish. Yevropa futboli voqealari
Yevropa futbolida shanba kuni ro‘y bergan asosiy voqealar.
Angliya: Mendi «Chelsi»ning yetakchiligini saqlab qoldi, «Liverpul»da rekordlar
«Uotford» — «Liverpul» — 0:5 (Mane, 9. Roberto Firmino, 37, 52, 90+1. Saloh, 55).

APLga Klaudio Raneri qaytgani munosabati bilan shanba kungi o‘yin arafasida jurnalistlar «Lester» futbolchilariga «Stok Siti»dan gol o‘tkazmaslik evaziga pitssaxo‘rlik va'da qilganini eslatishdi. Italiyalik mutaxassis bunga javoban kuldi va «Liverpul»ga qarshi o‘yinda darvoza daxlsizligini saqlab qolganlik uchun pitssa va'da qilish — juda kamtarlik bo‘lishi, bu safar u «Uotford» futbolchilariga kechki ovqat uchun to‘lashga tayyorligini aytib o‘tdi.
Lekin o‘yinning ilk daqiqasidayoq Saloh kichik ofsayddan bo‘lsa-da, darvoza ustunini titratganida barchasi tushunarli edi: Raneri xarajat qilishiga to‘g‘ri kelmaydi. O‘yin taqdiri vaqt masalasi edi, Saloh Maneni kesik pas bilan ta'minlab, senegallik futbolchi APLdagi 100-golini urish imkoniyatidan foydalanganida shu vaqt keldi. Forvard bu natijaga erishgan uchinchi futbolchi - bungacha Dide Drogba va unga golli uzatma amalga oshirgan misrlik jamoadoshi 100lik dovonni zabt etgan afrikalik futbolchilar bo‘lgandi. Lekin Manening unikalligi shundaki, u birorta golini penaltidan urmagan, bunday ko‘rsatkich bilan faqat Les Ferdinand va Emil Heski maqtana olishi mumkin.
Umuman olganda, o‘yin faqat bir darvoza atrofida kechdi va ikkinchi bo‘limda «Liverpul» haqiqiy shou uyushtirib, rekordlar paradi o‘tkazdi. Birinchidan, «qizillar» barcha turnirlar doirasida qatorasiga yetti safar o‘yinida kamida uchta gol urgan ilk ingliz klubiga aylandi. Ikkinchidan, Salohning himoyachilardan birini gazonga o‘tirg‘izib urgan chiroyli goli nafaqat forvardning golli seriyasini sakkiz o‘yinga yetkazdi, balki ligada eng ko‘p gol urgan afrikaliklar ro‘yxatida Drogba bilan tenglashib oldi (104tadan gol). Nihoyat, Roberto Firminoning het-trigi boshlangan hujumda uni to‘p bilan ta'minlagan Milner 18 mavsum davomida kamida bitta assist amalga oshirgan ilk futbolchiga aylandi.
«Salohmi? Bugun uning chiqishi a'lo darajada bo‘ldi. U — eng yaxshi futbolchi. Biz hammamiz bunga guvoh bo‘lmoqdamiz. Undan yaxshiroq kim bor? Messi va Ronaldu futbol olami uchun nimalar qilishgani, hukmron bo‘lishganini aytishga hojat yo‘q. Ammo hozir eng yaxshisi – Saloh», deya o‘z hayratlarini yashira olmadi o‘yindan keyin Yurgen Klopp.
«Lester» — «Manchester Yunayted» — 4:2 (Tilemans, 31. Chag‘lar Suyunchi, 78. Vardi, 83. Daka, 90+1 — Grinvud, 19. Reshford, 82).

Terma jamoa o‘yinlaridan jabr ko‘rmagan «Lester» ko‘tarilishda davom etmoqda. Jamoaning APLdagi oxirgi g‘alabasi 28 avgust kuni ilojsiz «Norvich» ustidan qozonilgandi. Keyingi yutuqlar Liga kubogida «Milluol»dan qozonilgan g‘alaba bilan cheklandi. Bunday holatda «Lester» «Manchester Yunayted»ning safar o‘yinlaridagi 29 g‘alabadan iborat seriyasini to‘xtatishini tasavvur qilish qiyin edi.
Qolaversa, Brendan Rodjyersning halovati buzilishi uchun sabab paydo bo‘ldi, chunki so‘nggi kunlarda aynan uni kutilmaganda boyib qolgan «Nyukasl» bosh murabbiyligi uchun asosiy da'vogar sifatida ko‘rishmoqda. OAVda hatto «qarg‘alar» uning shartnomasi bir tomonlama bekor qilinishi uchun to‘lashga tayyor bo‘lgan tovon puli miqdori haqida ham aytildi. Ammo Rodjyers bu xabarlarga o‘zi nuqta qo‘yishga qaror qildi.
«Mening shartnomam 2025 yilgacha tuzilgan, men klubda baxtiyorman. Men ajoyib rahbariyat va ajoyib futbolchilar bilan ishlayman. Bizda raqobatbardosh jamoa bo‘lish uchun barcha narsa yetarli. Men yangiliklarni o‘qidim, lekin bu mish-mishlar hech kimga foyda keltirmaydi, shu jumladan «Nyukasl» va Stiv Bryusga. Bu menga zamonaviy futboldagi eng yoqimsiz hafta bo‘ldi. Biz tinimsiz mehnat qilmoqdamiz, ammo mish-mishlar jamoadagi vaziyatni beqarorlashtirishi va muxlislarni ranjitishi mumkin», — dedi mutaxassis.
Rodjyersning xavotirlanishiga hojat yo‘qligi, uning ixtiyorida «Lester» yuqori sifatli futbol namoyish etishi uchun barcha narsa borligi ma'lum bo‘ldi. Faqat ayrim nuqtalardagi ijrochilar yo‘qligi sezildi, ammo jamoa o‘yini barqarorlashgan va «tulkilar» qatorasiga uchinchi marta «MYu»ni mag‘lub etdi. Qolaversa, ular «iblislar»ga tanaffusdan keyin uch gol urishdi, holbuki bungacha manchesterliklar safardagi so‘nggi 15 o‘yinda aynan ikkinchi bo‘limlarda darvozalari daxlsizligini saqlab qolishgandi.
«Lester» o‘yinidagi muhim jihatlardan biri — uzoq vaqt davolanishdan keyin Evans nihoyat boshlang‘ich tarkibda maydonga chiqdi va jamoa himoyasi yanada ishonchli ko‘rina boshladi. Ha, xatolar ham bo‘ldi, hisob 2:2 ko‘rinishiga kelganida, aynan ushbu markaziy himoyachi Lindelyofning uzun pasiga ochilgan Reshfordni qo‘yib yuborgandi. Uch oylik jarohatdan keyin maydonga qaytgan forvard uni ko‘rmagandek oldinga o‘tib ketdi.
Ammo umuman olganda «tulkilar» himoyasi raqibnikidan yaxshiroq harakat qildi. Ular jarohatdan tuzalib endi safga qaytgan Maguayr kabi jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yishmadi. «Lester»ning sobiq himoyachisi qanotda to‘pni o‘ziga bo‘ysundira olmadi va uni Ixeanachoga topshirdi, ushbu hujumni to‘pga bir teginish bilan Tilemans yakunladi - to‘p De Xea ustidan oshirib tashlandi. Bu epizod uchun belgiyalik futbolchi maqtovlarga loyiq, ispan darvozabonni esa ayblab bo‘lmaydi.
Shu kuni De Xea imkon qadar jamoasini qutqardi. Hisob 1:1 ekanida u Tilemansning yana bir qiyin zarbasini bartaraf etdi, ammo terma jamoada jarohat olgan Varanning yo‘qligi «qizil iblislar»ga qimmatga tushdi. Avvaliga mankunianliklar darvoza oldidagi tartibsizlik chog‘ida Chag‘lar Suyunchi gol urib ketishiga imkon berishdi. Keyin shunchaki diqqatni yo‘qotishdi va Reshfordning hisobni tenglashtiruvchi golidan 54 soniya o‘tib gol o‘tkazib yuborishdi.
«Lester» uddalab bo‘lmaydigandek ko‘ringan ishlarni amalga oshirdi — jamoa g‘alaba uchun fantastik iroda namoyish etdi. Hal qiluvchi hujumda qaytarib bo‘lmas zarba bergan Vardi uchun bu gol APLdagi 125-gol bo‘ldi. O‘yinning qolgan vaqtida mezbonlar kichik ustunlikni saqlab qolish uchun emas, «MYu»ni butunlay taslim etish uchun o‘ynashdi. Qo‘shib berilgan daqiqalarda Daka o‘yinga so‘nggi nuqtani qo‘ydi. «Zalsburg» tarbiyalanuvchisi bo‘lgan bu futbolchi zambiyaliklarning premer-ligadagi ilk goliga mualliflik qildi.
Mag‘lubiyatdan keyin «MYu» kuchli to‘rtlikni tark etib, beshinchi o‘ringa tushib qoldi. Ole Gunnar Sulsher shunday tarkib bilan so‘nggi uch turda o‘rtamiyonalarga qarshi o‘yinlarda faqat 1 ochko oldi, xolos. Oldinda jamoani «Liverpul» va «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinlarni o‘z ichiga olgan murakkab taqvim kutmoqda.
«Manchester Siti» — «Byornli» — 2:0 (Bernardu Silva, 12. De Bryuyne, 70).
«Brentford» — «Chelsi» — 0:1 (Chiluell, 45).
«MYu» Lesterda mag‘lub bo‘layotgan mahalda, Manchesterning boshqa jamoasi quyi pog‘onalardagi raqibni osonlik bilan mag‘lub etdi. «Byornli» hozirgi holatida kuchli jamoalar uchun xavf sola olmaydi, ayniqsa «Siti» uchun hech qanday jiddiy qarshilik ko‘rsatolmaydi. «Shaharliklar» «Byornli»ni qatorasiga to‘qqizinchi o‘yinda yengishdi, to‘plar nisbatidagi vaziyat (32-1) ushbu jamoalar o‘rtasidagi farqni yaqqol ko‘rsatib turibdi. Lekin bu g‘alabadan keyin ham Gvardiola jamoasi turnir jadvalida uchinchi o‘rinda bormoqda, «Chelsi» esa og‘ir o‘tgan o‘yinda birinchi o‘rinni saqlab qoldi.
APL debyutanti kutilganidanda zo‘rroq start oldi va turnir jadvalining yuqori qismida yuribdi, ammo shu bilan birga «Brentford»ga ba'zi o‘yinlarda omad yetishmayapti. Joriy mavsumda raqib darvozalari va ustunlari «Asalarilar»ni yetti goldan mahrum qildi, shundan olti holatda Mbeumo diqqat markazida bo‘ldi! Shanba kungi o‘yinda ham uning ikki zarbasi ustundan qaytdi — hisob 0:0 va 0:1 bo‘lgan vaziyatlarda. Ya'ni mezbonlar bu o‘yinda g‘alaba qozonishi ham mumkin edi.
Lekin «Chelsi» chempionshipdan chiqqan jamoaga samarali harakatlanish qanday bo‘lishi bo‘yicha dars o‘tdi, ularning birinchi bo‘limda bergan yagona zarbasi golga aylandi - Lukaku to‘p uchun kurash vaqtida himoyachini xato qilishga majbur qildi va o‘ziga yetib kelgan to‘pni Chiluell «to‘qqizlik»ka joylashtirdi. Ushbu himoyachi asosiy tarkib uchun munosibligini isbotlashda davom etmoqda - u klub va terma jamoa safidagi so‘nggi uch o‘yinida gol urdi. Bu o‘yinda Lukaku bir necha metr masofadan turib to‘pni tushunarsiz tarzda tribuna sari yo‘lladi, natijada jamoa uchun kichik hisobdagi g‘alabani Mendining seyvlari va Kristian Nergor parashyut uslubida zarba yo‘llaganida Chaloba to‘pni darvoza chizig‘ida to‘xtatib qolishi saqlab qoldi.
O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalar o‘tayotgan vaqtda Nergorning chalqancha uslubda bergan zarbasidan keyin to‘p darvoza to‘sini ostiga kirib ketayotganida Mendi uni yuqoriga ko‘tarib yuborishga ulgurdi va bu Tomas Tuxel jamoasi birinchi o‘rinda qolishini ta'minladi. Qolaversa, bu g‘alabadan keyin «Chelsi» derbilarda qatorasiga yetti safar o‘yinida g‘alaba qozongan ilk London jamoasi sifatida tarixga kirdi.
Italiya: «Milan» kambek tufayli birinchi o‘ringa chiqdi, «Inter» ilk bor mag‘lub bo‘ldi
«Latsio» — «Inter» — 3:1 (Immobile, 64, penalti. Felipe Anderson, 81. Milinkovich-Savich, 90+1 — Perishich, 12, penalti).
Simone Indzagi Rimga yangi jamoasi bilan qaytdi, o‘yinda tomonlar bir martadan penaltidan gol urishgach, o‘yinning so‘nggi qismi qizg‘in va mojaroli tus oldi. Xandanovich Immobilening zarbasini qaytargach, Felipe Anderson uni qayta darvozaga yo‘naltirib yuborib, qatorasiga ikkinchi o‘yinda g‘alaba golini urgach, mehmonlar raqibga tashlanishdi. Bunga hujum vaqtida milanliklar futbolchisi Dimarko jarohat olib gazonga yotganini ko‘rib ham «Latsio» futbolchilari to‘xtamagani sabab bo‘ldi.
Faqat ularning e'tirozi mohiyatan — tushunarsiz. Birinchidan, o‘yinni to‘xtatish haqida faqat arbitr qaror qilishi mumkin. Ikkinchidan, Dimarko «neradzurri» hujumi vaqtida maydonga yiqilgan va mehmonlarning o‘zi hujum qilishda davom etgan, lekin to‘p yo‘qotilib, qarshi hujum boshlangandi. VAR gol haqqoniy urilganini tasdiqlash bilan band bo‘lgan vaqtda bosh hakam Massimiliano Irrati to‘rt futbolchiga sariq kartochka ko‘rsatishga ulgurdi.
Ammo bu ham, Milinkovich-Savichning sevimli raqibga urgan beshinchi goli ham ehtiroslarni so‘ndira olmadi. Final hushtagi yangraganidan keyin munosabatlarni oydinlashtirib olish bo‘yicha bahslar davom etdi va bu jarayon «Latsio» himoyachisi Luiz Filipega qizil ko‘rsatilishi bilan yakun topdi. U xursandchilik vaqtida sobiq jamoadoshi — yozda Indzagi «Inter»ga olib o‘tgan Korreaning yelkasiga minib oldi. Korrea uni o‘zidan yiroq qilishga urindi, arbitr esa braziliyalik futbolchining harakatini provokatsiya deb hisobladi. Mauritsio Sarri bu chetlatishni aqlga sig‘mas qaror deb atadi, ammo u chempionatdagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilishga majbur bo‘lgan Indzagidan ko‘ra xafaroq deb bo‘lmaydi. «Latsio» «Inter» bilan o‘zaro qarama-qarshilikda o‘zib ketdi, bungacha ikki jamoa o‘rtasidagi so‘nggi 24 uchrashuvda har ikki jamoa 10tadan o‘yinda g‘alaba qozongan, 4 o‘yin durang natija bilan yakunlangandi. Mavsumni yaxshi boshlay olmagan «Latsio» endi ochkolari sonini 14taga yetkazib, beshinchi o‘ringa ko‘tarildi.
«Milan» — «Verona» — 3:2 (Jiru, 59. Kesse, 76, penalti. Gyunter, 78, avtogol — Kaprari, 7. Barak, 24, penalti)
Stefano Piolida tarkib bilan bog‘liq ulkan muammolar yuzaga kelganiga qaramay, qizil-qoralar kamida «Napoli»ning yakshanba kungi o‘yiniga qadar turnir jadvalini boshqarib turishadi. Asosiy darvozabon Menyan jarrohlik stoliga yotqizilgach, milanliklar shoshilinch ravishda Teterushanuga o‘rinbosar sifatida faxriy darvozabon Mirante bilan shartnoma imzolashga majbur bo‘lishdi, Braim Dias va Teo Ernandesda koronavirus aniqlangan, Rebich birinchi bo‘limda jarohat olib almashtirildi.
Bu mavsumni juda qiziqqonlik bilan o‘tkazayotgan «Verona» (bu jamoa ishtirokidagi o‘yinlarda 34 gol urilgan - 17-17, bu borada «Inter»da ham shunday ko‘rsatkich - 23-11) birinchi bo‘limda ko‘rsatgan o‘yin fonida «Milan» juda ojiz ko‘rindi va ikki gol o‘tkazib yubordi. Faqat ikkinchi bo‘limga kelib «rossonerilar» o‘z nomlarini eslab qolishdi va raqibni jarima maydoniga qamay boshladi. Yakunda Jiru o‘z uslubida bosh bilan hisobni qisqartirdi, Kastilexo ishlagan penaltini Kesse aniq ijro etdi.
Jarohatdan tuzalgan Ibrahimovich o‘yinga qo‘shilgach u raqibni qaltiratishi uchun to‘pga tegishi ham shart bo‘lmadi. Shvetsiyalik hujumchi tomon uzatilgan to‘pni to‘smoqchi bo‘lgan Gyunter o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. Lekin gap faqat omadda emas, hozirgi «Milan» o‘yinlarda xarakter ko‘rsatmoqda. Jamoada g‘oliblik ruhi paydo bo‘lgan va jamoa endi startdagi sakkiz turdan keyin g‘alaba uchun uch ochkolik tizimga o‘tilgan 1994/95 yilgi mavsumdan buyon eng yaxshi natijasini ko‘rsatmoqda - 22 ochko va birinchi o‘rin. Ikkinchi o‘rinda bu tur o‘yinini hali o‘tkazmagan «Napoli» (21 ochko), bu turda mag‘lubiyatga uchragan «Inter» uchinchi o‘rinda (17), to‘rtinchi o‘rinda bugun «Yuventus»ga qarshi maydonga tushadigan «Roma» (15) bormoqda.
Germaniya: gol mashinasining qaytishi
«Borussiya» D — «Mayns» — 3:1 (Roys, 3. Holand, 54, 90+4 — Burkardt, 88).
«Frayburg» — «Leypsig» — 1:1 (Chon U Yen, 63 — Forsberg, 32, penalti).
Shu kunlarda Holand ijrosidagi rolik ijtimoiy tarmoqlarda virus kabi tarqalgandi, unda u uchta to‘pni ustma-ust joylashtirib, ularning barchasini darvozaning yuqori burchagidagi nishonga tekkizadi. Shanba kuni nihoyat jarohatidan sog‘ayib qaytgan norvegiyalik hujumchi osonlik bilan gollar urishda davom etmoqda. O‘yinda hisobni «to‘qqizlik»ka kuchli va aniq zarba bergan Roys ochgandi, ikkinchi bo‘limda Holand penaltini aniq ijro etib, ustunlikni mustahkamladi, o‘yin oxirida Bellingem uni darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqardi.
Holand fenomenal sermahsullik ko‘rsatmoqda — Bundesliganing 49 o‘yinida 49 gol va barcha turnirlar doirasidagi 68 uchrashuvda 70 aniq zarba! Norvegiyalik futbolchi tufayli Marko Roze «Borussiya»ning turnir startidagi beshta uy uchrashuvida g‘alaba qozongan ilk murabbiyiga aylandi, Dortmund klubi birinchi o‘ringa chiqib oldi.
Yakshanba kungi o‘yinda «Bayyer» va «Bavariya» o‘rtasidagi o‘zaro uchrashuvda durang hisob qayd etilsa, «Asalarilar» yetakchilikni saqlab qolishadi.
Shanba kungi voqealar qatorida «Frayburg» va «Leypsig» uchrashuvini ham qayd etish mumkin. «Ho‘kizlar» jamoasi yevrokuboklar hududiga kirib olish imkoniyatini boy berishdi, «Frayburg» esa bu o‘yinda g‘alaba qozonganida sensatsion ravishda hozirgi to‘rtinchi o‘rnidan ikkinchi o‘ringa chiqib olgan bo‘lardi.
Fransiya: «Monako» asosiy raqibga yutqazdi
«Lion» — «Monako» — 2:0 (Toko-Ekambi, 75, penaltidan. Denayyer, 90)
Shu kunlarda 50 yoshini nishonlagan Niko Kovachda tarkib bilan bog‘liq muammolar bor edi. Golovin faqat dushanba kuni umumiy guruh bilan mashg‘ulotlarga qo‘shilgan, Sidibe jarohatini davolashda davom etmoqda, Tshuameni va Diop diskvalifikatsiyaga uchragan. Natijada murabbiy uch markaziy himoyachi bilan o‘ynash sxemasiga o‘tdi. Umuman olganda, bu ish berdi va uchrashuv teng kurashlar ostida kechdi. Ikki jamoa ham o‘yinning katta qismini yaqqol vaziyatlarga ega bo‘lmagan holda o‘tkazdi.
Tanaffusga qadar «Lion»ning o‘yini qiziqarliroq kechdi. Ikkinchi bo‘limda «Monako» ham faollashdi, lekin Peter Bos ixtiyoridagi zaxira kuchliroq ekani barchasini hal qildi. Niderlandiyalik mutaxassis bir kun oldin Braziliya termasi safida o‘yin o‘tkazgan Lukas Paketani maydonga tushirdi va ushbu hujumchi boshlab bergan hujum vaqtida Disasi tushunarsiz holatda podkat berib, mezbonlar sardori Dyubuaning oyog‘ini uzib yuboray dedi. Penalti burilish nuqtasi bo‘ldi, «Lion» monegaskliklarni turnir jadvalida quvib o‘tdi, knyazlik jamoasi yevrokuboklar zonasida mustahkam o‘rnashib olish imkonini boy berdi.
Kun statistikasi
«Real Sosedad» qatorasiga beshinchi o‘yinda gol o‘tkazmadi. Bu la liganing yangi yetakchisining 1984 yildan buyon eng yaxshi natijasi.
«Liverpul»ning APLdagi 41 het-triki — turnirning yangi rekordi. Qizillar uzoq vaqt bu borada yetakchilik qilib kelgan «Arsenal»ni ortda qoldirdi.
Marselo Belsa «Lids» rahbarligidagi 150-o‘yinini o‘tkazdi.
«Volfsburg» uchun Bundesligada 259-o‘yinini o‘tkazgan Arnold darvozabon Benaloga tegishli bo‘lgan klub rekordini takrorladi.
Tavsiya etamiz
O‘zbekistonda keyingi hafta jazirama issiq bo‘ladi
O‘zbekiston | 15:46 / 13.06.2025
G‘arb Isroil Eronga zarba berishidan xavotirda. Bu haqda nimalar ma’lum va oqibatlar qanday bo‘lishi mumkin?
Jahon | 21:01 / 12.06.2025
Qizaloqqa qarshi armiya: Greta Tunberg G‘azoga yetib borolmadi
Jahon | 17:45 / 11.06.2025
So‘m 2 haftada 2 foizga mustahkamlandi. Qanday qilib?
Iqtisodiyot | 18:57 / 10.06.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Eronda Isroil hujumlari qurbonlari soni 224 nafarga yetdi - Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jahon | 07:12
-
Erondagi Fordo yadroviy markazi yaqinida zilzila kuzatilgan
Jahon | 07:06
-
Eron Isroil hujumlari tugamaguncha otashkesim bo‘yicha muzokaralarga tayyor emasligini ma’lum qildi
Jahon | 06:56
-
Navbatdagi hujumlar: har ikki tomonda o‘nlab qurbonlar bor
Jahon | 06:52
Mavzuga oid

11:55 / 08.06.2025
JCh saralashi: Angliyada yuz foizlik ko‘rsatkich, Albaniya va Serbiya bahsida yana mojaro

10:40 / 07.06.2025
JCh saralashi: Italiya yirik hisobda yutqazdi, Belgiyada ham muvaffaqiyatsiz start

01:49 / 01.06.2025
«PSJ» finalda «Inter»ga 5 ta gol urdi

10:44 / 26.05.2025